Xitoy

Xitoy, Xitoy Xalq Respublikasi ((xitoycha Chjanxua Jenmin gunxego), XXR — Markaziy va Sharqiy Osiyoda joylashgan davlat. Dunyoda aholisi eng ko’p va maydoni jihatidan eng yirik davlatlardan biri. Sharqda tinch okeanning sariq, Sharkay Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlari bilan o’ralgan. Maydoni 9,6 million km2. Aholisi 1 milliard 292 million 750 ming kishi (2003). Poytaxti — Pekin shahri. Ma’muriy jihatdan 23 provintsiya (Xitoy Taypeyi ham shu hisobga kiradi), 5 Muxtor rayon va markazga bo’ysinuvchi 4 shahar (Pekin, Shanxay, Tyantszin, chuntsin)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Xitoy — xalq Respublikasi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1988 yil 4 dekabrda qabul qilingan; 1988, 1993, 1999 yillarda ayrim tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiyaga ko’ra, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi (XVUM) davlat hokimiyatining oliy organi. XVUM davlat boshlig’i — XXR raisi (2003 yildan Xu Szintao) va uning o’rinbosarlarini saylaydi. Krnun chiqaruvchi hokimiyatni XVUM amalga oshiradi. XVUM provintsiya, Muxtor rayon, markazga bo’ysunuvchi shaharlar va qurolli kuchlar tomonidan saylanadigan deputatlardan iborat. Xvumning doimiy ishlovchi organi doimiy qo’mitadir. XVUM vakolat muddati 5 yil Ijroiya hokimiyatni Davlat kengashi (hukumat) amalga oshiradi. U XVUM va uning doimiy qo’mitasi oldida hisob berib turadi. Davlat Kengashining vakolat muddati 5 yil. Tabiati. XXR, asosan, mo’tadil va subtropik mintaqalarda (Janub qismida kichikroq hudud tropik mintaqada) joylashgan. Tabiati jihatidan Sharqiy Osiyoda joylashgan Sharqiy va Markaziy Osiyoda joylashgan g’arbiy qismlarga bo’lingan. Mamlakatning sharqi dengiz bo’yi pasttekisliklari, past va o’rtacha balandlikdagi tog’lar bilan band. X.ning g’arbi esa baland tog’lik, kata tizmalar, keng yassitog’lik va botiqlardan iborat. Xitoy qirg’oq chizig’ining uzunligi 15 ming kilometr chamasida. Kichik qo’ltiq va buxta ko’p. Yirik yarim orollari: Shandun va Lyaodun. Xitoy — murakkab orografiyaga ega bo’lgan tog’li o’lka. Mamlakatning Janubi g’arbida Tibet tog’ligi, undan shimolroqda Markaziy Osiyo tekisliklari va yassitog’liklar mintaqalari va atrofi tog’lar bilan o’ralgan Sharqiy Xitoy pasttekisliklari yaqqol ajralib turadi. Tibet tog’ligi Xitoyning eng baland qismidir (o’rtacha balandligi 4500 metrga yaqin). Markaziy Osiyo tekisliklari va yassitog’liklari g’arbda bir-biridan Sharkiy Tyaninan tog’lari bilan ajralgan Hashqar tekisligi va Jung’ariya tekisligini o’z ichiga oladi. Ularga Janubi sharqdan Turfon soyligi (tubi dengiz sathidan 154 metr past) tutashgan. Sharqroqda esa Gashun Gobisi, Alashan va Ordos plato va tekisliklari, ular orasida Beyshan, Alashan va Inshan tog’lari joylashgan. Sharqiy Xitoy pasttekisliklari, asosan, sariq dengiz sohili bo’ylab shimoldan Janubga cho’zilgan va tog tizmalari bilan o’ralgan. Xitoyda foydali qazilmalardan toshko’mir va yonuvchi slanes, neft, temir va marganes rudalari, boksit, qalay, volfram, simob, mis va polimetall rudalari, oltin, toshtuz konlari bor. Xitoy iqlimi g’arbda kontinental, Sharqda, asosan, mussonli. Mavsumlar davomida havo trasining farqi katta. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Xarbinda -20,4°, Pekinda -4,6°, iyulniki xuddi shu joylarda 23° va 26°. Yillik yog’in Sharqiy Xitoyda 500-2000 millimetr (ko’p qismi yozda yog’adi). G’arb va shimoli g’arbga tomon iqlimning kontinentalligi ortib boradi. Yoz issiq (Turfon botig’ida iyulning o’rtacha trasi 34°), kish sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Xitoy shimolda (xaylar) — 28°, g’arbida (Urumchi) — 14,9°. Yillik yog’in 250 millimetrdan kam, Qashqar tekisligi va Tsaydamda 50 millimetrdan kam. Tibet tog’ligida kish juda sovuq, yozi esa salqin. Gartokda (Hind daryosining yuqori qismi) yanvarning o’rtacha temperaturasi — 11,8°, iyulniki 11,8°. Temperaturaning sutka davomidagi farqi katta. Kuchli shamollar esadi. Xitoyning baland tog’larida muzliklar bor, lekin yog’in kamligidan ularning maydoni katta emas (100 ming km2 chamasida). Tuproqlari Xitoyning Sharkiy qismida chimli podzol, qo’ng’iro’rmon, sariqjigarrang, sariq va har xil qizil tuproqlar, daryo vodiylarida esa allyuvial tuproqlar tarqalgan. Dengiz sohidlarida sho’rlangan tuprokdar uchraydi. Xitoy g’arbiy qismining tuprog’i cho’lga xos kashtan, qo’ng’ir, sur tusli qo’ng’ir tuproqlar, tog’oldi tekisliklari va tog’larda bo’z, tog’kashtan va tog’o’tloq, Tibet tog’ligida esa sovuq cho’lga xos tuproqlar. Xitoyda Daryo ko’p. Mamlakat sharqidagi daryolar sersuv va ularda kema qatnaydi. Yiriklari — Yantszi, Xuanxe, Sungari, Chjuszyan. Mekong, Saluin, Braxmaputra daryolarining bir qismi ham Xitoydan oqib o’tadi. Xitoy g’arbida daryolar kamsuvli, ayrimlari yozda qurib qoladi. Ularning yiriklari — Yorkend va Oqsuv. Ko’l ko’p; asosiylari — Kukunor, Duntinxu, Poyanxu. Xitoyning Sharqiy qismida juda xilma-xil (25 mingdan ziyod) o’simlik turi mavjud. U yerda aholi qadimdan zich yashaganligidan o’rmon, asosan, tog’li yerlarda qolgan. Pasttekisliklarning hammasi ekinzor va bog’. Yantszi Daryosi quyi oqimidan Janubda doim yashil subtropik, eng Janubda tropik o’rmon va mangra chakalakzorlari mavjud. Xitoyning g’arbiy qismida yuksak o’simliklarning turi 5 mingdan oshadi. Xingan tog’lari etagidagi dashtlarda boshokdi o’tlar, Tibet tog’ligidagi cho’llarda o’t va butalar o’sadi. Tog’ vodiylari subalp o’tloqlari va o’rmonli dashtdan iborat. Hayvonot dunyosi boy va xilma-xil. Umurtqalilarning 3500 turi (shundan 400 turga yaqini sut emizuvchilar) va qushlarning 1000 dan ziyod turi bor. Xitoyning Janub va Janubi g’arbida tropik mintaqaga xos hayvonlardan har xil maymunlar, lemur, Lori, karkidon, tapir, yo’lbars; sharqida Uchqir, mangust, qoplon va hokazolar uchraydi. Xitoyning shimoli sharqida Sibir tayga faunasiga xos