GO’DAK
GO’DAK, emadigan bola — bir yoshgacha bo’lgan bola (shartli ravishda tug’ilganidan keyin to’rt haftagacha — chaqaloq). Go’dak organizmi xali tuzuk rivojlanmagan, a’zolari takomillashmagan, turli xil kasalliklarga tez chalinadigan, shu sababli sinchiklab parvarish qilishga muhtoj bo’ladi. Bu davrda bolaning bo’yi va vazni tez o’sadi, unda energiya sarfi ortadi, shu bois uning ko’pgina, xususan hazm, nafas, yurak-tomir va boshqa sistemalari faoliyati jadal takomillasha boradi. Bolani yaxshi parvarish qilinsa va to’g’ri, iloji boricha ona suti bilan boqilsa, u sog’lom bo’lib, vazni oshaveradi. Go’dak uchun eng zarur ovqat — ona suti, unda bolaning sog’lom va to’g’ri o’sishi uchun zarur moddalar — oqsil, yog’, uglevod, tuz, suv, vitaminlar, shuningdek, himoya antitelolari bor, ular bola hayotining dastlabki oylarida ba’zi bir yuqumli kasalliklardan saqlab qoladi. Ko’krak suti boshqa ovqatlarga qaraganda yaxshi hazm bo’ladi va to’la-to’kis singadi, tarkibida mikroblar bo’lmaydi. Bolaning normal o’sishi uni bekamu ko’st ovqatlantirishga bog’liq. Bola bir oylik bo’lishiga yaqin bo’yi 3-3,5 santimetr, bir yoshida esa 25-27 santimetr uzayadi. Dastlabki 3 oyda vazn hafta sayin 200-250 grammdan, 6-oylarda 150— 200 grammdan oshib boradi. 6 oylik gramm vazni tug’ilgandagi vazniga nisbatan ikki hissa, 1 yoshida uch hissa oshadi, bu davrda vazni 10-11 kilogrammga yetib qoladi. Bolaning harakat faoliyati va psixikasi juda tez rivojlanadi: avvaliga bola o’tira boshlaydi, keyin emaklab ketadi va nihoyat, turadigan bo’ladi, ota-onasini taniydi. Bir yoshga yaqin avval kattalar yordamida, keyin o’zi yuradi; tili chiqadi va murg’ak qiyofasiga kiradi; u nimjonligiga qaramay o’zining hissiyotlari, kechinmalari bo’ladi. Bu davrda bola organizmining hamma a’zo va sistemalari yana ham rivojlanadi, biroq uncha takomillashmagan va o’ziga xos bo’ladi. Terisi nozik, salga shikastlanadigan va o’ziga xos parvarishni talab etadi. Dastlabki 3-4 oyda ter bezlari funktsiyasi sust bo’lib, bu issiqlik idora etilishini yomonlashtiradi, harorat o’zgarganida bola salga issiqlab ketishi yoki sovqotishi mumkin. Go’dak yarim yoshligida ayniqsa yuzda teri osti yog’ qavati yaxshi rivojlanadi. Go’dak hayotining dastlabki oylarida suyaklari qisman Tog’ay to’qimasidan iborat bo’lib, bora- bora suyak to’qimasiga aylanadi. Tog’aylar sohasida suyaklanish nuqtalari paydo bo’ladi. Katta liqildoq kechi bilan 1,5 yoshga borib yopiladi; kalla suyaklari oralig’idagi choklar 3-4 oyga borib sekin-asta zichlashadi. Bolaning umurtqa pog’onasi juda mayin bo’lib, salga qiyshayadi. Bola noto’g’ri parvarish qilinsa, u sof havoda kam bo’lsa, skeletining shakllanishi buziladi — bu raxit va boshqa kasalliklarning paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin. Taxminan 6 oygacha bolada tish bo’lmaydi; 6-8 oylikda tish chika boshlaydi, bola