Malika Abdullaxo‘jayeva (1932-2018)
Malika Abdullaxo‘jayeva 1932 yil 28 noyabrda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tug‘ilgan. 1956 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasi Miya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. U O‘zbekiston Qahramoni unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
M.Abdullaxo‘jayeva o‘z mehnat faoliyatini 1960 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti assistenti sifatida boshlagan. Olima qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti (hozirgi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi) laboratoriyasi mudiri, Toshkent davlat tibbiyot institutida kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi patologoanatomik markazi direktori kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
Olimaning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 300 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 10 ga yaqin mualliflik ishlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.