“FOTON” AKTSIYADORLIK JAMIYATI

“FOTON” AKTSIYADORLIK JAMIYATI — radioelektronika sanoatining yirik korxonasi. “O’zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiradi. Toshkent shahrida joylashgan. Radioelektronika asbob-uskunalari va turli radioelektronika mahsulotlari ishlab chiqarishda qo’llaniladigan elektron texnika mahsulotlari, shu jumladan televizorlar, xotirali kassa apparatlari va boshqa xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqaradi, ularning ishlanmalarini yaratadi, 1941 yilda Fryazino shahridan (Moskva viloyati) evakuatsiya qilingan “radiolampa” elektrovakuum asboblari zavodi negizida tashkil etilgan. Urush yillarida zavod mudofaa mahsulotlari ishlab chiqargan. 1966 yildan Toshkent elektron texnika zavodi deb nomlangan. 1976 yilda korxona va uning filiallari negizida “Foton” ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 1995 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Korxonada o’tgan asrning 50-80-yillarida mudofaa sanoati ahamiyatidagi qabul qilgich-kuchaytirgich lampalari, generator lampalari, gazotronlar, kenotronlar — yuqori voltli to’g’rilagichlar, qotishmalar texnologiyasi bo’yicha yarimo’tkazgichli priborlar, bipolyar texnologiyalar asosida qattiq jinsli integral mikrosxemalar (15 tipdan ko’proq) ishlab chiqarildi. 90-yillar boshidan korxonada ishlab chiqarish yo’nalishlari qayta tashkil qilindi. 1994 yilda Ukraina (“Vesna”) va 1997 yilda Yaponiya (Sony) firmalari bilan hamkorlikda oqqora va rangli televizorlar, 1995 yildan xotirali kassa apparatlarini ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Mahsulotlari, ayniqsa, yarimo’tkazgichli priborlar “FotonR” savdo uyi orqali Rossiyaga eksport qilinadi. Umumiy ishlab chiqarish hajmida eksport hissasi 55%ni tashkil etadi (2003). Ma’ruf Saidumarov.