bir yasharligida 8 ta tishi bo’ladi. Tish chiqishi maromida, hech qanday kasallik alomatlarisiz kechadi, ba’zan tishi chiqayotgan bola injiq bo’lib qoladi; darmonsizlanish, uyqusizlik, isitmalash, ich ketishi va boshqalar kuzatilishi mumkin. Bu vaqtda darhol vrachga murojaat etish kerak. Go’dak hayotining dastlabki oylarida hazm a’zolari faqat ona sutini azm qila oladi, 1,5—2 oyligida vitaminlarga boy sabzavot va meva sharbatlari, asta-sekin 4-5 oylik bo’lganida sutli va sabzavotli omuxtalar, 6-7-oylarga kelib go’shtli (qiymalangan) ovqatlar va tvorog berish mumkin. Bola 10-12 oylik bo’lganida xilma-xil ovqatlarni bera- versa ham bo’ladi. Bolaga ovqatni ma’lum tartib-qoidalarga amal qilgan holda, uning murg’aqligini nazarda tutib tayyorlash talab etiladi. Aks holda me’da-ichak va moddalar almashinuvi- ning turli kasalliklari tez avj oladi. Bu davrda g.ning muskul sistemasi hali tuzuk rivojlanmagan bo’lib, bola o’sgan sari u takomillashib, birmuncha kuchli, chidamli bo’lib boradi. Bolani muntazam badan tarbiya qildirilganda muskullari juda to’g’ri va bekamu ko’st rivojlanadi. Nafas muskullari ancha rivojlanadi va ko’krak qafasi nafas olishda faol qatnashadi: o’pka sig’imi kattalashadi. Bu yoshda o’pkaga ancha zo’r keladi. Nafas yo’llarining shilliq qavati nozik bo’ladi, shu sababli, bola pala-partish parvarish qilinsa, nafas a’zolari bot- bot kasallanadi. Yurak-tomir sistemasi birmuncha rivojlanib, takomillashib boradi, yurak vazni ortaveradi. Yurak- tomir sistemasining o’ziga xos xususiyatlari qon aylanishini osonlashtiradi. Siydik-tanosil a’zolari ham rivojla- nib boradi; qovuq kattalashadi, siydik ajralishi ancha kamayadi. Go’dakning nerv sistemasi juda tez rivojlanadi. Sezgi a’zolari yaxshi rivojlangan bo’lib, ilk go’daqlik kunlaridanoq bola shirin va achchiqni ajratadi; qattiq tovush kelganda seskanib tushadi, Ravshan yorug’likka yalt etib qaraydi. Bir oylik bola rangli buyumlarga tikilib turadi. Bola tug’ilishidan hid biladi, ona ko’kragini yaqinlashtirsa, jonlanadi — boshini buradi, og’zini ochadi, so’rish va yutish harakatlarini qiladi. G.ning nerv faoliyati birinchi va ikkinchi signal sistemasi rivojlanishiga bevosita bog’liq. Go’dak 2-oydan boshlab ixtiyoriy harakat qiladi; boshini ko’tara va tuta boshlaydi. Yo’rgaklanganda qo’li va oyoqlarini qimirlatadi, jilmayadi. Bu yoshda Go’dak bir kecha-kunduzda taxm. 20 soatcha uxlashi kerak. 3-4 oylik Go’dak chalqancha yotqizilsa, qaddini ko’taradi, yon tomonga ag’dariladi. Qo’l harakati faollashadi, o’yinchoqqa intiladi, barmoqlarini og’ziga tiqadi, yo’rgakni tortadi. Unga tikilib karaganda guvranib bir qadar aniq tovush chiqaradi. 4 oylik bola suyab turilsa o’tiradi, tanish-notanish kishilarni ajratadi, guvranib xonish qiladi, 5 oyligida onasini yaxshi taniydi, begonalarga bormaydi, qo’ltig’idan ushlansa, oyoqda tekis turadi, 6 oyligidan hech narsaga suyanmay o’tira oladi, emaklamoqchi yoki ushlab tursa, qadam tashlamoqchi bo’ladi, sodda bo’g’inlarni talaffuz qila boshlaydi. 