hayvonlar, cho’llarda ot, Kulon, jayran, ikki urkachli tuya, yumronqoziq, dasht va tog’ dashtida kiyik, qumsichqon, yovvoyi quy, echki, turli yirtqich va sudralib yuruvchilar yashaydi. Bir necha qo’riqxona bor. Aholisi. Xitoy — ko’p millatli davlat. Jami aholining 95% i xitoylar; qolgan qismi turli til guruhi va oilalariga mansub bo’lgan 56 xalqdan iborat. Xitoylarning ko’pi mamlakatning Sharqiy qismida yashaydi. Xueylar (7 millionga yaqin) ham Xitoy tilida so’zlashadi. Xitoyning shimoli g’arbida turkiy tillar guruhiga mansub xalqlar — uyg’urlar, qozoqlar, qirg’izlar, salorlar va boshqalar, shimol va shimoli sharqidagi dasht va chala cho’llarda mongol guruhiga kiruvchi xalqlardan mongollar, dunsyanlar, tular, shim.sharqida tungus manjur xalqlari, g’arbi (Tibet) va Janubi g’arbida tibetbirma xalqlari, Janubda Tai tillarida so’zlashuvchi xalqlar va boshqalar yashaydi. Sintszyanning Janubi g’arbida pomir tojiklari ham bor. Dindor xitoylar buddizm (shimoliy tarmog’i), daosizm va konfutsiychilikka e’tiqod qiladi. Tibetlar va mongollarning dini — buddizmlamaizm. Xueylar va turkiy guruhga kiruvchi xalqlarning ko’pchiligi Islom dinining sunna mazhabiga e’tiqod qiladi (Pomir tojiklari Ismoiliya mazhabida). Rasmiy til — Xitoy tili. Yirik shaharlari: Shanxay, Pekin, Tyantszin, Lyuyda, Uxan, Chuntsin va boshqalar. Tarixi. Shimoliy Xitoy hududida ilk ibtidoiy madaniyat qoldiqlari, Pekin yaqinida ilk paleolit davri manzilgohdaridan toshga aylangan sinantrop qoldiqlari topilgan. Xitoyda o’rta paleolit davriga mansub Xetao (Ordos) madaniyati, sunggi neolit davriga mansub Yanshao va Lunshan madaniyatlari, ayniqsa, mashhur. Yanshao madaniyatida (taxminan miloddan avvalgi 3-ming yillik o’rtalaridan 2-ming yillik o’rtalarigacha) odamlar ovchilik va baliq ovlash bilan birga dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shug’ullanganlar. Xitoyda ibtidoiy jamoa tuzumi jez davrigacha davom etgan. So’nggi 20 yil ichida Taklamakon cho’li atrofida 5-6 ming yillik tarixga ega bulgan jasadlar, mato bo’laklari, sopol idish va boshqlar topilganligi Xitoyning g’arbiy hududida ham nihoyatda qadimgi Madaniyat bo’lganligidan dalolat beradi. Miloddan avvalgi 1766-1122 yil Xuanxe Daryosining o’rta oqimlarida dastavval Shang, keyinchalik in deb nomlangan (Shangin davri) ilk davlat tuzumi tashkil topgan. In davlati uzoq yillar davomida qo’shni qabilalar bilan urush olib borganligi tufayli miloddan avvalgi 11-asrga kelib uning hududi birmuncha kengaydi. In davrida madaniyat rivojlandi, Oy kalendarining belgilari, yozuv — hozirgi Xitoy ieroglif yozuvining ibtidosi paydo bo’ldi. Shu davrda in davlatining G’arb tomonida Chjou deb nomlangan qabila kuchayib, o’z davlatini tashkil qildi (miloddan avvalgi 1122-256) va in davlatini bosib oldi. Chjou davlati g’arbiy Chjou (miloddan avvalgi 1122-771) va Sharqiy Chjou (miloddan avvalgi 770-256) kabi 2 qismga bo’lingan. Ushbu davrda quldorlik yanada rivojlandi. Chjou qabilasi bosib olgan katta hudud dastlabki Chjou vanlari tomonidan o’z qarindoshlari, yaqinlari va lashkarboshilariga bo’lib berildi. Shu sababli keyinchalik bu hududlarda bir-biri bilan kurash olib borgan bir qancha podsholiklar paydo bo’ldi. Kurash davomida ayrim yirik podsholiklar vujudga keldi. Bu podsholiklar Chjou vanlarining hokimiyatini tan olmay qo’ydi. Shundan keyin ular o’rtasida ikki yarim asr davomida urushlar yuz berdi. Bu davr kurashuvchi yoki urushuvchi davlatlar davri (Chjango davri — miloddan avvalgi 475-221) deb nomlandi. Mazkur davrda urush Tsin, chin, Chu, Xan, Chjao, Vey, Yan kabi 7 davlat orasida yuz berdi. Chjango davrida temir ishlab chiqarish, undan qurol yasash tez rivojlandi. Bu hol dehqonchilik taraqkiyotiga ta’sir ko’rsatdi. Hunarmandchilik ixtisoslasha boshladi, savdo-sotiq taraqqiy etdi, shaharlar qurildi va u devorlar bilan o’raldi. Yerga xususiy egalik paydo bo’ldi. Sinfiy qarama-qarshilik va turli podsholiklar o’rtasida avj olgan siyosiy kurash mafkurada ham o’z aksini topdi. Miloddan avvalgi 6-3-asrlarda Konfutsiychilik, daosizm, moizm (faylasuf Moszi ta’limoti) va boshqa falsafiy oqimlar shakllandi. Chjango davrida podsholiklar o’rtasida olib borilgan urushlar Tsin podsholigining g’alabasi bilan tugallandi. Natijada Xitoyda birinchi markazlashgan Tsin imperiyasi (miloddan avvalgi 221-207) barpo etildi. Imperiyaning asoschisi va birinchi imperatori Tsin Shixuandi mamlakatni birlashtirish va mustahkamlashga qaratilgan qator islohotlar o’tkazdi. Uning davrida xunlarga qarshi mudofaa devorini qurish maqsadida shim.dagi podsholiklar devorlari birlashtirilib, Buyuk Xitoy devoir barpo etildi. Og’ir zulmga javoban xalq g’alayonlari ko’tarilib, miloddan avvalgi 206 yilda Tsin imperiyasi tugatiddi. Lyu Ban (Gao szu) yangi sulola va imperiya — birinchi Xan imperiyasiga (miloddan avvalgi 206—milodiy 25 yillar) asos soldi. Xan imperiyasi davrida yirik savdo markazlari (Loyan, Chendu, Xandan, Lintszi) paydo bo’ldi, tovarpul munosabatlari, ichki va tashqi savdo rivojlandi. Sharqiy Turkiston orqali g’arbga — O’rta Osiyo va yakin Sharq mamlakatlariga boradigan savdo yo’li rivojlantirildi. Bu davrda quldorlikning eng yuqori darajaga ko’tarilishi G’arbiy Xan imperiyasida ijtimoiy ziddiyatlar- ning avj olishiga sabab bo’ldi. Dehqon, askar va qullarning qo’zg’olonlari ommaviy tus oldi (bu qo’zg’olonlar tarixga “qizil qoshlar” va “yashil o’rmon odamlari” qo’zg’oloni nomi bilan kirgan). 25 yil qo’zg’olonchilar poytaxt Chan’anni egallagandan so’ng G’arbiy Xan imperiyasi tugatildi. Zamindor zodagonlar qo’zg’olonchilarga qarshi kurash mobaynida Lyu Syu boshchiligida so’nggi (ikkinchi yoki Sharqiy Xan) imperiya (25-220) ga asos soldilar. 