AMUDARYO XAZINASI

AMUDARYO XAZINASI, “O’kuz xazinasi” — miloddan avvalgi 4-2-asrlarga oid zargarlik buyumlari majmuasi. 1877 yil Vaxsh va Panj daryolarining Amudaryoga quyilish yerida, Taxtiqubod kechuvi yaqinida topilgan, 179 oltin va 7 kumush buyum hamda o’sha davrlarda zarb qilingan 1500 ta kumush va chaqa (asosan miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 2-asr boshi) tangadan iborat. Oltin zeb-ziynatlar, bilaguzuk, uzuk, zirak, marjon, bo’yintumor, to’qa va muhrlar hamda odam, kiyik, echki, g’oz, baliq va boshqa jonivorlarning quyma oltin haykalchalari, shuningdek, oltindan yasalgan ot-aravacha, jomchalar bor. Buyumlarni turli davr ustalari ishlagan bo’lib, Axomaniylar, mahalliy Yunon-Baqtriya va saklar madaniyatiga mansub. Oltin va kumush tangalarga makedoniyalik Iskandar, Salavkiylar hamda Yunon-Baqtriya davlati hukmdorlari Diodot va Evtidemlar nomlari zarb qilingan ular Afg’oniston va Xindiston orqali Londondagi Britaniya muzeyiga (1897) olib ketilgan. Buyumlardagi naqshlar va quyma haykalchalar skiflarning “podsho maqbaralari”dan topilgan oltin va kumush buyumlardagi jangchi va hayvon tasvirlariga o’xshab ketadi. Bu Gerodotnit “saklar qora dengiz bo’ylarida yashovchi skiflar bilan yaqin” degan ma’lumotini tasdiqlaydi. Amudaryo xazinasi Kichik Osiyo, Eron va Turonni qamrab olgan ulkan hududda miloddan avvalgi 5-3-asrlarda yashagan xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayoti bilan chambarchas bog’liq bo’lgan Nodir yodgorlikdir. Ad-: Amudarinskiy klad: katalog vistavki, L., 1979.