IJTIMOIY TUZUM

IJTIMOIY TUZUM — jamiyatning muayyan taraqqiyot bosqichiga xos bo’lgan ijtimoiy munosabatlar tizimi. Ijtimoiy tuzum jamiyatda qanday ijtimoiy munosabatlar amal kilishini aks ettiradi. Jamiyat odamlar va ular o’rtasidagi munosabatlardan tashkil topadi. Har qanday Ijtimoiy tuzum asosida iqtisodiy munosabatlar yetakchi rol o’ynaydi. Ijtimoiy munosabatlar va uning boshqa shakllari bir-birini to’ldirib, yaxlit tizimni tashkil etadi. Ijtimoiy tuzum tushunchasi jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar qanday rivojlanganligini ko’rsatuvchi tushunchadir. Ijtimoiy munosabatlar qanchalik rivojlangan bo’lsa, ishlab chiqarish, texnika va texnologiya ham shunchalik rivojlangan bo’ladi, bu esa, o’z navbatida, ijtimoiy taraqqiyotning yuksalish darajasini belgilaydi. Ijtimoiy tuzumning ravnaqi ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishiga bog’liq bo’lsa, jamiyatning holati undagi ijtimoiy munosabatlar tizimiga bog’liqdir. Ijtimoiy munosabatlarning ravnaqi, o’z navbatida, ishlab chiqaruvchi kuchlarning, texnika va texnologiyaning rivojlanishiga sabab bo’ladi. Demak, jamiyat taraqqiyoti Ijtimoiy tuzum taraqqiyoti bilan chambarchas boglangandir. Hozirgi paytda O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik ijtimoiy munosabatlarni ifodalovchi Ijtimoiy tuzum qaror topmoqda.