27 yil “qizil qoshlar” qo’zg’oloni bostirilgan bo’lsada, Lyu Syu faqat 37 yilga kelibgina mamlakatni birlashtirishga muvaffaq bo’ldi. 184-204 yillardagi dehqonlar qo’zg’olonlaridan so’ng imperiya inqirozga uchradi. Shundan keyingi uch yarim asr davomida Xitoy mayda podsholiklarga bo’linish holatida bo’ldi. 220 yilga kelib Sango nomini olgan uch davlat — uch podsholik [Vey (220-265), Shu (221-263), U (222-280)] paydo bo’ldi. 265 yil Uch podsholik davri tugab, mamlakat G’arbiy Szin sulolasi hukmronligi ostida birlashdi (265— 316). Lekin 316 yil ko’chmanchi xalqlar Szin imperiyasini tormor qilib butun Shimoliy Xitoyni bosib oldi. Natijada Shimoliy Xitoyda turli davrlarda 16 ta noxitoy podsholiklari hukm surdi. Xitoy zodagonlarining ko’p qismi shimolda Janubiy Xitoyga ko’chib o’tib, Sharqiy Szin sulolasi (317-420)ni barpo etdilar. Noxitoy podsholiklar o’rtasida 100 yildan ortiq davom etgan o’zaro urushlar natijasida Toba Vey (Shimoliy Vey) davlati (386-534) g’olib chiqib, butun Shimoliy Xitoyni o’z qo’l ostida birlashtirdi. 4-6-asrlarda budda yer egaligi rivojlandi. Buddizm Xitoyga milodiy 1-asrda Hindistondan G’arbiy va Sharqiy Turkiston orqali kirib kelgan. 420-581 yillarda Janub va shimol sulolalar (Nanbey Chao) hukmronlik qilgan. Bu davrda mamlakatning Janubida Sun (420-479), Chi (479-502), Lyang (502-557), Chen (557— 589), shimolda Shimoliy Vey (386-534), Sharqiy Vey (534-550). Shimoliy Chi (550- 577), G’arbiy Vey (535-557), Shimoliy Chjou (550-581) kabi davlatlar paydo bo’ldi. Janubdagi davlatlar xitoylar tomonidan, shimoldagi davlatlar esa Xitoy bo’lmagan xalqlar tomonidan tashkil etildi. 581 yilda Xitoydagi mayda davlatlarni birlashtirish asosida Suy sulolasi (581— 618), 618 yilda tan sulolasi (618-907) hokimiyat tepasiga keldi. Ayrim ma’lumotlarga kura, etnik jihatdan tan sulolasi turklarga aloqador bo’lganligi sababli dastlabki mazkur sulola turklar tomonidan qo’llab-quvvatlandi. 7-asr oxirida tan imperiyasi harbiy jihatdan yuksaldi, bosqinchilik urushlari olib bordi. 630 yil Sharqiy Turk xoqonligi, 657 yil G’arbiy turk xoqonligiga zarba berilishi natijasida Sharqiy Turkistondagi davlatlar 100 yilga yaqin Xitoyga qaram bo’lib qoldi. 751 yil Tan armiyasi Talas jangida arablar tomonidan mag’lubiyatga uchragach, imperiya g’arbga qilmoqchi bo’lgan yurishdan voz kechishga majbur bo’ldi. Uyg’ur xoqonligi davri (745-840)da esa uning ta’siri ostiga tushib qoldi. 8-asr o’rtalaridan Markaziy hokimiyat bilan chekka viloyat hokimlari o’rtasida kurash kuchaydi, 874-901 yillardagi dehqonlar qo’zg’olonlari natijasida tan imperiyasi inqirozga yuz tutdi. So’ngra tarixda turli to’dalar kurashi va mamlakatning mayda hokimliklarga bo’linib ketishi bilan mashhur bo’lgan u Day shigo (“Besh sulola 10 ta hokimlik”, 907-960) deb nom olgan davr boshlandi. 960 yil sarkarda Chjao Kuanin so’nggi Chjou (951— 960) sulolasini ag’darib tashlab Sun imperiyasi (960-1279)ga asos soldi. Bu imperiya davrida Xitoy hududi shimda Buyuk Xitoy devoridan, g’arbda Xuanxe daryosining yuqori qismidan, Janubda Vetnam chegarasidan nariga o’tmadi. Shimol va shimoliy sharqda Xitoy hududining talay qismini Lyao kidanlar davlati, Sisya tangutlar davlati bosib oldi. Sun imperiyasi bu davlatlarga kumush va shoyi bilan xiroj to’lab turdi. Xitoyga bostirib kirgan Chjurchjenlar 1125 yil Lyao imperiyasini tor-mor etib, chegaralari Xuanxe daryosi bo’ylab o’tadigan Szin davlatini barpo etdilar. 1141 yil Sun imperiyasi Szin davlatining vassaliga aylandi. 13-asrning 1-o’n yilligida mo’g’ullar Xitoyni istilo kilishga kirishib, 1279 yilda uning barcha hududini bosib oldilar. Xitoy va Tibet xalkdari mo’g’ullarning Yuan sulolasi hukmronligi (1271— 1368; Xitoyda 1280 yildan) ostida yashadi. Xitoy xalqining mo’g’ul bosqinchilariga qarshi olib borgan ko’p yillik kurashi 14-asr o’rtalarida Min sulolasi (1368— 1644)ning vujudga kelishi bilan yakunlandi. 16-asrda Xitoyda yevropaliklar paydo bo’ldi. 1557 yil Portugaliya Xitoyning Aomin hududini “ijara”ga oldi. Sinfiy qaramaqarshilik, hukmron guruhlarning ichki kurashlari, Manjuriyaning Janubda yashovchi Chjurchjen qabilalari (17-asr boshlaridan manjurlar)ning hujumlari natijasida 17-asr boshida Min imperiyasi chuqur inqirozga yuz tutdi. 1628-45 yillardagi dehqonlar urushi natijasida Min sulolasi barham topdi. Xitoyni manjur bosqinchilari bosib oldi. Hokimiyat manjurlarning Tsin sulolasi (1644-1911) qo’liga o’tdi. Tsin imperiyasi bosqinchilik siyosatini olib borib, Ichki Mo’g’uliston (1636), Jung’ariya xonligi (1757), Sharqiy Turkiston (1760), Tibet (18-asr oxiri) hisobiga o’z hududini ancha kengaytirdi. Sharqiy Turkistondagi Yorkend va Jung’oriya xonliklari yo’q qilindi. Sharqiy Turkiston Sin- Szyan — “yangi chegara” nomi bilan Tsin imperiyasiga kushib olindi. Tsin imperiyasida dehqonlarning antimanjur qo’zg’olonlari avj oldi. 17-18-asrlarda Tsin imperiyasi bilan rasmiy munosabatlar o’rnatitshda muvaffaqiyatga erisha olmagan G’arb davlatlari, birinchi navbatda, Buyuk Britaniya 18-asr oxirlaridan Xitoyga tazyiq o’tkaza boshladi. Ingliz savdogarlari Xitoyga ko’plab afyun keltira boshladilar. 1839 yilga kelib ingliz-xitoy munosabatlari keskinlashdi va 1840-42 yillarda Angliya bilan Xitoy o’rtasida birinchi “afyun” urushi bo’lib o’tdi. Natijada inglizlar Xitoyda bir qator imtiyozlarni qo’lga kiritdilar. 1842 yil Nankin shartnomasiga ko’ra, Xitoy Angliya savdosi uchun 5 ta portini ochishga, Syangan (Gonkong) orolini Angliyaga berishga, tovon to’lash, savdo imtiyozlari va boshqalar berishga majbur bo’ldi. 18-asr oxirlaridan Tsin imperiyasi inqirozga yuz tutdi. Sinfiy va milliy ziddiyatlar kuchaydi. 1844 yil Xitoy AQSh hamda Frantsiyaga ham shunday imtiyozlar beradigan shartnomalarni imzolashga majbur bo’ldi. Xitoy yarim mustamlaka mamlakatga aylana boshladi. Ayni vaqtda Xitoyning turli viloyatlarida xalq ommasining manjurlar zulmiga qarshi qo’zgolonlari avj oldi. 1850 yil taypinlarning liniy mazhabi manjurlar zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tardi. Mazkur qo’zg’olondan keyin Sharqiy Turkistonda ham umumiy xalqqo’zgoloni yuz berdi. Natijada ushbu mamlakat 14 yil davomida mustaqil bo’ldi. 1856 yil Angliya, so’ngra Frantsiya Xitoydagi mavqelarini yanada mustahkamlash maqsadida Xitoyga qarshi yangi urush ochdilar (ikkinchi “afyun” urushi). Ular 1858 yil shimoldagi Dagu fortlarini egallab, Tyantszin va Pekinga jiddiy xavf soldilar. Tsin hukumati taslim bo’ldi. 1860 yil Angliya Frantsiya ekspeditsiyasi Pekinni ishrol qildi. 