ABDULLOH NADIM

ABDULLOH NADIM (1845-1896) – misrlik ma’rifatparvar, mutafakkir. Arablar ozodlik kurashining namoyandalaridan biri. Qohiradagi Al-Azhar madrasasida o’qigan. 80 – yillarda Abdulloh Nadim taraqqiyparvar va vatanparvar ziyolilar bilan birgalikda inglizlar asoratiga qarshi kurashda faol qatnashgan, jurnallar nashr etib, mahalliy matbuotda xalqni kurashga chaqirgan. Bir qancha vatanparvarlar qatori Abdulloh Nadim ham o’lim jazosiga hukm qilingan, lekin u qochib, 9 yil muhojirlikda ta’qib ostida yashagan. 1892 yilda unga Misrga qaytishiga ijozat berilgan, u yana jurnal va gazeta nashr qilib, inglizlarga qarshi oshkora targ’ibot olib borgan. 1893 yil mamlakatdan yana quvg’in qilingan. Umrining oxirgi yillarini Istanbulda o’tkazgan va o’sha yerda vafot etgan. Abdulloh Nadim 20 dan ortiq asar yozgan, uning ijodi va faoliyati arab ma’rifatparvarlari, mustaqillik uchun kurashchilarning keyingi avlodlariga ijobiy ta’sir ko’rsatgan.