Mamatqul Hazratqulov (1947)
Mamatqul Hazratqulov 1947 yil 1 fevralda Samarkand viloyati Urgut tumanidagi Mingbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1988). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1970).
«O‘zbekiston madaniyati» gazetasi redaktsiyasida, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida mas’ul kotib (1981-1991), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida (1991-1993) mas’ul xodim, O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot agentligi — O‘zAning bosh direktori, O‘zbekiston kino-kompaniyasida mas’ul bo‘lib ishlagan.
«Oqqush» (1978), «Cho‘li iroq» (1982), «Hayotning bir parchasi» (1984), «Intizor» (1985), «Quyosh men tomonda» (1986), «Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari» (1987), «Jur’at» (1989), «Eshiklar ochiq» (1991), «Chiroq o‘chmagan kecha» (2002), «Ko‘kko‘l» (2005) kabi hikoya va qissalar to‘plamlari nashr etilgan. «Mehr ko‘p ko‘rgazdim» (1989), «Mehmon» (1986), «Qadrim» (1992), «Afandining yangi sarguzashtlari» (1993) nomli pesalar muallifi. Bir necha novella va hikoyalari, telepesalari televideniye orqali namoyish qilingan.
Adibning hikoya va qissalari rus, tatar, ozarboyjon, qoraqalpoq tillariga ham tarjima qilingan. L. Tolstoy, V. Shukshin kabi rus adiblari, shuningdek, ozarbayjon, tojik, tatar va yapon yozuvchilarining hikoya va qissalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. «Lev Tolstoy va o‘zbek adabiyoti» (1980) degan risolasi ham bor.