1860 yilgi Pekin shartnomalariga ko’ra, Xitoy Angliya bilan Frantsiyaga katta tovon to’lashga, Buyuk Britaniyaga Szyulun (Koulun) orolining bir qismini berishga, chet el savdosi uchun Tyantszinni ochib qo’yish va boshqa shartlarga rozi bo’ldi. 1860-yillardan Angliya, Frantsiya va AQSh Tsin hukumatiga taypinlarga qarshi kurashda yordam bera boshladi. “Afyun” urushlari va taypinlar qo’zg’olonining bostirilishi natijasida Angliya, AQSh va Frantsiya Xitoydagi mavqelarini mustahkamlab oldi. 1884— 85 yillardagi Xitoy-Frantsiya urushida Xitoy yengildi. O’sha yillari Xitoyning Yaponiya bilan munosabatlari yomonlashdi. Yaponiya 1874 yilda Tayvanni bosib olishga urindi. 1879 yilda Ryukyu orollarini egalladi. 1894 yil esa Yaponiya Xitoy urushi boshlandi. Xitoy bu urushda yengildi. Urush natijasida shu davrgacha Xitoy qo’l ostida bo’lgan Koreya mustaqillikka erishdi, Tayvan oroli va Penxuledao orollari Yaponiyaga berildi. Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Chor Rossiyasi Xitoyning bir qancha hududini “ijara”ga oldilar va Xitoyda o’z ta’sir doiralarini barpo etdilar. Xitoyning boshqa davlatlar tomonidan bosib olinishi va Tsin hukmdorlarining taslimchilik siyosati Xitoyda katta norozilikka sabab bo’ldi. 1894 yil Xitoyda Sun Yatsen boshchiligida inqilobiy demokratik harakat maydonga keldi. 1899 yil yirik antiimperialistik Ixetuan qo’zg’oloni bo’lib o’tdi. Imperialistik davlatlar (Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya- Vengriya, Frantsiya, Yaponiya, AQSh, Rossiya, Italiya) Xitoyga qarshi interventsiya boshlab, 1900 yil avgustda Pekinni ishg’ol qildilar. 1901 yil 7 sentabrda chet davlatlar bilan Xitoy o’rtasida “yakunlovchi bayonnoma” imzolanib, Tsin imperiyasi yarim mustamlakaga aylantirildi. 20-asr boshida Xitoy yarim mustamlaka mamlakat namunasi edi. 1905 yil Sun Yatsen Yaponiyada Tunmenxoy inqilobiy partiyasini tuzdi. 1910 yilga kelib shahar va qishloqlarda qo’zg’olonlar yangidan avj oldi. Xitoyda temir yo’l qurilishini chet el monopoliyalariga topshirilishiga qarshi 1911 yil sentabrda Sichuanda boshlangan harakat hukumatga qarshi qo’zg’olonga qo’shilib ketdi. Bu qo’zg’olonlar Sinxay inqilobining boshlanishiga sabab bo’ldi. 1911 yil dekabrda Sun Yatsen 16 yillik emigratsiyadan qaytib keldi. 1912 yil 1 yanvarda Xitoy rasman respublika deb e’lon qilindi. 1912 yil 12 Fevralda Tsin sulolasi ag’darilib, monarxiya bekor qilindi. Inqilobiy viloyatlar vakillarining Nankindagi majlisida Sun Yatsen Xitoy Respublikasining muvaqqat prezidenti qilib saylandi. Ammo shimoldagi Xitoy pomeshchiklari va harbiy doiralari Yuan Shikay boshchiligida inqilobiy Janubga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. 1912 yil 25 avgustda Sun Yatsen tarafdorlari Gomindan partiyasini tuzdilar. Xitoyda Shimoliy Xitoy va Janubiy Xitoy hukumatlari paydo bo’ldi. 1-jahon urushi (1914-18) davrida Yaponiya Xitoyga nisbatan o’z ekspansiyasini kuchaytirdi. Pekinning Antanta davlatlari bilan bog’langan militaristik hukumati 1917 yil avgustda Germaniyaga qarshi urush e’lon kildi. Janubiy Xitoy hukumatini 1917 yil sentabrdan 1919 yilgacha Sun Yatsen boshqardi. Xitoydagi inqilobiy harakatning rivojlanishida Xitoy xalqining 1919 yil may—iyun oylaridagi mustamlakachilarga qarshi chiqishlari (“to’rtinchi may” harakati) muhim bosqich bo’ldi. 1921 yil iyulda Shanxayda Xitoy kommunistik partiyasi (XKP)ning 1-ta’sis s’ezdi bo’lib o’tdi. Sun Yatsen XKP va ishchidehqon harakati bilan yaqinlashish yo’lini tanladi. 1923 yil Fevraldan Sun Yatsen yana Guanchjouda Janubiy Xitoy hukumatini boshqardi va Milliy inqilobiy armiya (Mia)ni tuzdi. 1924 yil kuzda inglizlar Xitoy muxolifatchi kuchlar bilan birgalikda Sun Yatsen hukumatini ag’darib tashlamoqchi bo’ldilar, lekin Mia va ishchi otryadlari bu harakatni bostirdilar. 1925-27 yillarda Xitoyda kommunistlar rahbarligida inqilob bo’ldi. 1925 yil 1 iyulda Guanchjou hukumati o’zini milliy hukumat deb e’lon qildi. 1925— 26 yillarda Mia Guansi, Guychjou provintsiyalari va Xunan provintsiyasining Janub qismida inqilobiy hokimiyat o’rnatdi. Shundan keyin kommunistlar bilan gomindanchilar o’rtasida hokimiyat uchun kurash boshlandi. Kommunistlar sovet hukumati, Chan Kayshi boshchiligidagi gomindanchilar AQSh yordamiga suyandi. Sovet hukumati yordamidan to’la foydalanish maqsadida kommunistlar o’z bazalarini shimolga ko’chirishni lozim topdi. Shu bois 1926 yil iyulda Mia shimolga yurish boshladi. 1927 yil martda XKP rahbarligida qo’zg’olon ko’targan Shanxay ishchilari shaharni ozod qildilar. Tez orada Nankin ham ozod etildi. Gomindanning o’ng qanoti Mia Bosh qo’mondoni Chan Kayshi boshchiligida 1927 yil 12 aprelda Shanxay va Nankinda, so’ngra Guanchjouda to’ntarish qiddi. 1927 yil 18 aprelda Nankinda aksilinqilobiy “milliy hukumat” tuzildi. 1927 yil iyulda Uxanda ham aksilinqilobiy to’ntarish o’tkazildi. Ko’p o’tmay chap qanot gomindanchilar ham ularga taslim bo’ldi. XKP qonundan tashqari deb e’lon qilindi. Xitoy milliy inqilobi mag’lubiyatdan so’ng Gomindan reaktsion diktaturasi qaror topdi. Xitoyning ko’p qismida Gomindan hukmronligiga qaramasdan ayrim qishloq rnlarida XKP rahbarligida Xitoy Qizil armiyasi otryadlari, o’sha davrda sovetlar deb ataluvchi inqilobiy demokratik hokimiyat o’choqlari (asosan, Janub va Markaziy Xitoyda) tuzildi, demokratik tadbirlar amalga oshirildi. 