SOVET ITTIFOQI KOMMUNISTIK PARTIYASI
SOVET ITTIFOQI KOMMUNISTIK PARTIYASI (KPSS) — SSSRda faoliyat ko’rsatgan siyosiy partiya. 1898-yil martdan sotsial-demokratik ishchilar partiyasi sifatida tashkil topdi. 1903-yil iyul-avgustda bo’lgan partiyaning 2-s‘yezdida u bolsheviklar va mensheviklarta ajraldi. Bolsheviklarga V.I.Lenin, mensheviklarga L.Martov va G.V.Plexanov yetakchilik qilgan. 1917-yilgi oktabr to’ntarishi natijasida bolsheviklar Rossiyada hokimiyat tepasiga keldi va avval V.I.Lenin, keyinchalik (1920- yillardan) I.V.Stalin boshchiligida davlat totalitar rejimining tayanchi bo’lib qoldi. Partiyaning 8-s‘yezdida (1919) qabul qilingan dastur kapitalizmdan sotsializmga o’tish prinsiplarini umumiy tarzda e‘lon qildi. 1920-yillar boshiga kelib bolshevik rahbarlar mamlakatdagi boshqa barcha siyosiy partiyalar faoliyatini man qildi. Kommunistik partiya markazda ham, joylarda ham hokimiyatning barcha dastaklarini o’z qo’liga olgan yagona siyosiy partiya bo’lib qoldi. 1922-yildan partiya MK bosh kotibi lavozimini egallab kelgan I.V.Stalin guruhi partiyaning Trotskiy va Zinovev, Buxarin va Rikov singari boshqa rahbarlari ustidan keskin kurashlarda g’alaba qozonishi (20-yillarning oxiri – 30-yillarning boshi) oqibatida bir partiyalik tizim mustahkamlandi. Ommaviy qirg’inlar kuchayib, ularga KPSS rahnamolik qildi. KPSS rahbarligi davrida butun jamiyat, aslida, «kommunist – komsomol – pioner – oktabryat» zanjiriga birlashtirilgan edi. Erkin fikr man qilindi, kommunistik g’oyani qabul qilmaganlar tazyiq va ta‘qibga uchradi, dushman sifatida yo’qotib borildi. KPSS siyosati natijasida mamlakatda xalqdan ajralib qolgan, ishi bilan so’zi mos kelmaydigan, faqat o’z manfaatini o’ylaydigan, jamiyatda boshqalardan ko’ra yaxshiroq yashaydigan o’ziga xos siyosiy qatlam vujudga keldi. KPSS baynalmilal siyosatga amal qilish bahonasida o’z g’oyasi va ta‘sirini jahonga tarqatishga, xalqaro kommunistik harakatni kuchaytirishga urindi. Shu asosda ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropa davlatlari, keyinroq Osiyo va Afrikadagi ayrim mamlakatlarga, Kubaga markscha-lenincha g’oya tiqishtirildi. Natijada dunyoda mafkuraviy-siyosiy qarama-qarshiliklar kuchaydi. Bu partiyaning mutlaq hukmronligi butun ittifoqda bo’lgani kabi O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotiga ham salbiy ta‘sir ko’rsatdi. O’zbekiston partiya tashkiloti respublika manfaatlarini hisobga olmasdan (ko’pincha bu manfaatlarga zid keladigan) Moskvada ishlab chiqilgan qarorlarni bajarib keldi. Ma‘muriy buyruqbozlik usullari bilan ish olib borgan partiya qo’mitalari joylardagi har qanday mustaqil fikr va tashabbuslarni bo’g’ar, demokratik asoslarni yo’qqa chiqarardi. Markaz VKP(b) MK O’rta Osiyo byurosi orqali O’zbekistondagi vaziyatni boshqarib turgan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, mohiyat e‘tiboriga ko’ra o’zbek xalqining milliy tabiati va qadriyatlariga zid bo’lgan, chetdan zo’ravonlik bilan joriy etilgan kommunistik partiya faoliyati to’xtatildi.