NOTR-DAM MAKTABI

NOTR-DAM MAKTABI – 12-13-asrlarda Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasida faoliyat ko’rsatgan kompozitorlar, xonandalar va musiqashunoslar ijodida qaror topgan ijodiy yo’nalish. Yirik vakillari — Leonin, Perotin, Y. Garlandia, Kyolnli Franko va boshqalar. Notr-dam maktabi vakillari avvalgi bir ovozli Grigorian xorali negizida ko’p ovozli musiqa uslubini rivojlantirdi, vokal musiqaning yangi (kondukt, motet kabi) janrlarini yaratdi, bu janrlarda mukammal asarlarni ijod qilib, nota yozuvini isloh qildi (ritmik modus — qoliplar o’rniga menzurali yozuvni kashf etdi).