Alimentar distrofiya

Alimentar distrofiya – (lotincha – ovqatga aloqador) – shish kasalligi-me’yorida ovqat yemaslik oqibatida kelib chiqadigan kasallik. Umumiy ozib ketishlik, modda almashinuvi barcha turlarining rivojlanib borayotgan buzilishi va to’qimalar hamda organlarning funksiyasi buzilishi bilan bog’liq distrofiya bilan tavsiflanadi. Kasallikning o’tish shakli Alimentar distrofiyaning dastlabki sababi hisoblangan sharoit (ekinlarning bitmasligi, suv toshqini, epidemiya, urush, qamal va hokazolar) bilan bog’liq bo’ladi.

Alimentar distrofiyaning asosiy sababi – iste’mol qilinayotgan ovqat kaloriyasi yetishmasligining davomiyligi (haftalab, oylab davom etishi). Ovqat tanqislik darajasi turlicha bo’lishi mumkin. Alimentar distrofiyaning rivojlanishida faqat umumiy kaloriyaning pasayishigina emas, balki ovqat turning sifat jihatdan o’zgarishi ham ahamiyatga ega hisoblanadi: hayvonlar oqsillarning yetishmasligi yoki ovqat tarkibida o’simliklarga xos oqsillarning miqdori ko’p bo’lishligi. Oqsillar va yog’lar taqchilligida kaloriyaning umumiy pasayishidan tashqari, o’rnini to’ldirib bo’lmaydigan aminokislotalar, yog’ kislotalari va vitaminlar yetishmasligi ham uchraydi. Aholining qashshoq holatidan kelib chiquvchi boshqa omillar (asabiy-emotsional zo’riqish, sovuq, og’ir jismoniy mehnat) ham odatda asosiy sabablar qatoriga kiradi. Infektsiya, ayniqsa ichak yuqumli kasalliklari Alimentar distrofiyaning rivojlanishi va og’irlashishini kuchaytiradi. Alimentar distrofiya kasalliklari klinik kasallik qatoriga kiradi, organizmga kerakli miqdorda ko’plab oziq moddalarning tushmasligi oqibatida gomeostaz buzilish tarzida namoyon bo’ladi. Kasallikning klinik ko’rinishi og’irligiga bog’liq holda Alimentar distrofiya uch bosqichi farqalanadi:

I bosqich-ovqatlanishda kaloriyaning sezilarli pasayganligi, ishtahaning ortganligi, tashnalik, osh tuzini ortiqcha iste’mol qilish. Kasallar nisbatan mehnatga layoqatli, serzarda, dag’al bo’lishi mumkin.

II bosqich-bo’yin, ko’krak, qorin va dumg’aza qismidagi yog’ to’qimalarining to’liq yo’qolishi bilan bog’liq vaznning keskin pasayishi. Terining salqib qolishi seziladi. Umumiy holat yomonlashadi, toliqqanlik seziladi, mehnatga layoqat pasayadi yoki yo’qoladi. Ishtaha kuchayadi, chanqoq zo’rayadi, tana harorati 34 gradusga pasayadi. Ruhiyat ham o’zgaradi.

III bosqich-yog’ mutlaqo yo’qoladi. Toliqqanlik yaqqol namoyon bo’ladi, muskul mushakli chuqur atrofini o’raydi, xalta-xalta bo’lib osilib qoladi, ruhiyat keskin o’zgaradi, shaxs tanazzulga uchraydi. Barcha a’zolarning asta-sekin shikastlanishi yuz beradi, ya’ni ichki sekretsiya bezlari, yurak-qon tomir tizimi, markaziy asab tizimi va boshqalar izdan chiqadi.

Alimentar distrofiyaning umumiy istiqboli ovqatlanishdagi taqchillikka sabab bo’lgan vaziyatning og’irligi hamda davomiyligi bilan belgilanadi. Ochlikdan o’sal holga yetish tezkor choralarni talab qiluvchi Alimentar distrofiya o’tishidagi eng og’ir holat hisoblanadi, bunda kasalni maxsus davolash (bemorni isitish, tez-tez oz-ozdan ovqatlantirish, to’liq ham jismoniy, ham ruhiy tinchlikka rioya qilish va hokazolar) zarur. Alimentar distrofiyaning oldini olsih yakka tartibda (ruhiy bemorlarda, onkologik kasalliklarda) va ijtimoiy (davlat tomonidan ofatlarni bartaraf etish qaratilgan) tartibda amalga oshiriladigan bo’lishi mumkin. Keyingi holda, ya’ni tabiiy ofatlar aholining ovqatlanishida uzoq vaqt davom etadigan og’ir ahvolga, taqchillikka sabab bo’lishi mumkin.