1931 yil noyabrda Juytszin shahri (Szyansi provintsiyasi)da Xitoy Soveta rnlari vakillarining 1Umumxitoy s’yezdi bo’lib, u Xitoy sovet Respublikasi (XSR)ning MIK va Muvaqqat Markaziy hukumatini sayladi, XSR Konstitutsiyasi loyihasini qabul qiddi. 1930-33 yillarda Xitoy Qizil Armiyasi Gomindan qo’shinlarining 4 yirik yurishini qaytardi. 1931 yil oxirida yapon qo’shinlari Shimoli Sharqiy Xitoyni ishg’ol qilib, 1932 yilda Manchjou Go qo’g’irchoq hukumatini tuzdi. 1933 yil yapon qo’shinlari deyarli qarshiliksiz Jexe provintsiyasini bosib oldi. 1933-34 yillarda Chan Kayshi Xitoy sovet rayonlariga qarshi 5-yirik yurish qildi. Xitoy Qizil armiyasi (XKP MK bilan birga) Markaziy Xitoyni tashlab shimoli g’arbga ko’chib o’tishga majbur bo’ldi (1934 yil oktabr — 1936 yil noyabr) va Shensi hamda Gansu provintsiyalari chegarasiga chiqdi. 1936 yil Yaponiya agressiyasi xavfining kuchayishi va keng xalq ommasining noroziligi Gomindan rahbarlarini Xitoy Qizil Armiyasiga qarshi kurashni to’xtatishga majbur etdi. 1937 yil iyulda Yaponiya butun Xitoyni bosib olish rejasini amalga oshirishga kirishdi. Urushning birinchi oylaridayoq yaponlar Xitoyning katta qismini, jumladan, Beypin (Pekin), Tyantszin, Shanxay va boshqa shaharlarini bosib oldi. Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi ozodlik urushi (1937-45) boshlandi. Xalqning tazyiqi ostida gomindan rahbarlari 1937 yil 23 sentabrda XKP bilan Gomindan o’rtasida hamkorlik o’rnatilganligini ma’lum qildi. Yapon qo’shinlari 1937 yil iyuldan 1938 yil oktabrgacha Shimoliy Xitoyning barcha hududini, Markaziy Xitoyning bir qismini, shuningdek, Janubiy Xitoyning muhim dengiz bo’yi rnlarini bosib oldi. XKP yaponlar bosib olgan rayonlarda partizanlik harakatini keng avj oldirdi. Sovet armiyasi o’tkazgan Manjuriya strategik operasiyasi (1945) natijasida Shimoliy Sharqiy Xitoy va ichki Mongoliya yapon militaristlaridan ozod etildi. 1945 yil 2 sentabrda Yaponiya so’zsiz taslim bo’ldi. 1945 yil 13 oktabrda Chan Kayshi hukumati qo’shinlari ozod qilingan hududlarga hujum boshladi. Gomindan hukumati va XKP harbiy harakatlarni to’xtatishga kelishgan (1946 yil 10 yanvar) bo’lsa ham 1946 yil iyulda Chan Kayshi tarafdorlari butun mamlakat miqyosida fuqarolar urushini yana boshlab yubordi. AQSh chankayshichilarga har tomonlama yordam ko’rsata boshladi. Biroq Xitoy Xalq ozodlik armiyasi gomindanchilarga karshi muvaffakiyatli janglar olib borib, 1948-49 yil yanvar butun shimoliy Sharqiy Xitoy, Shimoliy Xitoyni, Shimoliy G’arbiy Xitoyning ko’p qismini, Markaziy Xitoyning Yantszi daryosigacha bo’lgan erlarini ozod qildi. 1949 yil kuzga kelib Xitoy Xalq ozodlik armiyasi hujumni davom ettirdi va shimoliy G’arbiy Xitoy va Markaziy Xitoyni, Janub va Janubiy G’arbiy Xitoyning katta qismini ozod qildi. Chan Kayshi to’dasi esa Tayvanga qochdi. 1949 yil 1 oktabrda Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) tuzilganligi e’lon qilindi. Sharqiy Turkiston, ichki Mongoliya va Tibet ham ushbu respublikaga kiritildi. XXR tuzilgach, davlatni boshqarishni o’z zimmasiga olgan Mao Szedun boshchiligidagi Xitoy rahbariyati va XKP XXRning bosh yo’li — mamlakatda sotsialistik jamiyat qurish ekanligini e’lon qildi va xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirish, qishloq xo’jaligini jamoalashtirish, sotsializmning sovet modeli negizini yaratish yo’lini tanladi. 1951 yil Xitoy hududini gomindanchilardan ozod etish (Tayvan va Penxuledaodan tashqari) tugallandi. 1952 yil XXR hukumati joylarda xalq hokimiyati organlarini tuzish, gomindanchilarni yo’qotish, yirik kapitalni musodara qilish bo’yicha katta ishlarni amalga oshirdi. 1953 yil agrar islohotlar o’tkazildi. 300 millionga yaqin yersiz va kam yerli dehqonlar va ularning oilalariga sobiq zamindorlar yerlari bo’lib berildi. 1953-54 yillarda mahalliy va markaziy hokimiyat organlariga umumiy saylovlar bo’ldi. 1954 yil sentabrda Umumxitoy xalq vakillari Majlisining 1-sessiyasi bo’lib, XXR Konstitusiyasi qabul qilindi. 50-yillarning 2-yarmida Mao Szedun boshchiligidagi XXR rahbarlari 1958— 60 yillarda “katta sakrash” (besh yil mobaynida sanoat ishlab chiqarishini 6,5 marta, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini 2,5 marta ko’paytirish) yo’lini tutdilar. Barcha qishloq xo’jalik kooperativlari “xalq kommunalari”ga aylantirildi. 1966-76 yillarda “madaniy inqilob” amalga oshirildi. Mao Szedun shaxsiga sig’inish avj oldi. Xavfsizlik organlari va armiya ishtirokida, shuningdek, siyosiy jihatdan chiniqmagan o’quvchi yoshlar va talabalardan tuzilgan xunveybinlar (“qizil qo’riqchilar”) hamda szaofanlar (“g’alayonchilar”) otryadlari yordamida Mao Szedun ko’rsatmasiga binoan minglarcha mas’ul partiya va davlat xodimlari va ziyolilar ishdan olinib, surgun qilindi yoki uy qamog’ida sakdandi. Provintsiya va uezdlarda partiya qo’mitalari va xalq tomonidan saylangan hokimiyat organlari amadda tarkatib yuboriddi va tepadan tayinlanadigan, armiya vakillari asosiy rol o’ynagan “inqilobiy qo’mitalar” bilan almashtirildi, xalq xo’jaligidagi tanglik yanada chukurlashdi. Xitoy KPning bu siyosati (keyinchalik Xitoyda keskin tankidga uchragan) Mao Szedun vafoti (1976)dan keyin qayta ko’rib chiqildi. Bunda iqtisodiy islohotlar o’tkazish orqali 21-asr o’rtalariga kelib Xitoyni yuksak darajada rivojlangan davlatga aylantirish vazifasi qo’yildi. Korxonalarning xo’jalik yuritish faoliyatidagi mustaqilligi oshirildi, ko’p ukladli iktisodiyotga ruxsat berildi, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish maqsadida Xitoyda “ochiq iqtisodiy rayonlar” va “maxsus iqtisodiy hududlar” tashkil etildi. 