Ijtimoiy tuzum

Ijtimoiy tuzum – jamiyatning muayyan taraqqiyot bosqichiga xos bo’lgan ijtimoiy munosabatlar tizimi. Ijtimoiy tuzum jamiyatda qanday ijtimoiy munosabatlar amal qilishini aks ettiradi. Jamiyat odamlar va ular o’rtasidagi munosabatlardan tashkil topadi. Ularning o’zaro munosabatlari, shu jamiyatdagi tartib-qoidalar, mulkka egalik qilish, ishlab chiqarish munosabatlari shakli jamiyatning qanday tuzumda ekanligini ko’rsatadi. Har qanday Ijtimoiy tuzum asosida iqtisodiy munosabatlar yetakchi rol o’ynaydi. Ijtimoiy munosabatlar va uning boshqa shakllari bir-birini to’ldirib, yaxlit tizimni tashkil etadi. Sho’rolar tuzumida ijtimoiy mulkning roli haddan tashqari kuchaytirilib, xususiy mulk taqiqga uchradi. Natijada shaxs mulkidan begonalashib, o’z mulkiga egalik qilish huquqidan mahrum bo’lib qoldi. Bu holat jamiyatning iktisodiy asosi yemirilib borishiga yo’l ochdi va oxir-oqibatda mazkur totalitar tuzumning o’zi yemirildi. Marksistik kontsepsiyada Ijtimoiy tuzum tushunchasi formatsiyalar nuqtai nazaridan talqin etilib, har bir ijtimoiy-iqtisodiy formasiyaga mos keluvchi Ijtimoiy tuzum qaror topishi hakidagi g’oya ilgari surilgan. Ijtimoiy tuzum tushunchasi o’ta siyosiylashtirilib, u sinfiy kurash nuqtai nazaridan tushuntirilgan. Marksizmda jamiyat tarixida bo’lib o’tgan tuzumlarni sinflar paydo bo’lguncha o’tgan tuzumlar, sinfiy tuzumlar va sinfsiz tuzumlarga ajratib ko’rsatilgan. Unda sinflargacha davr ibtidoiy tuzum deb atalgan, sinfiy tuzum esa ikkiga ajratib talqin etilgan. Ularning birinchisi — antagonistik sinflar tuzumi: quldorlik, feodal va kapitalistik tuzum, ikkinchisi — noantagonistik sinflar tuzumi — sotsialistik tuzum va nihoyat sinfsiz tuzum — kommunizm hisoblangan. Marksistik kontsepsiyada sotsializm va kommunizm tuzumlari umumiy nom bilan kommunistik tuzum deb atalgan. Sotsializm kommunistik tuzumning quyi bosqichi (bunda bir-biriga dust sinflar bo’ladi), kommunizm esa kommunistik (sinflarsiz) tuzumning oliy boskichi deb hisoblangan. Bunda Ijtimoiy tuzumlarning biridan ikkinchisiga o’tishi va rivojlanishining asosiy omili sinfiy kurash deb uqtirilgan. Bu bilan marksist-mafkurachilar jamiyatni bir- biriga qarama-qarshi kuchlarga ajratib tashlagan. Bu kuchlardan bir tomonini ilg’or, ikkinchi tomonini esa reaktsion kuchlar deb atagan. Shunday qilib, marksistik mafkura jamiyatning asosini tashkil etuvchi ijtimoiy guruhlarish bir-biri bilan kelishmaydigan dushman kuchlar deb e’lon qilib, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo’yadi. Shu tariqa Marksizmda sotsialistik tuzum, garchi uning ishlab chiqaruvchi kuchlari kapitalistik tuzumdagi davlatlar singari rivojlanmagan bo’lsa ham, ijtimoiy taraqqiyotda yuqori pog’onada turadi deb ta’kidlanadi. Bu jamiyat taraqqiyotining ob’yektiv qonuniyatlariga zid xulosa edi. Jamiyatshunoslikda Ijtimoiy tuzumga marksistik yondashishdan tashkari etnik, tsivilizatsiyaviy, iqtisodiy, texnologik, diniy yondashishlar ham mavjuddir. Ularning umumiy jihati mazkur masalani ijtimoiy munosabatlarning muayyan shakliga tayanib aks ettirishi – ijtimoiy himoyadadir. Aslida Ijtimoiy tuzum tushunchasi jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar qanday rivojlanganligini ko’rsatuvchi tushuncha, xolos. Ijtimoiy munosabatlar qanchalik rivojlangan bo’lsa, ishlab chiqarish, texnika va texnologiya ham shunchalik rivojlangan bo’ladi, bu esa, o’z navbatida, ijtimoiy taraqqiyotning yuksalish darajasini belgilaydi. Ijtimoiy tuzumning ravnaqi ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishiga bog’liq bo’lsa, jamiyatning holati undagi ijtimoiy munosabatlar tizimiga bog’liqdir. Ijtimoiy munosabatlarning ravnaqi, o’z navbatida, ishlab chiqaruvchi kuchlarning, texnika va texnologiyaning rivojlanishiga sabab bo’ladi. Demak, jamiyat taraqqiyoti Ijtimoiy tuzum taraqqiyoti bilan chambarchas bog’langandir. Hozirgi paytda O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik ijtimoiy munosabatlarni ifodalovchi Ijtimoiy tuzum qaror topmoqda. Ad.: Mustaqillik mafkurasi va O’zbekistonda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy negizlari, T., 2001. Baxtiyor To’raev, Ro’zimboy Reimboyev.