FRUSTRATSIYA

FRUSTRATSIYA (lotincha frustratio — addanish, rejalarning barbod bo’lishi) — muammoni hal qilish yoki maqsadga erishish yo’lidagi faoliyatni izdan chiqaruvchi ruhiy holat. U kishining maqsadga erishishi yo’lida uchraydigan, ob’yektiv ravishda engib bo’lmaydigan yoki sub’ektiv ravishda shunday tuyuladigan qiyinchiliklar tufayli paydo bo’ladi. Frustratsiyani keltirib chiqaruvchi sabablar frustrator deyiladi. Frustratsiya holati frustratorning kuchiga, jadalligiga bog’liq. Frustratsiya holatida shaxsning vaziyatni to’g’ri baholash qobiliyati muhimdir. Shu bois turmushning nokulay ta’sirlariga qarshi kurashish uchun odam fe’latvorida barqarorlikni shakllantirish lozim. Frustratsiya ham boshqa ruhiy holatlar singari kishi fe’latvoriga xos yoki yangi xislatlarning boshlanishini ko’rsatuvchi, shuningdek, o’tkinchi holat bo’lishi mumkin. Frustratsiya, asosan, salbiy hissiyotlar uyg’otadi. Frustratsiyaning turlari: tajovuzkor holat, apatiya, depressiv holat, g’amginlik tuyg’usi, o’ziga ishonmaslik, kuchsizlik, ma’yuslik va boshqalar. Frustratsiyaning tajovuzkor holati ko’pincha o’zini tuta olmaydigan, qo’pol odamga xos bo’lsa, depressiya holati o’ziga ishonmaydigan shaxsga taalluklidir. Ba’zan og’ir tabiatli kishilarda ham shu xildagi holatni vujudga keltirish mumkin, lekin bu vaziyat uzoqqa cho’zilmaydi.