1990-yillarning boshlaridan Xitoy KP tomonidan amalga oshirilayotgan “sotsialistik bozor xo’jaligi”ga o’tish shakllandi. Xitoyning Buyuk Britaniya bilan tuzgan bitimi (1989)ga muvofiq Syangan (Gonkong) Xitoyga o’tdi va XXRning maxsus ma’muriy rni makrmini oldi. Xitoy 1971 yildan BMT a’zosi (1945 yil Sanfrantsisko konferentsiyasida BMT ustaviga gomindan hukumati vakili imzo chekkan. XXR tuzilgach, uning BMT dagi o’rnini Tayvan noqonuniy ravishda egallab kelgan, XXR esa bu tashkilotda vakillikdan mahrum qilingan edi. 1971 yil 25 oktabrda BMT ning Bosh Assambleyasi XXRning qonuniy huquklarini tiklash va BMT hamda uning barcha organlaridan Tayvan vakillarini chiqarish to’g’risida qaror qabul qildi). Xitoy 1991 yil 27 dekabrda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va 1992 yil 2 yanvarda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 1 oktabr — Respublika e’lon qilingan kun (1949). Siyosiy partiya va tashkilotlari, Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi, kasaba uyushmalari. Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP, 1921 yil tuzilgan; Bosh kotibi Xu Szintao. 50,3 million a’zosi bor); Gomindan inqilobiy qo’mitasi, 1948 yil asos solingan; Xitoy Demokratik ligasi, 1941 yil tuzilgan; Xitoy Demokratik milliy qurilish assotsiasiyasi, 1945 yil tuzilgan; Xitoy Demokratiya taraqqiyotiga ko’mak beruvchi assotsiatsiya, 1945 yil tashkil etilgan; Xitoy deqonn-ishchilar demokratik partiyasi, 1947 yil asos solingan; Chjungo chjigun dan (Xitoy adolatga intilish partiyasi), 1925 yil tuzilgan; Szyusan Syue she (3 sentabr jamiyati), 1946 yil tuzilgan; Tayvan muxtoriyati demokratik ligasi, 1947 yil asos solingan; Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi; 1949 yil tuzilgan. Umumxitoy kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1925 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Xitoy — industrialagrar mamlakat. 1949 yil xalq inqilobidan so’ng xalq xo’jaligini tiklashga kirishdi va dastlabki 5 yil ichida yuksak natijalarga erishdi. Ammo undan keyingi 20 yildan ortiq davr ichida iqtisodiyoti nihoyatda qiyin ahvolga tushib qoldi. 1978 yilda boshlangan iqtisodiy islohotlar mamlakat iqgisodiyotini rivojlanish yo’liga olib chiqdi. Iqtisodiy o’sish sur’ati yiliga o’rta hisobda 8-10%, xususiy mulkchilikka asoslangan tarmoqlarda 30% ga oshdi. 1980-yillar oxirida yalpi ichki mahsulot hajmi 2 baravar ko’paydi, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muammosi hal bo’ldi. 1990-yillar oxirida yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 49%, qishloq xo’jalikniki 19%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 32%ni tashkil etdi. Sanoatida ko’p tarmoqli mashinasozlik [stanoksozlik, qishloq xo’jalik va transport mashinasozligi, traktorsozlik, avtomobilsozlik (2003 yil 4 million 443 ming 700 dona avtomobil ishlab chiqarildi), elektr energetikasi va boshqa sanoat jihozlari, elektron buyum va priborlar, shuningdek, velosiped, tikuv mashinalari, soat va boshqalar ishlab chiqarish], kimyo, qora metallurgiya muhim mavqega ega. Sanoatning asosiy tarmoqlaridan — to’qimachilik [ipgazlama (1996 yil 22,1 milliard metr), shoyi, jun gazlama ishlab chiqarish], oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Issiqlik energetika bazasining asosi — ko’mir. U, asosan, Xitoyning shimol va shimoliy sharqida qazib olinadi (1993 yil 1149 million tonna). Neft mamlakat shimoli g’arbi va shimoli sharqida qazib olinadi (142 million tonna). Xitoy shimoli sharqida yonuvchi slanes konlari, Sichuan soyligi va Tsaydam tekisligida gaz konlari bor. Yiliga o’rtacha 1654 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (asosan, issiqlik elektr styalarida). Po’lat (yiliga 86 million tonna), rangli metallar (alyuminiy, mis, rux, qo’rg’oshin, qalay, surma) eritiladi. Tsement (490 million tonna), mineral o’g’it (27 million tonna) ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik ham katta ahamiyatga ega [eng qadimgi tarmoqlari — yigiruv-to’quv, keramika (chinni va fayans) va uyro’zg’or buyumlari ishlab chiqarish]. Xitoy Badiiy-hunarmandchilik buyumlari bilan ham mashhur. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerning 93 million gektari (mamlakat hududining 10%) ishlanadi, 49% sug’oriladigan yerlar. Ekin maydonining 2/3 qismini sholi, bugdoy, batat, kartoshka egallaydi, 18% gektar texnika ekinlari (paxta, soya, yer yong’oq, choy, tamaki, jut, shakarqamish, qand lavlagi va boshqalar) ekiladi. Shuningdek, tariq, arpa, grechixa ham yetishtiriladi. Xitoyning Janubdagi dengiz sohillari va Sichuan soyligida shakarqamish, Sharqiy va Markaziy rayonlarida choy o’stiriladi. Tung va lak daraxtlari ham o’stiriladi. Tropik, subtropik va mo’tadil mintaqalarda ko’p tarmoqli bog’dorchilik (tsitrus mevalar, ananas, banan, Mango, olma, nok va hokazolar) rivojlangan. Ayrim rnlarda tokchilik bilan shug’ullaniladi. 1992 yil 443 million tonna g’alla, 5 million tonnaga yaqin paxta yetishtirildi. Chorvachilikda Xitoyning har bir yirik rayoni o’ziga xos yo’nalishga ega. Sharqiy Xitoyda cho’chqachilik, parrandachilik rivojlangan, ish hayvonlari ko’paytiriladi. Ichki Mongoliya, Sintszyan Uyg’ur Muxtor rnining shimoliy qismi va Tibetda yaylov chorvachiligi (qo’ychilik, qoramolchilik, yilqichilik) asosiy o’rinda. 1996 yil 109 million qoramol, 452 million cho’chqa, 127 million qo’y bo’lgan. 1992 yil 29 million tonna go’sht, 5 million tonna sut tayyorlangan. Yantszi va Chjuszyan daryolari havzalarida tut ipak qurti, shimoliy sharqiy Xitoyda va Shandunda dub ipak qurti boqiladi. Xitoy dunyoda tabiiy shoyi yetishtiruvchi yirik davlatlardan biri. Xitoy baliq va boshqa dengiz hayvonlarini ovlashda dunyoda oldingi o’rinlardan birida turadi. Chuchuk suv havzalarida va sholipoyalarda baliqchilik ham keng tarqalgan. Xitoyda yogoch tayyorlanadi, yovvoyi o’simlik mevalari va shifobaxsh o’tlar yig’iladi. Transporti. Temir yo’l transportning asosiy turi. Ularning uzunligi 73 ming kilometr. Xitoyning Sharqiy portlari temir yo’l orqali Mongoliya, Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Eron va Yevropa mamlakatlari bilan bog’langan. Avtomobil yo’llari uzunligi 1,278 million kilometr. So’nggi yillarda tez yurar avtomobil yo’llari qurish rivojlangan. Ularning