IJTIMOIY HIMOYALASH FONDI

IJTIMOIY HIMOYALASH FONDI – jamiyat a’zolari o’rtasida mehnatga to’lanadigan haqdan tashqari va mehnat haqiga qo’shimcha ravishda bepul yoki imtiyozli ravishda taqsimlanadigan mablag’ bo’lib, milliy daromadning bir qismidir. Ijtimoiy himoyalash fondining bir qismi aholining kam daromadli, ishsiz qolgan qismini moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlab turishga, bir qismi qariyalar, ko’p bolali onalar, nogironlar, vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo’lib qolganlar uchun nafaqa, talabalarga stipendiya, davolanish va dam olish maskanlariga bepul yoki imtiyozli yo’llanmalar tarzida aholiga to’lanadi. Boshqa bir qismi esa aholiga bepul maorif, tibbiy yordam ko’rsatish, bolalar bog’chalari, yaslilari, kutubxonalar, davolanish va dam olish maskanlarini qurish orqali aholi ehtiyojlari uchun sarflanadi. Ijtimoiy himoyalash nafaqalar to’lash bilan birga, ayrim tovar turlarini arzon baholarda sotishni yo’lga qo’yish, ayrim xizmat turlarini tekin yoki arzon baholarda ko’rsatish orqali amalga oshiriladi. Ijtimoiy himoyalash fondini shakllantirish davlat tomonidan zaruriy mahsulotning bir qismini aholi daromadlariga turli bilvosita va bevosita soliqlarni o’rnatish orqali umumlashtirish yo’li bilan amalga oshiriladi.