UHUD JANGI
UHUD JANGI (Uhud Madina shahri yaqinidagi tepalik nomi) — 625 yil 23 martda Uhud tepaligida musulmonlarning makkaliklar bilan bo’lgan jangi. Badr jangida makkalik mushriklar mag’lubiyatga uchragach, musulmonlardan o’ch olmoqchi bo’lishgan. Makkaliklarning 3000 ga yaqin jangchisi, jumladan, 200 otliq askari, 800 sovut kiygan jangchisi, Muhammad (sav)ning esa 700 piyoda askari (shulardan 100 nafari sovutli) bor edi. Makkaliklar jang maydonida yaxshi mavqeni egallashgandi. Muhammad (sav) ham askarlarini kerakli joyga joylashtirib, tepalik tomonini qo’riklash uchun 50 ta kamonchini qo’yib, ularga bu yerdan siljimaslikni tayinlagan. Jang dastlabki paytda musulmonlar foydasiga hal bo’la boshladi. Ular ayni dushmanni ta’qib etadigan paytda g’animat (o’lja) to’plashga tushdilar. Kamonchilar ham o’ljasiz qolmaslikni o’ylab o’z turgan joylarini tashlab ketishdi. Bundan foydalangan makkaliklarning Xolid ibn Valid boshchiligidagi otliq qo’shini musulmonlar qo’shinining orqa tomoniga o’tib hujum qildi. Bu jangda musulmonlar ko’p talafot ko’rgan: Muhammad (sav) qurshovda qolib, yaralangan, 70 dan ortiq kishi halok bo’lgan. Makkaliklar esa 19 kishisini boy bergan. Musulmonlarning muvaffaqiyatsizlikka uchraganligining sababi Qur’on oyatlarida bayon etilgan.