AVTOMASHINIST

AVTOMASHINIST – poyezd haydashda mashinist ishini bajaruvchi avtomatik qurilma. Poyezdni soatiga 50 kilometrdan tez haydashda barcha jarayonlarni to’la avtomatlashtiruvchi avtomatik boshqarish tizimining muhim qismi. Poyezdlar orasi (intervali) qisqa bo’lgan hollarda (metropoliten, shahar atrofiga qatnaydigan poezdlar va hokazoda) samarali hisoblanadi. Avtomashinist harakat jadvalining aniq bajarilishini ta’minlashga, tezlikni soatiga 5 kilometr aniqlikda saqlab turishga, yetti xil tezlik ichidan istalgan birini eng yuqori qiymatgacha chiqarishga, poezd tezligini tez-tez o’zgartirib haydashga imkon beradi. Avtomashinist uchastkalarning poyezdlar o’tkazish imkoniyatini yaxshilaydi, mashinistning ishini yengillashtiradi. Avtomashinist tizimi harakatni boshqarish jarayonida qatnashuvchi boshqa avtomatik tizimlar bilan doimiy bog’liq bo’ladi. U lokomotivdagi avtomatikaga ta’sir qiladi, avtodispetcher va avtoblokirovka “buyruq”lariga bo’ysunadi. O’zbekistonda istiqbolda Avtomashinist temir yo’l uchastkasi va umuman yo’ldagi qatnovni kompleks avtomatik boshqarish tizimining tarkibiy qismiga aylanadi.