uzunligi 8733 kilometr. Ichki suv yo’llarining uzunligi 150 ming kilometrdan ortiq. Yirik dengiz portlari: Shanxay, Dalyan, Tsinxuandao, Tsindao, Guanchjou (Xuanpu bilan), Tyan- Szin (singan bilan). XXRning ko’p shaharlari jahondagi yirik shaharlar havo yo’llari bilan bog’langan. Tashqi savdosi. Xitoy chetga ko’mir, choy, baliq, to’qimachilik xom ashyosi, shoyi mahsulotlari, traktor va avtomobil, volfram rudasi, elektron, to’qimachilik va mashinasozlik sanoati mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashina va jihozlar, murakkab hisoblash texnikasi, neft, g’alla, kimyoviy o’g’it, yog’och va boshqalar oladi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh, Germaniya, Rossiya, Pokiston bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — yuan. Tibbiy xizmati. Xitoyda 1978 yildan boshlab o’tkazila boshlagan iqtisodiy islohotlar natijasida tibbiy xizmat ko’rsatish tarmog’ida ham tub o’zgarishlar yuz berdi. Ilgari yopilgan tibbiyot o’quv yurtlari va tibbiy muassasalar qayta tiklandi va yangilari ochildi. 1999 yil mamlakatda 310 ming kasalxona va boshqa davolash maskanlari faoliyat ko’rsatdi. Kasalxonalardagi o’rinlar soni 2,91 million, tibbiy xizmatchilar soni 4,42 million, jumladan, shifokorlar soni 1,41 milliondan oshdi. Mamlakatda faoliyat ko’rsatayotgan sanitariya-epidemiologiya stansiyalar soni 5907 dan, ulardagi xizmatchilar soni 220 mingdan, tibbiyot muassasalari soni 2724 va ulardagi xizmatchilar soni 73 ming kishidan oshdi. XXRda xalq tabobati man etilmagan. Aksincha, unga e’tibor kuchaytirilgan. Ushbu sohada maxsus o’quv maskanlari, shifoxonalar, dorixonalar mavjud. Ko’p Xitoy shifokorlari o’z faoliyatlarini g’arb, xalq tabobat uslubi asosida olib boradilar. Barcha dorixonalarda xalq tabobati negizida yaratilgan dori-darmonlar sotiladigan bo’limlar mavjud. Xalq tabobatiga doyr maxsus qo’llanma va adabiyotlar ham tez- tez nashr qilinib turadi. Xalq maorifi, madaniyma’rifiy va ilmiy muassasalari. XXR tashkil topgunga (1949) qadar aholining 80% savodsiz bo’lgan. Xalq hokimiyati o’rnatilgandan so’ng maorif tizimida tub o’zgarishlar ro’y berdi. Lekin “madaniy inqilob” yillarida maorif tizimi ham tanglikka uchradi. Uni amalga oshirish vaqgida deyarli barcha o’quv yurtlari yopildi, savodsizlikni tugatish bo’yicha ishlar to’xtatildi. Xalq maorifi tizimida 1985 yildan boshlangan islohotlar asosida mamlakatda 9 yillik majburiy ta’lim joriy etildi. U boshlang’ich (o’qish muddati 5 yil) va o’rta umumiy ta’lim maktabidan iborat. O’z navbatida o’rta umumiy ta’lim maktabi 1 va 2 bosqichli bo’lib, ularda o’qish muddati 5 yoki 6 yil. O’rta maxsus o’quv yurtlari va kasb-hunar texnika bilim yurtlari mavjud. Oliy o’quv yurtlarida 4,13 millopn talaba ta’lim oladi (1999). Yirik oliy o’quv yurtlari: Pekin universiteti, Nankin universiteti, Shanxaydagi Tuntszi va Fudan universitetlari, Pekindagi “Tsinxua” politexnika instituti, Pekin aviatsiya, mashinasozlik institutlari, o’lka va Muxtor rayon markazlaridagi universitetlar va boshqalar. Yirik kutubxonalari: Pekin milliy kutubxonasi (4,5 million asar), Xitoy Fanlar Akademiyasining Markaziy kutubxonasi (2,6 million asar), Nankin kutubxonasi (2,4 million asar), Shanxay kutubxonasi (7,1 million asar) va boshqalar. Muzeylari: Pekindagi saroy muzeyi, Xitoy muzeyi, Xitoy tarixiy muzeyi, Tyantszin tarix muzeyi, Shanxaydagi tibbiyot tarix muzeyi, Shanxay muzeyi, Pekindagi geologiya muzeyi, o’lka va Muxtor rayonlardagi muzeylar va boshqa;ar. Ilmiy tadqiqotlar Xitoy fanlar akademiyasi (1949), Tibbiyot Fanlar Akademiyasi (1956), qishloq xo’jalik fanlar akademiyasi institut va ilmiy tadqiqot muassasalarida hamda oliy o’quv yurtlarida olib boriladi. Xitoyda, shuningdek, o’rmonchilik akademiyasi, Xitoy an’anaviy tibbiyoti ilmiy tadiqot instituti, geologiya fanlari akademiyasi, Temir yo’llar vazirligi ilmiy tadqiqot instituti, cho’yan va po’lat Markaziy instituti, rangli metallar Markaziy akademiyasi, neft qidiruv va qazish yirik tadqiqot instituti, to’qimachilik ilmiy tadqiqot instituti ham faoliyat ko’rsatadi. 1999 yil Xitoyda 2,71 million kishi ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug’ullandi. 1981 yildan tadqiqotchilarga bakalavr, magistr va fan doktori kabi ilmiy darajalarni berish tizimi joriy etildi. Barcha ilmiy tadqiqotlar XXR Davlat kengashi huzuridagi fan va texnika davlat qo’mitasi tomonidan muvofiqlashtirib turiladi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Xitoyda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: “Banyue tan” (“suhbat”, 2 haftada 1 marta chiqadigan jurnal, 1980 yildan), “Beytszin jibao” (“Pekin gazetasi”, kundalik gazeta, 1950 yildan). “Venxuey Bao” (“Adabiy oqim”, kundalik gazeta, 1937 yildan), “Guanmin jibao” (“yoruglik”, kundalik gazeta, 1949 yildan), “Guansi jibao” (“Guansi gazetasi”, kundalik gazeta), “Gunjen jibao” (“ishchilar gazetasi”, kundalik gazeta, 1949 yildan), “Jenmin jibao” (“Xalq gazetasi”, kundalik gazeta, 1948 yildan), “Nanfan jibao” (“Janubiy gazeta”, kundalik gazeta, 1952 yildan). “Pekin revyu” (“Pekin sharhi”, haftalik siyosiy va nazariy jurnal, 1958 yildan), “Sinszyan jibao” (“Sintszyan gazetasi”, kundalik gazeta), “Sichuan jibao” (“Sichuan gazetasi”, kundalik gazeta, 1952 yildan), “Szintszi jibao” (“iqtisodiy gazeta”, haftada 6 marta chiqadigan gazeta, 1983 yildan), “Syushi” (“haqiqatga intilish”, jurnal), “Chjungo tsinnyan Bao” (“Xitoy yoshlari”, haftada 4 marta chiqadigan gazeta, 1951 yildan), “Chjungo shaonyan Bao” (“Xitoy pionerlar gazetasi”, kundalik gazeta, 1951 yildan), “Shanxay Star” (“Shanxay yulduzi”, ingliz tilidagi gazeta, 1992 yildan). Sinxua rasmiy axborot agentligi 1931 yil 7 noyabrda tashkil etilgan, dastlab qizil Xitoy agentligi deb nomlangan; 1937 yildan hozirgi nomda. Milliy radioeshittirish xukumat xizmati 1947 yil tuzilgan. Markaziy televideniyega 1958 yil asos solingan. 