AVSTRIYA-VENGRIYA IMPERIYASI

AVSTRIYA-VENGRIYA IMPERIYASI — Avstriya va Vengriyaning hukmron sinflari o’rtasidagi bitim asosida 1867 yilda Avstriya imperiyasini qayta tuzish natijasida tashkil topgan dualistik (Birlashgan ikki davlatli) monarxiya. Bu monarxiya: Avstriya (Tsisleytaniya) va Vengriya qirolligi (Transleytaniya)dan tashkil topdi. Avstriya tarkibiga Chexiya, Moraviya, Galisiya, Bukovina va boshqa yerlar, Vengriya qirolligiga Slovakiya, Xorvatiya, Transilvaniya va boshqa yerlar kirdi. O’sha yili yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Avstriya-Vengriya imperiyasi hokimiyatini Avstriya imperatori boshqardi (u Vengriya qiroli degan unvonga ham ega edi). Imperator hokimiyati rasman Avstriyada Reyxstag, Vengriyada Seym tomonidan cheklandi. Butun imperiya bo’yicha uch ministrlik: 1) tashqi ishlar; 2) harbiy va dengiz; 3) moliya ministrliklari tashkil etildi. Harbiy va dengiz hamda moliya ministrliklari imperiyaning har ikki qismida ham mavjud edi. Boshqa ministrliklar Avstriyada ham, Vengriyada ham mustaqil ish yuritgan. 1867 yil bitimiga binoan, Vengriya o’z parlamentiga, ministrliklariga, siyosiy va ma’muriy muxtoriyatga ega bo’ldi. 1-jahon urushida Avstriya-Vengriya imperiyasining mag’lubiyati va milliy ozodlik kurashlari natijasida 1918 yilning oxirida Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalanib ketdi. Avstriya-Vengriya imperiyasi o’rnida Avstriya, Vengriya, Chexoslovakiya davlatlari tuzildi, hududning bir qismi esa Yugoslaviya, Ruminiya va Polsha tarkibiga kiritildi.