ABDULLAYEVA
ABDULLAYEVA Lola (1918.13.4, Toshkent) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1964). Toshkent rassomlik bilim yurtida ta’lim olgan (1934 — 38). Olmaotadagi qozoq drama teatrida, so’ng Bishkekdagi teatr rassomlik kabinetida ishladi. Abdullayeva 1948 — 79 yillarda Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat Davlat musiqali drama va komediya teatri bosh rassomi. Uning “Layli va Majnun”, “Oq Nilufar”, “Bahor”, “Tog’ qizi”, “Ma’rifat qurbonlari”, “Paranji sirlari”, “Guli siyoh”, “Navoiy”, “Xamlet”, “Muhabbat qo’shig’i” va boshqa spektakllar uchun tayyorlagan sahna bezaklari va libos eskizlari milliy buyoklarining o’ziga xosligi, shuningdek tomoshabinga asar mazmunini aniq va ravshan qilib yetkazishga yordam berishi bilan diqqatga sazovor.
ABDULLAYEVA Nasiba (1961.15.11, Samarqand) — o’zbek xonandasi. O’zbekiston xalq artisti (1993). Samarqand musiqa studiyasini (1979), Toshkent davlat madaniyat institutini (1989) tugatgan. Dastlab ijodini xalq qo’shiqlaridan boshlagan. “Xorazm lazgasi”, “Barigal”, “Tanavor”, shuningdek Sharq xalqlari qo’shiqlari bilan tanildi. Lirik mayinlik, badiiy mahorat, teran mazmun, yoqimlilik va shiradorlik Abdullayeva ijodiga xos. Muhabbat haqidagi qo’shiqlarni mahorat bilan ijro etadi. “Arzimni aytdim”, “Jonim mening”, “Yoqasiz jonim”, “Majnuntol”, “Malak”, “Aylanayin” va boshqalar shular jumlasidan. Boshqa xalqlar qo’shiklari ham Abdullayeva ijodida muhim o’rin tutadi: “Sanada galmas”, “Ayriliq” (Ozarbayjon), “Ishq umidiman” (Eron), “Ro’yalarda bo’lushursiz” (turk) va boshqalar. Bir qancha xorijiy mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. Abdullayeva ijodiga bag’ishlab “Nasiba” telefilmi (“O’zbektelefilm”, 1989) ishlangan. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (1999).
ABDULLAYEVA Oydin Akramovna (1952.20.3, Qamashi tumani) — O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi (1995). Qarshi pedagogika institutining Filologiya fakultetini tugatgan (1975). 1975-99 yillarda Yakkabog’, Qamashi tumanlaridagi maktabda, 1999 yildan Qamashi tumanidagi 3-kasb-hunar maktabida o’zbek tili va adabiyoti o’qituvchisi. Abdullayeva maktabda yangi pedagogik texnologiyalarni amalga oshirishda, o’quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda yuqori natijalarga erishdi.
ABDULLAYEVA Yayra Umarovna (1930.14.8, Andijon) — O’zbekiston xalq artisti (1964). Lizaxonim Petrosovaning qizi. Toshkent san’at institutini tugatgan (1950). Ijodi G. Rahimova rahbarligidagi front kontsert brigadasida boshlangan (1945). 1950 yildan Hamza teatrida. Hafiza (A. Qahhor, “Shohi so’zana”), Guli (Uyg’un, I. Sulton, “Alisher Navoiy”), Katerina (A. Ostrovskiy, “Momaqaldiroq”), Gulbahor (Hamza, “Boy ila xizmatchi”), Gulnor (Oybek, “Qutlug’qon”), Turg’unoy (I. Sulton, “Noma’lum kishi”), Xemnolini (R. Tagor asari asosida, “Gang daryosining qizi”) kabi obrazlarida turli toifadagi xotin-qizlar hayoti, ularning qismati, jasorati va olijanobligini mujassamlantirdi. Key (M. Kaoru, “O’g’irlangan umr”) obrazi A. ijodining cho’qqisi bo’lib, u yapon ayolining mashaqqatli hayot yo’lini, taqdirini psixologik teranlik va izchillik bilan ochib berdi. Regana (U. Shekspir, “Qirol Lir”), Mariya Styuart (F. Shiller, “Mariya Styuart”) obrazlari bilan psixologik va fojiaviy rollar ustasi sifatida tanildi. Abdullayeva ovoz, imoishora, kinoya va boshqa ifoda vositalaridan ustalik bilan foydalanadi. Nodirabegim (T. To’la, “Nodirabegim”) obrazi Abdullayeva ijrosida ulug’vor, olijanob malika va otashin ijodkor sifatida namoyon bo’ldi. Abdullayevaning kinodagi asosiy rollari: Gulbahor (“Boy ila xizmatchi”), Dildor (“Opa-singil Rahmonovalar”), Ra’no (“Stadionda uchrashamiz”), Saodat (“Hamza”), Xatira (“Vijdon amri bilan”) va boshqalar. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlangan (1998).