“GO’RO’G’LI”
“GO’RO’G’LI” — xalq og’zaki poetik ijodi yodgorligi. Yaqin va O’rta Sharq, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz xalqlari orasida keng tarqalgan qahramonlik eposi, dostonlar turkumi. Turkumga birlashgan dostonlar turli davrlarda yaratilgan. Ulardan ayrimlarining ildizlari bir yarim-ikki ming yil ilgarigi davrlarga borib taqaladi. Bu dostonlar taxminan 17-asrdan boshlab bir turkumga birlasha boshlagan. “Go’ro’g’li” turkumiga kiruvchi barcha dostonlar muayyan mustaqillikka ega. Ular og’zaki epik an’anada yakka-yakka ijro etiladi hamda eshituvchi va kitobxon ularning har birini alohida asar sifatida qabul qiladi. Ammo bu silsila dostonlar Go’ro’g’li obrazi, uning doimiy yo’ldoshi G’irot, epik ozodlik o’lkasi Chambil yurti, an’anaviy obrazlar Soqibulbul, Hasan Ko’lbar, Ahmad Sardor kabilar orqali bir-birlari bilan o’zaro birlashadi. “Go’ro’g’li” dostonlarini shartli ravishda 2 katta guruhga bo’lish mumkin: Janubiy Kavkaz va yaqin Sharq versiyalari (ozarbayjonlar “Ko’ro’g’li”si asosida yaratilgan arman, gruzin, turk, kurd va boshqalar) va Markaziy Osiyo versiyalari (o’zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, tojik va boshqalar). Barcha versiyalar mavzui asosini ozodlik, adolat va xalq baxt-saodati yo’lida kurashuvchi Bahodir Go’ro’g’li (Markaziy Osiyo versiyasida) yoki Ko’ro’g’li (g’arbiy versiyasida)ning jasoratlari tashkil etadi. Janubiy Kavkaz va yaqin Sharq versiyalariga xos bo’lgan umumiy xususiyatlar “Go’ro’g’li”ning Ozarbayjon variantlarida o’z ifodasini topgan. Unda tasvirlanishicha, Ko’ro’g’li 40 yigitga bosh bo’lib, adolatsiz tuzumga qarshi chiqadi. Dushman savdogarlari karvoniga kutilmaganda hujum qiladi, nodo’st podsholiklar bilan bo’lgan janglarda ajoyib jasorat va qahramonliklar ko’rsatadi. Cho’pon, otboqar, darbadar Baxshi, duoxon, folbin qiyofalarida dushman ichiga kirib, asir tushgan yigitlariga tadbirkorlik bilan yordam beradi, o’ziga va yigitlariga ma’qul bo’lgan go’zal parilarni olib qochadi. Ko’ro’g’lining jasorati va mardliklari haqidagi hikoyalar yarim tarixiy, yarim afsonaviy xarakterga ega bo’lib, mustaqil podsholiklardagi turli nayrangbozliklar, hukmdorlar hayoti, katta karvon yo’llaridagi janglar Ozarbayjon variantlarining tarixiy mavzui hisoblanadi. Bu versiyaga ko’ra, Ko’ro’g’li, Eron shohi Abbos I ning (1585-1628) zamondoshi qilib ko’rsatiladi. Chindan ham, arman tarixchisi Arakel Tavriziy (1670 yil vafot etgan)ning ko’rsatishicha, Eron shohi Abbos I va Turkiya sultoniga qarshi qo’zg’olon ko’targanlarning boshliqlari orasida Ko’ro’g’li degan shaxs bo’lgan. Ozarbayjon variantida aniq shaxs va davr bilan bog’liq voqealar tengsiz kuch-qudrat va shijoat tasviri bilan uyg’un holda bayon etiladi. Ammo bunda umumlashtirish va ramziylashtirish muayyan davr va tarixiy voqealarni inkor etish darajasida emas. Markaziy Osiyo versiyalari, xususan, o’zbek versiyalarida umumlashtirish va ramziylashtirish yuqori darajaga ko’tarilgan. Bunda qahramonona o’tmish aniq tarixiy voqealar ko’lamida emas, balki orzu darajasida, xalqning yuksak maqsadi ko’lamida tasvirlangan. O’zbek dostonlarida Go’ro’g’li turkman va o’zbeklarning begi, qonuniy hukmdor, o’z xalqi, vatani uchun qayg’uruvchi va uni dushmanlardan qimoya qiluvchi yengilmas Bahodir, ko’plab xalq botirlarini tarbiyalab yetishtirgan murabbiy sifatida tasvirlangan. O’zbek xalqi Go’ro’g’li haqida “kunlarim”, “Go’ro’g’li”, “Go’ro’g’libek — zo’r Botir”, “armonim qolmadi”, “bormi jahonda” kabi uning qaxramonona kurashini madh etadigan qator termalar, 80 ga yaqin dostonlar yaratgan. Xususiyati, mavzui, ijodiy uslubi va kuylanish tarzi jihatidan ajralib turadigan 20 dan ortiq dostondan iborat Xorazm turkumi bu siraga kirmaydi. Bu hol “Go’ro’g’li” turkumi o’zbeklar orasida 2 versiyada tarqalganini ko’rsatadi. Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan shoir, Islom shoir, Rahmatulla Yusuf o’g’li kabi xalq shoirlaridan 200 dan ortiq Doston (variantlari bilan) yozib olingan. Turkumni to’laligicha biladigan biror baxshi bo’lgan emas. 19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshlarida So’ltonmurod shoir (Samarqand viloyati), Nishon ota (Toshkent viloyati) kabi baxshilar “Go’ro’g’li” turkum dostonlarini kuylashda dong taratgan. Biroq ulardan bironta ham doston yozib olinmagan. Yozib olingan “Go’ro’g’li” dostonlariga quyidagicha tartib berish mumkin: 1. Go’ro’g’lining tug’ilishi. 2. Go’ro’g’lining bolaligi. 3. Chortoqli Chambil. 4. Zaydinoy. 5. Yunus pari. 6. Misqol pari. 7. Gulnor pari. 8. Qirq yigit bilan qirq qiz. 9. Hasan Ko’lbar. 10. Soqibulbul. 11. Rayhon Arab. 12. Shoqdorxon. 13. Zamonbek. 14. Xidi- rali elbegi. 15. Berdiyor otaliq. 16. Elomon. 17. Xoldorxon. 18. Go’ro’g’lining Qrimga borishi. 19. Govdaroz dev. 20. Besh podshoning Chambilga yov bo’lib kelishi. 21. Shoqalandar. 22. Ro’zaxon. 23. Yosqila. 24. Hasanxon. 25. Chambil qamali. 26. Dalli. 27. Avazxon. 28. Gulqizoy. 29. Gulqizoyning vafoti. 30. Intizor. 31. Malika ayyor. 32. Mashriqo. 33. Zulfizar. 34. Bo’tako’z. 35. Qunduz bilan Yulduz. 36. Sarvinoz. 37. Balogardon. 38. Avazning arazi. 39. Ahmad Sardorning o’limga buyurilishi. 40. Avaz o’g’lonning Rumga qochishi. 41. Avazxonning o’limga hukm etilishi. 42. Girdob. 43. Xonimoy. 44. Xushkeldi. 45. Oltin qovoq. 46. Zayidqul. 47. Gulixiromon. 48. Zarnigor. 49. Og’a Yunusning olib qochilishi. 50. Ravshan. 51. Nurali. 52. Nuralining yoshligi. 53. Balxivon. 54. Jorxon maston. 55. Sumbulsoch beka. 56. Nurali va qari Ahmad. 57. Nuralining yutilishi. 58. Malla savdogar. 59. Jahongir. 60. Ero’g’li (Shahidnoma, Go’ro’g’lining o’limi, Go’ro’g’lining g’oyib bo’lishi). Bu dostonlar variantlari bilan birgalikda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida saqlanadi. Po’lkan shoirdan yozib olingan “Go’ro’g’lining tug’ilishi”, “Go’ro’g’lining bolaligi” dostonlarida tasvirlanishicha, Go’ro’g’lining bobosi To’liboy sinchi Mari yurtining begi Kovishtixonning o’g’li bo’lib, yoshligida Yovmit podshosi Odilxonga asir tushadi. To’liboy sinchining xizmatlaridan ko’ngli to’lgan Odilxon qizi Oyshani unga nikohlab beradi. Bulardan Go’ro’g’lining otasi Ravshan tug’iladi. Takayovmit yurtining doimiy dushmani Shoxdorxonning navbatdagi bosqinlaridan birida Ravshan, shuningdek, taka-turkman begi Jag’alixonning farzandlari Gajdumbek va Bibi Hilollar Zangar yurtiga asir tushib ketadi. Zangarda Ravshan bilan Bibi Hilol tasodifan uchrashib qolib, bir- birlarini sevadilar va turmush quradilar. Bu orada Ravshanning sinchiligidan Shohdorxon xabar topadi, uni saroyga chaqirtirib, otlarini ko’rsatadi va fikrini so’raydi. Ravshan bu otlar orasida tulpor yo’qligini aytib, bir holvachining otini maqtaydi. Bundan achchiqlangan xon Ravshanning ko’zlarini o’ydiradi. Ravshan esa ko’r ko’zining Xuniga holvachining