Sodiq Azimov (1914-1988)
Azimov Sodiq Azimovich (1914.7.11 — Toshkent — 1988.21.12) — fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1962), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1964), fizika-matematika fanlari doktori (1955), professor (1958).
O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1940). O‘rta Osiyo politexnika institutida ishlagan (1940—45), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti laboratoriyasi mudiri (1948—56), direktor o‘rinbosari (1956-58), direktori (1958-62; 1966-88), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori (1962—66), «Fizika — Quyosh» IIChB bosh direktori (1986-88) bo‘lib ishlagan.
O‘zbekiston yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, yarimo‘tkazgichlar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslikka asos solgan va bu sohalarni rivojlantirgan olimlardan biri. Sodiq Azimov o‘zi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotladi (1948). Pomir tog‘i tepasidagi stantsiyada (dengiz sathidan 3900 m balandlikda) Sodiq Azimov o‘z xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning o‘zaro ta’sirini o‘rganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlar elektron-yadro oqimlarini kashf etish imkonini berdi.
Sodiq Azimov elektron-yadro jalalarini va yadro zarrachalari singishni tadqiq etgan. U o‘ta yuqori energiyali 1012— 1013 ev) yadro jarayonlari o‘rganiladigan tog‘ stantsiyasi qurilishini tashkil etdi. Sodiq Azimov rahbarligida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida o‘ta sof yarimo‘tkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi hamda 1987 yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega kontsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etildi.
Sodiq Azimov yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos soldi. U 14 fan doktori va 70 dan ziyod fan nomzodini tarbiyalab, yetishtirdi. Ular hozir ham «Fizika-Quyosh» IIChB da, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida va O‘zbekiston milliy universitetida xalqaro darajadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni faol davom ettirmoqdalar.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). «Fizika-Quyosh» IIChB ga va Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘cha va maktabga uning nomi berilgan.