ANDIJON ADIRLARI
ANDIJON ADIRLARI (Beshbo’z adirlari) — Farg’ona vodiysining Janubi- sharqidagi qirlar. G’arbda Shahrixonsoy va Sharqda Andijonsoy oralig’ida. Mutlaq balandligi 700— 1000 metr va undan baland. Nisbiy balandligi 200 — 400 metr. Andijon adirlari yuqori neogen va to’rtlamchi davr jinslari: konglomerat, gil, qumtosh, mergelli qumloq, shag’al va boshqalardan tashkil topgan. Ayrim joylarda adirlarning tub jinslari qalin lyossimon yotqiziqlar bilan qoplangan. Tuzilishi jihatidan adirlar qisqa antiklinal burmalardan iborat. Markaziy qismida baland ko’tarilgan qadimgi yuzalar mavjud, chekkalarida yoshroq yuzalar bo’lib, ular bir-birlaridan tik erozion yon bag’irlar bilan ajralgan. Andijon adirlarini quruq soy va jarlar bo’lib yuborgan. Qiya yon bag’irlarida ba’zan tuproq qatlami butunlay yo’q, ayrim joylarda tub jinslar yuzasi ochilib qolgan. Tipik bo’z tuproqlar tarqalgan. Asosan efemerlar o’sadi, ba’zi yerlarida lalmi dehqonchilik qilinadi.