otini tilab oladi, shu ot yordamida qaynag’asi Gajdumbek bilan Yovmitga qochadi. Ravshanning Zangarda qolgan xotini Bibi Hilol olti oylik homilasi bilan vafot etadi. Go’rda o’lik onadan bo’lajak qahramon Go’ro’g’li tug’iladi. Cho’pon Rustamning uyuridagi bir baytal uni emizadi va keyinchalik Go’ro’g’li Rustam yordamida shu baytalda Yovmitga qochib keladi. Turkumning ilk dostonlarida yosh qahramonning chiltonlar bilan uchrashuvi, istiqbolining oldindan belgilanishi, epik Chambil yurtining bunyod etilishi, Yovmit eliga xon qilib ko’tarilishi kabi voqealar tasvirlangan. Turkumdagi “Yunus pari”, “Misqol pari”, “Gulnor pari” Dostonlari Go’ro’g’lining uylanishi va shu bilan bog’liq qahramonliklariga bag’ishlangan. Epik an’anaga ko’ra, Go’ro’g’lining ikki xotini — Yunus va Misqol (Po’lkan shoir varianti bo’yicha uchinchisi — gulnor) parilar Ko’hiqofda Eram bog’ida yashaganlar, ularni g’ayritabiiy kuchlar — devlar qo’riqlagan. Parilar Go’ro’g’liga ilgaridan “belgilangan”, “atalgan” bo’lsalarda, “Go’ro’g’li” ularni mashaqqatlar bilan, kuch, aql, farosat, tadbirkorlik bilan qo’lga kiritadi . Turkumdagi “Zaydinoy”, “Rayhon Arab”, “Chambil qamali”, “Bektosh Arab” va boshqa dostonlarda Go’ro’g’lining Chambil yurtining tashki dushmanlariga qarshi kurashlari, bosqinchi va talonchilar sifatida Rayhon Arab, Bektosh Arab, Xunxorshoh va boshqalar tasvirlanadi. Turkumda Go’ro’g’lining Bahodir 40 yigiti (Zamonbek, Shodmonbek, Xidirali, To’lak Botir, Xoldorxon va boshqalar) faoliyatiga alohida-alohida dostonlar (“Xoldorxon”, “Zamonbek”, “Xidirali elbegi”, “Berdiyor otaliq”, “qirq yigit bilan qirq qiz”, “Doniyorxo’ja” va boshqalar) bag’ishlangan. Ular epik o’lka — Chambilning ozodligi, xalqining farovonligi uchun Go’ro’g’li bilan bir safda turib kurash olib boradilar. Turkumdagi anchagina dostonlarda Go’ro’g’lining asrandi o’g’illari (Hasan, Avaz), nevaralari (Nurali, Ravshan), va evarasi (Jahongir)ning qahramonona sarguzashtlari hikoya qilinadi. Bu dostonlar o’zaro muayyan turkumchalarni tashkil etadi. Bu ichki turkumlar asrandi farzandlarning olib kelinishini tasvirlovchi dostonlar (“Hasanxon”, “Avazxon”) bilan boshlanadi. Hasan va Avazning mustaqil epik tarjimai holi har bir turkumda muayyan o’rin tutadi. Hasanxon turkumda faqat bir Doston (“Dalli”)da, Avazxon esa ko’p dostonlar (“Balogardon”, “Intizor”, “Bo’tako’z”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Zulfizar bilan Avaz”, “Gulixiromon”, “Malika ayyor”, “Mashriqo” va boshqalar)da bosh qahramon sifatida ishtirok etadi. Turkumning so’nggi dostoni “Ero’g’li”da Go’ro’g’lining keksaygan davri va Sulduzi tog’ida g’oyib bo’lishi tasvirlanadi. “Go’ro’g’li” turkumi dostonlari xalq hayoti va turmushini, uning orzu-umidlari va yuk- sak maqsadlarini, ma’naviy-estetik olamini keng miqyosda badiiy aks ettiruvchi asar sifatida bebaho meros sanaladi . Ad.:Jirmunskiy V. M.,Zarifovx. T., O’zbekskiy narodniy geroicheskiy epos, M, 1947; Karriev B. A., Epicheskie skazaniya o Kerogli u tyurkoyazichnix narodov, M., 1968; Muradov M., Epos “Gorogli”, T., 1984; nashri: Go’ro’g’li dostonlari, to’rt jildli, 1-4-jildlar, T., 1996— 1999; intizor. Nurali, T., 1964; Gulixi- romon, T., 1965; Go’ro’g’lining tug’ilishi, T., 1967; Gulnor pari, T., 1969; Gulshanbog’, T., 1969; Hasanxon, T., 1976; Xoldorxon, T., 1981; bolagordon, T., 1986; Malika ayyor, T., 1988; Nurali, T., 1989. To’ra Mirzayev.