Gaz almashinuvi
Gaz almashinuvi – nafas olish, fotosintez va boshqa jarayonlarda gazlarning organizm bilan tashqi muhit o’rtasida almashinuvi. Organizm nafas xarakatlari vaqtida kislorod olib, karbonat angidrid, moddalar almashinuvining boshqa gazsimon mahsulotlari va suv bug’ini chiqaradi; bu deyarli barcha organizmdagi moddalar almashinuvi jarayonining zarur holati. Kislorodsiz dissimilyasiya jarayoni sodir bo’lishi mumkin emas. Shuning uchun organizm iste’mol qilgan kislorod mikdoriga qarab, unda sodir bo’ladigan oksidlanish jarayonining jadalligi va shu bilan birga paydo bo’layotgan energiya miqdori o’zgaradi. Uglevodlar, yog’lar va oqsillar oksidlanganda energiya ajralib chiqadi. Qabul qilinadigan kislorod bilan chiqariladigan karbonat angidrid miqdori organizmning hayot faoliyati sharoitiga, muhit t-rasiga, ovqat tarkibi va boshqalarga qarab turlicha bo’ladi. Organizmning kislorodga ehtiyoji ortganda gaz yetkazib beruvchi a’zo va sistemalarning faoliyati boshqacha bo’ladi: nafas va qon aylanishi tezlashadi, qonning fizik-kimyoviy xossalari o’zgaradi. Bir hujayrali organizmlarda Gaz almashinuvi oddiy diffuziya yo’li bilan kechadi. Odam hamda yuksak hayvonlarda Gaz almashinuvini ta’minlaydigan maxsus a’zo va sistemalar evolyuysiya jarayonida vujudga kelgan va rivojlangan. Odamdagi Gaz almashinuvi klinikalarda tekshiriladi, bu kasallikni aniqlashda diagnostik ahamiyatga ega. Hayvonlardagi Gaz almashinuvini o’rganish ko’pgina biologik muammolarni hal qilish imkonini beradi.