Idrok

Idrok — tirik organizmning ma’lumotlarni qabul qilib, qayta ishlash jarayoni; organizmga ob’yektiv reallikni aks ettirish va tashqi olamdagi yangidan-yangi vaziyatlarni baholab, shunga yarasha harakat qilish imkonini beradi. Idrok ongning, miyaning ijodiy jarayonidir. Idrokning fiziologik asosi bosh miya yarim sharlari po’stlog’ining analiz va sintez faoliyatidan iborat. Bu faoliyat sezgi a’zolarimizga ta’sir qilib turgan narsalarning bitta xususiyati bilan emas, balki jami xususiyatlarining ta’siri bilan bog’liq. Idrok ana shu barcha xususiyatlar o’rtasidagi muvaqqat bog’lanish natijasida yuzaga keladi. Inson miyasining umumlashtiruvchi faoliyatiga asoslangan Idrok jarayoniga kishining tajribasi, bilim, abstrakt tafakkurning faoliyati va boshqalar ham ishtirok etadi. Shuning uchun kishilar ayni bir narsa yoki xrdisani yoshlari, ma’lumotlari, turmush tajribalari, kasblari, ijtimoiy chiqishlari, xarakter, qobiliyat va qiziqishlarida ko’rinadigan shaxsiy xususiyatlariga qarab har xil Idrok qiladilar. Masalan, tegishli ixtisosi bo’lmagan kishining birorta yangi mashinani Idrok qilishi ixtisosi bor odamning Idrokiga karaganda tor va yuzaki bo’ladi. Idrokning muhim xususiyatlaridan biri barqaror (konstant)ligidir. Inson bir vaqtda Idrok qilgan narsani o’z xotirasida saqlab qolish va uni kayta tiklash qobiliyatiga ega. Bir narsaning ana shunday qayta tiklangan timsoli Idrok jarayonining ajralmas qismi. Idrokning xususiyati ko’p jihatdan hissiy kechinmalarga (shodlik, g’amginlik, tajanglik va hokazolar) ham bog’liq. Masalan, kishining ta’bi xira vaqtida tabiat manzaralari unga allakanday so’niqdek ko’rinsa, ta’bi chog’vaqtida u butunlay boshqacha ko’rinadi. G’ayrat Shoumarov.