ANALOGIYA

ANALOGIYA (Yunoncha analogia — muvofiqlik, aynanlik, o’xshashlik) — 1) (falsafada) predmet va hodisalarda biror xususiyatning o’xshashligi. Mantikda Analogiya yordamida ikki predmetning kandaydir bir xususiyati o’xshasa, boshqa xususiyatlari ham o’xshashligi haqida xulosa chiqariladi. Chiqarilgan xulosaning to’g’ri yoki noto’g’riligini bilish uchun uni amaliyotda tekshirib va sinab ko’rish lozim; 2) (huquqda) biror tayin harakat qonunda bevosita ko’rsatilmagan holda shunga o’xshash hodisani ko’zda tutadigan huquqiy normani mazkur harakatga tatbiq etish. Huquqning ayrim tarmoqlarida, jumladan fuqarolik huquqida biror xil da’vo to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatilmagan bo’lsa, sud shunga o’xshash munosabatlarni ko’zda tutadigan boshqa qonunni qo’llaydi. Jinoyat qonunida 1959 yilgacha qo’llanib kelingan bu qoida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlangan. O’zbekiston Respubliasi Jinoyat Kodeksining 4-moddasida ko’rsatilishicha, sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanadi. O’zbekiston Respubliasi Jinoyat Kodeksining 9-moddasiga binoan, shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlansagina javobgar bo’ladi; 3) (tilshunoslikda) til unsurlarining (so’z yasalishi, shakl yasalishi va boshqa holatlarda) muayyan munosabat ta’sirida aynanlik kasb etishi. Masalan, “ko’r” ob’yektli fe’lga “qara” ob’yektsiz fe’l sinonim bo’lib kelishi (uchishini ko’r — qara), “ko’r” ko’makchi fe’lga “boq” fe’lning sinonim bo’lishi (qilib ko’r — boq); 4) (biologiyada) turli manbalardan kelib chiqqan, lekin bir xil vazifani bajaradigan, tashqi ko’rinishi ham ana shu vazifaga moslangan ozmi-ko’pmi bir-biriga o’xshab ketadigan organlar va bo’laklarning o’xshashligi. Bajaradigan vazifalari bir xil, lekin kelib chiqishi turlicha bo’lgan organlar analogik organlar deb ataladi. Bularga qush va kapalaklar qanoti, baliq va qisqichbaqalar jabrasi, zirk va do’lanalar tikani misol bo’la oladi. Analogik organlarning o’xshashligi faqat tashqi tomondan. Ularning embrional rivojlanishida katta tafovut bor. Masalan, qush qanoti maxsus oyoq murtagidan paydo bo’ladi, hasharot qanoti esa teridan o’sib chiqadi. Zirkning tikani ko’rinishi o’zgargan barg, do’lananing tikani esa ko’rinishi o’zgargan shoxchadir.