8 oyligida bemalol emaklab ketadi, biror narsaga tirmashib o’rnidan tura oladi, qo’lidan ushlansa, qadam tashlaydi, “oyi”, “ada” so’zlarini aniqaytadi. 10 oyligida o’rnidan bemalol turib “obke” yoki “ayt” deganingizni qiladi; “qilma”, “qil” deganning farqiga etadi, 10-15 tacha so’zni biladi. Sutkada 14-16 soat uxlaydi. Go’dak harakat funktsiyasining rivojlanish sxemasi rasmda ko’rsatilgan. Bu davrda badan tarbiya va chiniqtirish muhim ahamiyatga ega, chunki chiniqqan bola turli kasalliklarga kamroq chalinadi. Nimjon bolalarda diatez, raxit, anemiya, gipotrofiya va boshqa kasalliklar kuzatiladi. Shuning uchun iloji boricha Go’dakni ochiq havoda sayr qildirish, havo va quyosh vannalaridan bahramand etish, massaj, gimnastika va boshqalar uning har tomonlama yetuk va sog’lom o’sishiga yordam beradi. Go’dakning ovqati ham o’ziga xos va rang-barang bo’lishi kerak. Bola noto’g’ri ovqatlantirilsa, u zarur oziq moddalarni yetarlicha olib turmasa, bu uning jismoniy va aqliy jihatdan rivojlanishiga yomon ta’sir ko’rsatadi, natijada organizm turli xil kasalliklarga chidamsiz bo’lib qoladi. Haddan tashqari ko’p ovqat bermaslik kerak, aks holda bola xom semiz bo’lib, bot-bot kasallanadi. Ovqat tarkibida oqsil, yog’, uglevod, tuzlar va vitaminlar ma’lum miqdorda bo’lishi mumkin. Ko’krakda sut kam degan bahona bilan bolani barvaqt ko’krakdan ayirish yaramaydi, onaning hatto ozgina suti ham bolani chiniqtiradi. Mabodo sut kamligidan bola och qolib oza boshlasa, vrach bilan maslahatlashib qo’shimcha ovqat beriladi. Go’dak sog’lig’ini saqlashda ich kiyimi, oziq- ovqati, idish-tovoqlari va o’rin- boshlarini Ozoda tutish juda muhim. Go’dak beshikda yotadigan bo’lsa, uni vaqtida belab, vaqtida yechishga e’tibor berish kerak. Go’dak beshikdan yechilgach, uning badanlarini, xususan boshi va kuraklarini silab-siypalash, oyoq-qo’llarini mashq qildirish, beshik hamda unga ishlatiladigan anjomlarini bot-bot shamollatib turish lozim. Go’dakka quruq so’rg’ich so’rdirish yaramaydi, uni yaxshilab qaynatib ishlatish lozim. Go’dak alohida uyda yotqizilsa tinch uxlaydi, xona toza, yorug’bo’lishi va vaqt-vaqti bilan shamollatib turilishi lozim. Xona temperaturasi 20° bo’lgani ma’qul. Bundan isib ketsa, bolani ochiq havoga olib chiqilganda tez shamollaydi. Go’dak terisi nozik bo’lib, salga zararlanishi mumkin, shuning uchun muntazam parvarish qilish, har kuni ertalab va kechqurun yuzini iliq suv bilan, qo’lini esa sovunlab yuvish (chunki u qo’lini og’ziga tiqadi, so’radi), tirnog’ini vaqt-vaqti bilan olib turish zarur. Uni har kuni iliq suvda sovunlamasdan, har 2-3 kunda sovunlab cho’miltiriladi, betob bo’lib qrlsa, tuzalguncha cho’miltirmay turiladi. Cho’miltirilgandan keyin mayin sochiq