ANATOMIYA

ANATOMIYA (Yunoncha anatome — kesaman, yoraman) — ayrim a’zolar, sistemalar va butun organizmning shakli va tuzilishini o’rganadigan fan; morfologiyaning bir qismi. Anatomiya hayvonlar Anatomiyasi (zootomiya) va o’simliklar anatomiyasi (fitotomiya) ga bo’linadi. Hayvonlar Anatomiyasidan odam Anatomiyasi (antropotomiya) ajratiladi. Odam va hayvonlar organizmi evolyutsiyasining asosiy bosqichlarini o’rganadigan qiyosiy (solishtirma) Anatomiya ham bor. “Anatomiya” termini ko’proq odam Anatomiyasini ifodalash uchun ishlatiladi. Odam Anatomiyasiga inson organizmi faoliyati haqidagi fan — fiziologiya bilan bir butun holda qaraladi. Anatomiya har bir a’zoning kishi jinsi va yoshiga qarab o’zgarish xususiyatlarini, atrof muhit hamda mehnat faoliyatining a’zolar tuzilishi, vazifasiga ta’sirini ham o’rganadi. Dastlab har bir a’zo alohida-alohida o’rganilgan bo’lsa, keyinchalik a’zolarning o’zaro munosabatlarini, ularning bir sistemaga birlashish qonuniyatlarini, organism bir butun bo’lib, uni tashqi muhit bilan chambarchas bog’liqligini, a’zolarning shakli bilan funktsiyasi o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni hisobga olgan holda o’rganila boshlandi. Anatomiyaga oid dastlabki ma’lumotlar eng qadimgi Xitoy va hind asarlarida, shuningdek Gippokrat, Aristotel (Arastu) asarlari va ayniqsa Aleksandriya maktabi vakillarining asarlarida uchraydi. Keyinchalik Abu Ali Ibn Sinoning 5 jildli “Tib qonunlari” asarida tibbiyotning barcha sohalariga, xususan Anatomiyaga oid mukammal ma’lumot berildi. Italyan rassomi Leonardo da Vinchi murdani yorib tekshirib normal Anatomiyaning bir qadar mufassal tavsifini bergan. Hozirgi zamon Anatomiyasi Uyg’onish davridan, ya’ni yevropalik anatom-olim A. Vezaliy murdalarni yorib tekshirib, odam tanasi tuzilishining to’liq, sistematik va aniq tavsifini bergan vaqtdan boshlanadi. Anatomiya umuman normal a’zo va to’qimalarning shakli va tuzilishini o’rgangani uchun normal Anatomiya deb ataladi. Normal Anatomiya, organizmning funktsional sistemalariga muvofiq ravishda suyaklar haqidagi ta’limot — osteologiya, bo’g’imlar haqidagi ta’limot — artrologiya, muskullar haqidagi ta’limot — miologiya, ichki a’zolar haqidagi ta’limot —splanxnologiya, qon aylanish va limfa sistemasi haqidagi ta’limot — angiologiya, Markaziy va pereferik nerv sistemasi haqidagi ta’limot — nevrologiya, sezgi a’zolari haqidagi ta’limot — esteziologiya va ichki sekresiya bezlari haqidagi ta’limot — endokrinologiyatga bo’linadi. Anatomiyadan quyidagi fanlar ajralib chiqqan: gistologiya (a’zo va to’qimalarning mikroskopik tuzilishini o’rganadi); patologik Anatomiya (kasallik oqibatida o’zgargan a’zo va to’qimalarning shakli va tuzilishini o’rganadi), topografik yoki amaliy Anatomiya (xirurgik Anatomiya ham deyiladi, odam tanasida a’zo va to’qimalarning joylanishini o’rganadi). Bundan tashqari, vazifasi tasviriy san’at (rassomchilik, haykaltaroshlik) uchun odam gavdasining tashqi ko’rinishini tasvirlab berishdan iborat bo’lgan plastik Anatomiya, a’zolarning shakllari va tuzilishini ularning faoliyati bilan bog’liq holda o’rganadigan funktsional yoki nazariy Anatomiya, yosh Anatomiyasi va boshqa Anatomiyalar ham bor. Miyaning faoliyati bilan bog’liq holda uning noziq tuzilishi, qon va limfa tomirlarining nerv bilan ta’minlanishi, bir qismi ishdan chiqqan qon aylanish sistemasining tiklanish (kompensasiya) qobiliyati va boshqa masalalar ham Anatomiyaning tadqiqot mavzuidir. Anatomiyaning asosiy va eng qadimgi o’rganish usulidan foydalanilgan, bora-bora kesib preparatlar tayyorlash, arralash, qon tomirlarga turli suyukliklar yuborish, rentgen nuri va mikroskopii qo’llash usullari joriy etildi: tirik odamda esa paypaslab ko’rish, perkussiya (barmoq yoki bolg’acha bilan urib o’rganish) yoki auskultasiya (eshitib ko’rish) usullari qo’llanila boshlandi. Bundan tashqari, Anatomiya (proektsion Anatomiya) hayvonlar va sog’lom odamlarda (tashqi belgilarga qarab) chuqurroq yotgan a’zolarning joylanishini tajriba yo’li bilan aniqlaydi. O’zbekistonda Anatomiya fanining haqiqiy rivoji 1940-50 yillarga to’g’ri keladi. O’zbek olimlaridan H. Z. Zohidov Markaziy nerv sistemasining ayrim sohalarini, odamning yoshiga xos tuzilishini, R. E. Xudoyberdiyev nerv sistemasining qon bilan ta’minlanishini, qon tomirlar Anatomiyasini, M. N. Xolqo’ziyev vegetativ nerv sistemasi Anatomiyasini, N. K. Ahmedov periferik nerv sistemasiga rentgen nurlarining ta’sirini o’rgandilar. Olimlardan S. Sh. Shahrbiddinov, A. T. Okdlov, F. N. Bahodirov, N. A. Ibodov, I. K. Qosimxo’jayevlar ham Anatomiya rivojlanishiga munosib hissa qo’shdilar. Hozir Anatomiyaning dolzarb masalalari — jigar, tomirlarning normal va regenerasiya sharoitidagi o’zgarishlari hamda nervlarning tiklanishi va periferik qon aylanishi ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ad:. Ahmedov N. K., Shomirzaev N. X., Normal va topografik anatomiya, T., 1991; Ahmedov N. K., Atlas. Odam anatomiyasi, 1— 2-1., T., 1996-97. Nosir Ahmedov.