ABU SAID

ABU SAID (1305-1335) – Hulokuiylar davlati hukmdori (1316— 35). O’ljoytuxonnit o’g’li. 1313 yil Xuroson noibi etib tayinlanib, yoshligi sababli uni otaliq yordamida idora etgan. 1316 yil otasi vafot etgach, Hulokuiylar davlati taxtiga o’tirgan bo’lsada, davlatni uning nomidan Amir Choban boshqarib turgan (1327 yilgacha). Abu Said davrida Misrga qarshi uzoq vaqt olib borilgan urush pirovardida o’zaro sulh bilan yakunlangan, Oltin O’rda va Chig’atoy ulusidan qilingan hujumlar qaytarilgan, Kichik Osiyoda mo’g’ullar hukmronligi yanada mustahkamlangan. Abu Said otasi O’ljoytuxon zamonida davlat dini darajasiga ko’tarilgan shialik ta’limotiga chek qo’yib, o’z tangalarida yana choryorlar (to’rt xalifa — Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali) nomini zarb qildirgan.

ABU SAID (Sulton Abu Sayd Mirzo ibn Sulton Muhammad) (1424-1469) — temuriylardan. Mironshohning nabirasi. Shohrux va Ulug’bek vafotidan so’ng Temuriylar davlatida boshlangan taxt uchun kurash chog’ida Ulug’bekning o’g’li Abdullatif tomonidan Buxoro zindoniga tashlangan. Abdullatifning o’limidan so’ng (1450) ozod qilingan. Abu Said Movarounnahr taxtiga o’tirgan Mirzo Abdullaga qarshi Abulxayrxon yordamida qo’shin tortgan va 1451 yil Bulung’ur jangida uni tor-mor keltirib, Samarqand taxtini egallagan. So’ng Abu Said Toshkentdan o’z piri Xoja Ahrorni chaqirtirib olgan. Xuroson hokimi Abulqosim Bobur vafoti (1458) dan so’ng Hirot, Astrobod, Mozandaron Abu Said qo’liga o’tib, Markaziy hokimiyat tiklangan. Biroq mamlakatning g’arbiy hududlari notinch edi, xususan G’arbiy Eron Temuriylar tasarrufidan chiqib, qora qo’yunlilyar sulolasi qo’liga o’tib q olgandi. Abu Said 1468 yil kuzida ularga qarshi qo’shin tortadi, lekin 1469 yil qishida mug’on dashtida oq qo’yunlilardan uzun Hasan bilan bo’lgan jangda engilib, halok bo’ladi. Abu Said davrida Movarounnahr va Xurosonda hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan, qo’shni mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan. U Hirotda saroy, kamonchilar mashqgohi, ko’priklar, ko’shklar, shahar darvozalari qurdirgan, ariq va hovuzlar qazitib, bog’-rog’lar bunyod etgan.