GO’ZALLIK

GO’ZALLIK — estetika tushunchasi. Tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarning, inson faoliyatining kishida mehr-muhabbat, quvonch, zavq, erkinlik tuyg’ulari hosil qilishga qodir bo’lgan xususiyatlarini ifodalaydi. Xunuklikning aksi. Islom ta’limotida Go’zallikning o’zi ham, timsoli ham Alloh jamolidandir. Inson go’zalligi uning yaxshilik qilishida, sabr-toqatida; bular inson go’zalligini belgilovchi mezon sifatida qaraladi. Go’zallik insonning Alloh karomatini tushunib etishi va unga ergashishi, ma’naviy- axloqiy poklanish sari intilishidir. O’rta Osiyo mutafakkirlari Go’zallikni islom aqidalari ruhida idrok etsalarda, Go’zallikning murakkab ma’naviy jarayon ekanligini ta’kidlashga harakat qilganlar. Forobiy ta’limotiga ko’ra, Go’zallik — insonning jismoniy, ma’naviy va axloqiy chiroyining ifodasidir. Alisher Navoiy barcha Go’zallik hayot va insonda, ayni vaqtda, barcha xunuklik va nopoklik ham insonda deb bildi, shuning uchun u inson tarbiyasiga katta ahamiyat berdi. Go’zallik haqida juda ko’p nazariyalar, qarashlar, ta’limotlar mavjud. Ularda Go’zallikning qaysidir bir tomoni, belgisi, ahamiyati qayd etiladi. Sokrat fikricha, inson uchun foydali va kerakli narsalar go’zaldir. Platon tasavvuricha, inson Go’zallikni allaqanday estetik-ruhiy kayfiyat chog’idagina idrok eta oladi. Uning ta’limotiga ko’ra, Go’zallik narsa va predmetlarga xos bo’lmay, insonning voqelikka ma’naviy-estetik munosabati nati- jasida tug’iladigan g’oya, tushunchadir. Aristotel, Didro fikriga ko’ra, narsa va hodisalardagi uyg’unlik, mutanosiblik Go’zallikni tashkil etadi. Inson narsa va hodisalarning go’zal yoki xunukligini belgilashda me’yor vazifasini o’taydi. Insoniy me’yor Go’zallikning asosidir. Kant Go’zallik asosiga kishining narsa va hodisalardan beg’araz zavq olishini qo’yadi. Ma’rifatparvarlar Go’zallik deb, insonning hayotda uyg’un ijtimoiy aloqalar o’rnatishga bo’lgan intilishini tushunganlar. Gegel fikriga ko’ra, tabiatdagi Go’zallikdan san’at go’zalligi mukammalroq, chunki unda timsol va g’oya o’zining mutlaq uyg’unligini topadi. Chernishevskiy ta’kidlashicha, hayot — Go’zallikdir, inson hayoti, ehtiyoji va maqsadiga mos tushuvchi narsalar go’zaldir. 19-20-asr jahon estetikasidagi turli falsafiy yo’nalishlar vakillari ilgari surgan g’oyaga ko’ra, Go’zallik inson ruhiyati, qalbi va ma’naviyati bilan bog’liq tushunchadir. Go’zallik manbai — shaxs qalbidadir. Go’zallik — inson va hodisalarni umuminsoniy va milliy qadriyat sifatida belgilovchi ijtimoiy, ijobiy va ijodiy tushunchadir. Go’zallikni idrok etish shaxsning jamiyat- da tutgan o’rni, ongi, didi, dunyoqarashi va boshqa omillarga bog’liq. O’zbek tilidagi “chiroyli” so’zi estetik baho sifatida alohida buyum, narsa va shaxsni, ko’pincha tashqi belgilar va shakllarning mutanosibligi, uyg’unligini nazarda tutsa, Go’zallik so’zi inson ongidagi tushunchani, tasavvurni, idealni ifodalaydi. Tarixiy taraqqiyot natijasida xar bir xalq o’zining Go’zallik ideali va tushunchasiga ega bo’ladi. Bu tushunchalardagi mushtarak insoniyma’naviy jihatlar umumbashariy Go’zallik haqidagi tasavvurni shakllantiradi. Go’zallik tabiat, jamiyat va insonga xos mushtarak xususiyatlarni qamrab olgan holda muayyan sharoit va hodisalar bilan bog’liq tarixiy, ijtimoiy, milliy va o’ziga xos jihatlarga ega bo’ladi. Tabiatdagi Go’zallik ko’proq mutanosiblik, uygunlik, rang-baranglik singari zohiriy belgilar, sifatlar me’yori bilan baholanadi; ijtimoiy hayotdagi Go’zallik jamiyatning inson uchun yaratgan erkin va demokratik tamoyillari darajasi bilan o’lchanadi; adabiyot va san’atdagi Go’zallik ijodkorning original obrazlar, g’oyalar kashfiyoti, badiiy mahorati bilan belgilanadi. Barcha narsa va hodisalarning go’zalligini ifodalovchi asosiy omil — uning kishiga zavq bag’ishlashi. San’at asarlari g.ni yorqin va umumlashtirib aks ettirgani uchun ular xar bir shaxsda zavq uyg’otadi, Go’zallik tuyg’usini tarbiyalaydi. Ad.: Mahmudov T., Go’zallik va xayot, T., 1977; Umarov E., Estetika, T., 1992; Abdullaev M., Yo’ldoshev A., Estetika tarixi, Farg’ona, 1996; Mahmudov T., Mustaqillik va ma’naviyat, T., 2001. Tilab Mahmudov.