Pirimqul Qodirov (1928-2010)
Pirimqul Qodirov (1928.25.10. Tojikiston Respublikasi Shahriston tumani Kengko‘l qishlog‘i — 2010) — yozuvchi, adabiyotshunos olim. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1988). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978).
O‘rta Osiyo universitetining sharqshunoslik fakultetini (1951) tugatgan. SSSR Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi (1954—63), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1963—83), O‘zbekiston Respublikasi Adabiyot, san’at va me’morlik sohasidagi Davlat mukofotlari qo‘mitasi raisi (1989—94), O‘zbekiston Oliy Kengashi (Madaniyat va madaniy meros qo‘mitasi raisi; 1991—95), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari; 1997— 2000) deputati bo‘lib ishlagan.
Dastlabki hikoyasi — «Studentlar» (1951). Shundan keyin Pirimqul Qodirov yoshlar hayoti haqidagi «Uch ildiz» (1958, roman), mustabid tuzum sharoitida ichki erkini yo‘qotgan, mutelik dardiga giriftor bo‘lgan qahramonlar hayoti aks etgan «Qadrim» (1961) va «Erk» (1968) qissalarini yozgan. Zamonaviy mavzularga bag‘ishlangan bu va boshqa asarlarida Pirimqul Qodirov 2-jahon urushi yillarida kechgan mashaqqatli hayoti faktlari hamda shu davr haqidagi taassurot va mushohadalaridan samarali foydalangan. Zamonaviy mavzularga bag‘ishlangan «Qora ko‘zlar» (1966) va «Olmos kamar» (1976) romanlarida Pirimqul Qodirov ma’naviy-axloqiy masalalar bilan birga voqelikda, xususan, qishloq hayotida mavjud bo‘lgan jiddiy muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratgan.
Sho‘ro mafkurasi 70-yillarda tarixiy mavzuning yoritilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, Pirimqul Qodirov Abdulla Qodiriy, Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim an’analarini davom ettirib, «Yulduzli tunlar» (1979) romanini yozdi. Yozuvchi bu asarida o‘zbek xalqi tarixining muhim sahifalarilan biri – buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur siymosiga murojaat etib, uning murakkab va mashaqqatli hayot yo‘lini tarixan haqqoniy gavdalantirib berdi. Keyinchalik ushbu asarning davomi — «Avlodlar dovoni» (1989) romanini nashr etdi.
Pirimqul Qodirov «Yulduzli tunlar» («Bobur») va «Avlodlar dovoni» romanlarida Bobur, Humoyun va Akbarning hayot yo‘lini kuzatish orqali Boburiylar saltanatining vujudga kelishi va ravnaq topishini yorqin tasvirlashga erishgan. U uzoq o‘tmishda va o‘zga mamlakatda ro‘y bergan voqealarni tasvirlashda o‘z fantaziyasiga emas, balki o‘zi e’tirof etganidek, «tarix fantaziyasi»ga, ya’ni chindan sodir bo‘lgan voqealarga ko‘proq asoslangan har ikkala asar ham keng kitobxonlar tarafidan samimiy kutib olinganiga qaramasdan, sho‘ro mafkurasi tomonidan keskin tanqid qilinib, muallif o‘tmishni ideallashtirishda ayblandi.
Paxta yakkahokimligi davrida o‘zbek xalqi boshiga tushgan jabru jafolar o‘zbek adabiyotida ilk bor «Meros» (1974) qissasida o‘z ifodasini topdi. Pirimqul Qodirov shu davrda qissa janrida samarali ijod qilib, bolalar va yoshlar hayotidan olingan «Akramning sarguzashtlari» (1974), «Yayra institutga kirmoqchi» (1979), shuningdek, ma’naviy-axloqiy masalalarga bag‘ishlangan «Najot» («Baxillar va botirlar», 1980) qissalarini ham e’lon qildi. «Ona lochin nidosi» (2000) romanida 15-asrdagi Movarounnahrning ijtimoiy-madaniy va ma’naviy hayoti keng aks ettirilgan. Yozuvchi so‘nggi yillarda «Qalb ko‘zlari (badialar, o‘ylar, esdaliklar)» (2001) kitobini chop etib, shu yo‘nalishdagi yangi badia(esse)lar ustida ish olib bormoqda.
Pirimqul Qodirov adabiyotshunos olim sifatida o‘zbek tili va adabiyotining ilmiy-nazariy masalalari bilan shug‘ullanib, «Til va dil» (1972), «Xalq tili va realistik proza» (1973), «Til va el» (2005) risolalarini hamda 2 jildli «Adabiyot nazariyasi» uchun «Adabiy asarning tili» va «Adabiy jarayon» boblarini yozdi.
Pirimqul Qodirovning «Qadrim» qissasi asosida «Sening izlaring» (rejissyor R.Botirov) badiiy filmi, «Yulduzli tunlar» romani va «Jon shirin» hikoyasi asosida ko‘p seriyali videofilmlar (rejissyor M.Yusupov) suratga olingan. Uning «Bobur» pesasi (rejissyor B. Yo‘ldoshev) uzoq yillar mobaynida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida, «Insof» pesasi esa viloyat teatrlari sahnalarida qo‘yilgan. Asarlari rus, ukrain, hind, urdu, turk, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida nashr etilgan.
Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1981), «Shuhrat» medali (1994) va «El-yurt hurmati» (1998) ordeni bilan mukofotlangan.