bilan artiladi, chov burmalari, qo’ltiq va quloq orqasiga vazelin yoki qizdirilgan o’simlik yog’i, “bolalar” kremi surtiladi. Qaynatilgan toza suvga ho’llangan paxta bilan Go’dak ko’zini burchagidan burunga qarab har kuni artiladi. Xuddi shu zaylda uning burni ham tozalab turiladi. Burundan nafas olganda ko’krak qafasi va o’pka yaxshi rivojlanadi, bola tinch uxlaydi va kasallikka kam chalinadi. Go’daklar kiyim-kechagi yengil, issiq, keng, ter va boshqa chiqindilar bemalol bug’lanib ketadigan bo’lishi kerak. Uni haddan ziyod o’rabchirmash yaramaydi, aks holda u isib ketib tez-tez shamollaydigan bo’lib qoladi. Go’dak hayotining birinchi kunidan boshlab ochiq havoga o’rgatilishi kerak. Sof, salqin havoda organizmi chiniqadi, ishtahasi ochiladi, teri va o’pkasi mustahkamlanadi, kasalliklarga chalinmaydigan bo’ladi. Go’dak organizmini asta- sekin chiniqtira borish kerak. Ketlikni shoshmasdan (Go’dakni 1-2 minut yalang’och yotqizib qo’yib) almashtirish lozim, shunda Go’dak havo vannasiga o’rgana boradi. Go’dakni ochiq havoda sayr qildirish muddati ob-havoga qarab o’zgartirib turiladi. Bolani kun bo’yicha qo’lda ko’tarib yurish yaramaydi, aks holda o’rganib qolib, onasiga ham, boshqalarga ham tinim bermaydi, o’zi ham qiynaladi. Ona va oiladagi boshqa kishilar Go’dakka gapirib, tovushni ajratishga, o’yinchoqlarni o’ynashga o’rgatishlari lozim. Sog’lom bola har qanday sharoitda ham o’zi uxlab qoladi. U yotgan xonani qorong’i qilish, tinchlik saqlash shart emas. Bola yig’lasa, sababini aniqlashga harakat qilish lozim. Atrofdagilar qanchalik shirinsuxan bo’lishsa, bola ham shunchalik sergak va sog’lom o’sadi. Go’dakni 4-5 oyligidan to’sishga o’rgatish, emizishdan oldin va keyin, uxlatish oldidan va uyg’onganidan keyin go’sayotganda uni maqtab, erkalab turish kerak. Go’dakning harakatlanish qobiliyatini o’stira borish juda muhim, lekin bunda ehtiyotkor bo’lish lozim. Bolani barvaqt, ya’ni badani qali qotmaganda, hatto atrofiga yostiq qo’yib o’tqazilsa ham, bukchayib o’tiradi, natijada umurtqa pog’onasi, erta yurishga o’rgatilganda esa oyog’i qiyshayib qolishi mumkin. 2,5—3 oyligidan boshlab bola- ni qattiqroq narsa ustiga qorni bilan yotqizib turish kerak, bunda bo’yin, orqa, oyoq muskullari mustahkam bo’lib boradi. Bola surila boshlagach, uzoqroqqa o’yinchoq qo’yib, uni surilib borishga o’rgatish zarur. 4-5-oydan boshlab har kuni 5 minutcha badan tarbiya qildirish kerak. Yoshiga mos holda tanlangan o’yinchoqlarni o’ynatish bolaning teran o’sishiga imkon beradi. Ona tug’ruqxonadan chiqqach, Go’dakni bolalar poliklinikasi hisobga oladi, shifokorlar ona huzuriga borib, unga bolani to’g’ri boqish va parvarishlashga oid tegishli maslahatlar berib turadilar. Ad.: Tarasenko I.A., Go’dak bola parvarishi, T., 1984; Qodirov U.Z., Abdumajidov A.A., Askaryans V. P., Bolalar fiziologiyasi, T., 1999. Akmal Sultonov.