AVTOMOBIL DVIGATELI
AVTOMOBIL DVIGATELI – avtomobilni harakatga keltiruvchi qurilma. Avtomobil Dvigateli 2,3,4 va undan ortiq tsilindrli bo’lib, ular bir qator yoki “V” tartibida joylashtiriladi. Zamonaviy avtomobillardan eng keng tarqalgani porshenli ichki yonuv dvigateli. Ish jarayoni bo’yicha ikki taktli dvigatel va to’rt taktli dvigatellarga, yonilg’ining alangalanishi bo’yicha uchqundan alangalanadigan karbyuratorli dvigatellarga va dvigatel tsilindrlarida yonilg’i o’z-o’zidan alangalanadigan dizel dvigatellariga bo’linadi. Karbyuratorli Avtomobil Dvigatelida karbyuratorda tayyorlanadigan benzin bug’lari bilan havo aralashmasidan iborat yonilg’i aralashmasi tsilindrlarga uzatiladi. Dizel dvigatellarida tsilindrlarda qisilgan havoga yuqori bosimda dizel yonilg’isi purkaladi. Zamonaviy Avtomobil Dvigateli tsilindrlar bloki, krivoship-shatunli mexanizm, gaz taqsimlash mexanizmi, sovitish tizimi, moylash tizimi, ta’minlash tizimi (karbyuratorli dvigatelda yonuvchi aralashma tayyorlab, uni tsilindrlarga kiritadi, dizellarda esa tsilindr ichiga yonilg’ini purkaydi), o’t oldirish tizimi (karbyuratorli dvigatelda) dan iborat. Zamonaviy yengil avtomobillarning dvigateli quvvati 15 — 310 kVt gacha, yuk avtomobillariniki 220 kVt gacha bo’ladi. Bulardan tashqari rotorli-porshenli, gaz-turbinali dvigatellar ham ishlatiladi.