AMMON
AMMON — Iordaniya poytaxti. Mamlakatning shimoliy-g’arbida, Zarqa vodiysida joylashgan. Aholisi 1,6 million kishi (1998). Savdo, sanoat va madaniyat markazi. Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Neftni qayta ishlash, tsement, to’qimachilik, tamaki, ko’n-teri, oziq-ovqat (meva va sabzavot konservalash, sut zavodlari, qandolatchilik fabrikasi) sanoati korxonalari bor. Turizm rivojlangan. Unt, arxeologiya va Islom muzeylari bor. Shahar qadimda Rabot -Ammon nomi bilan mashhur bo’lgan, yunonlar va rimliklar hukmronligi davrida Filadelfiya deb atalgan. 7— 9-asrlarda Arab xalifaligi tarkibiga kirgan. 10-asrda xalifalik parchalangach, Misr va Suriyadagi turli davlatlar tasarrufida bo’lgan. 1516— 1918 yillarda Turkiya sultonligi tarkibida. 1921 yilda Transiordaniya amirligi tuzilgach, uning poytaxti, 1946 yildan mustaqil Hoshimiylar podsholigining poytaxti. Shaharda milodiy boshlariga oid teatr, ibodatxona binolari xarobalari, arablar davrida qurilgan qal’a, 19 asrda bunyod etilgan saroylar, Al-Husayn masjidi (1924) va boshqalar saqlangan. Hozirgi Ammonda 3-4 qavatli zamonaviy binolar qurilgan.