HARBIY BLOK
HARBIY BLOK — davlatlarning umumiy siyosiy, iqtisodiy va harbiy vazifalarni hal etish uchun birgalikda harakat qilish maqsadida tuzgan harbiy-siyosiy ittifoqi yoki shartnomasi. Harbiy bloklar tuzish jahonning ikki qutbga bo’linishi sharoitida avj olgandi. AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) tuzilgan bo’lsa, sobiq SSSR va uning ittifoqchilari Varshava shartnomasi harbiy blokini tashkil qilgandilar (1955-yil 14-may). Bu hol o’sha paytda har ikki qutb orasida ziddiyatning keskinlashishiga olib keldi. Sotsialistik tizim yemirilishi bilan SSSR, Albaniya, Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya davlatlari a‘zo bo’lgan Varshava shartnomasi o’z-o’zidan barham topdi (1991-yil 1-iyul). Janubisharqiy Osiyo davlatlarining bir qismini birlashtirish maqsadida 1954-yil Manila (Filippin) shahrida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Tailand, Filippin va Pokiston vakillari tomonidan imzolangan SEATO (Janubi-sharqiy Osiyo shartnomasi tashkiloti) harbiy blokini esa 1975-yil sentabrda tarqatib yuborishga qaror qilingan. Yaqin va O’rta Sharqdagi harbiy siyosiy tashkilot – SENTO (Markaziy shartnoma tashkiloti) tuzilganda (1955) unga Buyuk Britaniya, Turkiya, Iroq, Eron va Pokiston a‘zo bo’lib kirgan edi. Bu tashkilot 1979-yil avgustda o’z faoliyatini to’xtatgan.