Amin Umariy (1913-1942)
Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili Amin Umariy 1913 yili Qo‘qonda xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Otasi Umar aka eski maktablarda muallimlik qilgan. Onasi Nisobibi didli, zukko ayol hisoblangan. Shu sabab Amin Umariy oilada yaxshi tarbiya ko‘rgan, xatli-savodli bo‘lib voyaga yetgan. Uning bolaligi o‘lkada inqilobiy ko‘tarilishlar avjga minayotgan davrga to‘g‘ri kelgan.
U o‘rta maktabni tugatib, 1930 yilda Samarqand Davlat pedakademiyasiga o‘qishga kirib, uni 1935 yilda a’lo baholar bilan yakunlaydi. Bu yerda u H. Olimjon, Uyg‘un, Oydin kabi iste’dodli adiblar bilan hamnafas bo‘ladi. 1937 yilda Samarqanddan Toshkentga ko‘chib keladi va shu yili O‘zbekiston Yozuvchilari a’zoligiga qabul qilinadi. Shoirning maktab yillarida boshlangan ijodi xuddi shu davrga kelib gullay boshlaydi. Uning «Salom, maktab!» ilk she’ri 1930 yilda, «Yangroq sadolar» nomli birinchi to‘plami esa 1932 yilda nashr etiladi. To‘plamdagi ko‘pgina she’rlarda o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan mavzular yetakchilik qiladi. Jumladan, «Qaynayotgan tseximiz» she’rida sanoat mavzui, «Bolshevik homiysi»da paxtakor dehqon mehnati va «Zarbachi erlar» she’rida ma’rifat mavzui o‘z aksini topadi.
1938 yilga kelib, Amin Umariyning «Davr tantanasi» nomli ikkinchi she’riy to‘plami yuzaga keladi. Mazkur to‘plamdagi she’rlar ancha puxta, mavzui jihatidan juda boy edi. Uning «Yoshlik» (1935) nomli to‘plami shoir ijodidagi ko‘tarilishdan darak beradi. «Farzand» (1937), «Sadoqat» (1938), «Qo‘shiqlar», «Ijod bog‘ida» kabi to‘plamlari ketma-ket yaratildi. Shoir bu yillarda Toshkent Davlat pedagogika institutida muallimlik qildi. «Guliston» jurnalida, O‘zbekiston Davlat nashriyotida faollik ko‘rsatdi, tarjimon va munaqqid sifatida qalam tebratdi.
Amin Umariy «She’rlar», «Bolalik qo‘shiqlari», «Ovozim», «Quyosh jarchisi» (1939—1941 yillar) kabi to‘plamlar yaratdi, bolalar shoiri sifatida «Bolalik qo‘shiqlari» (1938) kitobini chop ettirdi.
Amin Umariy urush yillarida yana ham jonbozlik ko‘rsatdi. Uning «Qasamyod» (1942) nomli she’riy to‘plami o‘sha davrning jangovar ruhi bilan to‘la.
U dramaturg sifatida K. Yashin bilan birga «Hamza» (1941), Tuyg‘un bilan birga «Qasos» dramalarini yozdi.
Nosir sifatida «Asad» (1932), «Qozon yo‘lida» (1938), «Toshotar» (1939) kabi hikoya va ocherklar to‘plamlarini yaratdi.
Shoir va dramaturg, nosir va tarjimon Amin Umariy avji ijodi qaynagan davrda — 1942 yil 14 noyabrda Bekobod metallurgiya zavodi qurilishidan qaytgach, betoblikdan vafot etadi.