AVTOFAZALASH
AVTOFAZALASH — tsiklik tezlatgichlarda katta energiyali zaryadlangan zarralar dastasining orbitada turg’unligini ta’minlash uchun zarralar guruhining o’rtacha aylanish chastotasini tezlashtiruvchi o’zgaruvchan elektr maydon chastotasiga avtomatik tarzda tenglashtirib turish. Avtofazalash printsipini 1944 yilda rus fizigi V. I. Veksler va mustaqil ravishda 1945 yilda amerikalik olim E. Makmillan taklif etgan. Avtofazalash asosida tezlatgichlarning quyidagi asosiy turlari: sinxrotron va mikrotron — elektronlar tezlatgichi, fazatron (sinxrosiklotron) va sinxrofazatron — protonlar tezlatgichi ishlab chiqilgan. Juda katta (yuzlab MeV va undan yuqori) energiyada ishlaydigan barcha tsiklik tezlatgichlar Avtofazalash asosida loyihalangan.