HARBIY XAVFSIZLIKKA TAHDID

HARBIY XAVFSIZLIKKA TAHDID — qurol-yarog’ ishlatish yo’li bilan mamlakatning ozodligiga, mustaqilligiga suverenitetiga, davlat birligiga, hududiy yaxlitligiga, uning milliy mulkiga, milliy qadriyatlari va manfaatlariga qaratilishi mumkin bo’lgan tahdid; harbiy bayonotlar; namoyishkorona harakatlar, shantaj, bosim, harbiy vositalarni ishlatish yo’li bilan amalga oshiriladigan hatti-harakatlar, tasodifiy harbiy to’qnashuvlar, shuningdek, tasodifiy yadro urushining yuzaga kelish imkoniyati. Uning manbalari quyidagilar: ekstremistik-ekspansiv maqsadlarda harbiy tazyiq qo’llashning mumkinligini tan olinishidan kelib chiqadigan harbiy doktrinalar va harbiy siyosat; boshqa davlatlar harbiy qudratining ularning mudofaa ehtiyojlaridan ortiq darajada kuchayishi, yadro qurolining mavjudligi va yadro urushi xavfining saqlanib qolishi; yadroviy imkoniyatni qo’lga kiritishga intilayotgan bir guruh davlatlarning mavjudligi; harbiy-siyosiy notinchlikning keskinlashuvi (mintaqaviy va umumbashariy); harbiysiyosiy keskinlik o’choqlarining va qurolli nizolarning davlat chegarasida va uning hududida mavjudligi; harbiy razvedkalar faolligining o’sishi; harbiy xavfsizlikka oid shartnomalarning buzilishi va h.k.