«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o’rganish markazi

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o’rganish markazi — O’zbekiston Respublikasidagi hukumatga qarashli bo’lmagan (nodavlat) ilmiy tadqiqot muassasasi. 1997 yil 25 iyunda tuzilgan. Asosiy vazifalari: inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilinishi, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish muammolari, shuningdek, ijtimoiy munosabatlar rivojining boshqa dolzarb masalalari bo’yicha jamoatchilik fikrini o’rganish; shu borada so’rovlar o’tkazish, so’rov yakunlarini umumlashtirish va taxlil etish. Markaz o’zbek, rus, ingliz tillarida «ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» jurnalini nashr etadi. Jamoatchilik fikri monitoringini, turli marketing va boshqa amaliy tadqiqotlarni o’tkazish; hukumat va nohukumat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, o’quv markazlari, ilm-fan vakillari ishtirokida munozara, davra suhbatlari, anjumanlar o’tkazish va shu kabilar markaz faoliyatining asosiy yunalishi hisoblanadi. Markazda sotsiologik tadqiqotlarni rejalashtirish, ekspertiza va tahlil, konkret sotsiologik tadqiqotlarning sotsiologik monitoringi, ishlab chiqarish-texnika, axborot va marketing bulimlari bor. Markazni axborot-tahliliy ma’lumot bilan ta’minlash, ijtimoiy fikr va demokratik taraqqiyot muammolarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritish, viloyatlardagi markaz bo’limlariga ilmiy-metodik maslahat bilan yordam ko’rsatish guruhlaridan iborat maxsus ijodiy jamoalar tuzilgan.