1993 yil dekabrda mamlakatda 500 dan ortiq televizion stansiya ishladi. Adabiyoti. Xitoy adabiyoti jahonda eng qadimgi adabiyotlardan biri bo’lib, uch ming yillik an’analarga ega. Qadimgi Xitoy adabiyotining birinchi yirik she’riy asari “Shiszin” (“qo’shiqlar kitobi”, miloddan avvalgi 11-6-asrlar) xalq qo’shiqlari va diniy marosim madhiyalari majmuasidan iborat. Miloddan avvalgi 1-ming yillikka mansub badiiy Nasr falsafa, tarix, geografiya va boshqalarga doir asarlar bilan uzviy bog’liq (“Shan shu” — “tarixiy rivoyatlar kitobi” va boshqalar). Sima Syanning (miloddan avvalgi 1-asr) “Shi szi” (“tarixiy xotiralar”) kitobi Xan davri (miloddan avvalgi 206 — milodiy 220-yillar) nasrining yirik yodgorligi hisoblanadi. She’riyatning muhim qismini tashkil etgan lirik va satirik xalq qo’shiqlari (Yuefu)da xalq hayoti o’z ifodasini topgan. 4-asr oxiri — 5-asr boshlarida yashagan yirik novator shoir Tao Yuanmin (365-427) she’riyati hayot haqidagi falsafiy mushohadalardan iborat bo’ldi. Mamlakatni tan sulolasi (618— 907) birlashtirgach, adabiyot rivoji uchun qulay sharoit yaratildi. Xuddi o’sha davrda Ven Yan — Xitoy adabiy tili uzil-kesil shakllandi. 7-10-asrlarda Chen Szian, Van Vey she’rlari mashhur bo’ldi. Adabiyotning yanada taraqqiy etishida Li bo, Du Fu va bo Szyuyi kabi shoirlarning ta’siri katta bo’ldi. 8-9-asrlarda novella janrida yuksak yutuqlarga erishildi (Yuan Chjen, Bo Sintszyan, Li Guntszo), 10-13-asrlarda shoirlardan Van Anshi, Su Shi, Lyu Yun, Luyu, shoira Li Tsinch- Jao mashhur bo’lgan. Ouyan Syu tarixiy va falsafiy mavzuda asarlar yaratdi. Mo’g’ullarning yuan sulolasi hukmronligi davri (1280-1368)da shaharlar rivoj topdi. 13-asrda mamlakat shimolda qahramonlik va maishiy mavzularda musiqiy drama janri vujudga keldi. 14-asrda epopeyaroman janrining shakllanishi adabiyotda muhim voqea bo’ldi. 16-asr oxirlaridan Nasr yangi bosqichga ko’tarildi, tarixiy-fantastik, ijtimoiy-maishiy romanlar yaratildi. Xitoyni manjurlar bosib olgan (1644) dan keyin muxolif kayfiyatdagi shoirlar paydo bo’ldi, ma’rifatparvarlik ruhi avj oldi. Klassik roman cho’qqisi bo’lib maydonga kelgan Tsao Syuesin (taxminan 1715-62)ning “qizil ko’shkdagi uyqu” romanida zodagonlarning axloqiy va iqtisodiy tushkunligi ifodalandi. Yangi davr adabiyoti (19-asr o’rtalari — 1917) manjurxitoy zodagonlari, imperialistik davlatlar zulmiga qarshi ozodlik harakatini, jamiyat tushkunligini aks ettirdi. G’arb madaniyati bilan birinchi tanishuv boshlandi. 1900-yillarning boshlaridagi inqilobiy ko’tarilish ko’pgina adiblar ijodida o’z ifodasini topdi. 1919 yilda boshlangan “4 may” ozodlik harakati davridan e’tiboran eng yangi adabiyot vujudga keldi. Bu adabiyotning IDK yirik namoyandasi Lu Sin (1881 — 1936) asarlarida oddiy kishilar Xitoy adabiyoti tarixida birinchi marta asar qahramonlari qilib qalamga olindi. 1922 yilda “ijod” guruhiga uyushgan adiblar romantik ruxda asarlar yaratdilar. 20-yillar boshlaridan she’riyatdagi so’zlashuv tiliga asoslangan yangi shakl klassik she’riyat shakllarini siqib chiqardi. Xitoy xalqining yapon bosqinchilarga qarshi milliy ozodlik urushi (1937) davrida vatanparvarlik ruhida yozilgan kichik hajmdagi asarlar keng yoyildi. Yaponiya tor-mor etilgach (1945), adabiyot mamlakatni demokratik rivojlantirish uchun kurashni avj oldirdi. Xitoy Kompartiyasi rahbarligida xalqning ozodlik uchun kurashiga yordam beradigan inqilobiy adabiyot rivojlana boshladi. 1949 yil XXR tashkil qilinishi sotsialistik qurilishni aks ettiradigan, yangi kishini tarbiyalashga xizmat qiladigan yangi adabiyot rivojiga imkon yaratdi. Chjao Shuli (1906-70) ning “Sanlivan qishlog’i”, Chjou Libo (1908-79)ning “Po’lat oqim” romanlarida ishchi va dehqonlarning yangi hayoti va mehnati ifodalandi. Tarixiy-inqilobiy syujetlarda romanlar (Yan MOning “Yoshlik qo’shig’i”) yaratildi. 50-yillarning boshlarida tinchlik va xalqlar do’stligi mavzularida, ayniqsa, she’riyatda muhim asarlar ijod qilindi. Lekin 1958 yilda “inqilobiy romantizm bilan inqilobiy realizmning uyg’unligi” Xitoy adabiyotida birdan bir ijodiy metod deb e’lon qilindi. Amalda esa ijod axlidan xaspo’shlab aks ettirish, voqealarni ideallashtirish talab qilindi. 60-yillar o’rtalaridan “madaniy inqilob” boshlanishi munosabati bilan yangi badiiy asarlar yaratilmay qo’ydi, tarjima asarlarini nashr etish to’xtatildi, ko’pgina adabiy-badiiy jurnallar yopildi. Xitoy yozuvchilari uyushmasi (1953 yildan tashkil qilingan)ning faoliyati ham, asosan, to’xtab qoldi. 1970- yillarning boshlaridan adabiy hayotda bir oz jonlanish yuz berdi. “Madaniy inqilob” yillarida quvg’inga uchragan yozuvchi va shoirlarning katta guruhi oklandi, ularning faoliyati qayta tiklandi. Ular tomonidan yozilgan asarlar nashrdan chikarildi. Xalqning ongini bozor munosabatlariga moslashtirish, o’tgan davrga tanqidiy yondoshish, milliylikni saqlab qolish kabi masalalar yangi adabiyotning asosiy g’oyasiga aylandi. Jahon adabiyotining Xitoy adabiyotiga bo’lgan ta’siri kuchaydi. 1977 yildan pyesa, she’r, nasriy va publitsistik asarlar paydo bo’la boshladi. Bu yillarda yaratilgan asarlarda o’n yillik tartibsizliklar davridagi turmush ochib beriddi. Nasr, ayniqsa, hikoya janri jonlandi. Lyu Sinuning “Sinf rahbari”, Van Menning “sartarosh hikoyasi”, Ju Chjiszyuanning “kutilmagan voqea” kabi hikoyalari Shuhrat qozondi. Qissalardan Shen Junning “O’rtacha yosh”, E. Veyminning “Daryoda mo’ljalsiz suzish”, Lu Yanchjouning “Bulutlar ortidagi tog’lar qissasi” ajralib turadi. Shuningdek, Chjou Kesinyaning “Syuy Mao va uning qizlari”, Vey Veyaning “Sharq”, Li Chjunning “Xuanxe sharqqa qarab oqadi”, Gu Xuaning “Nilufar gullari vodiysida” romanlari paydo bo’ldi. Me’morligi. Xitoy hududida miloddan avvalgi 4— 1-ming yillikka oid manzilgohlar saqlangan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda devorlar bilan o’ralgan, ibodatxona va saroylari bo’lgan shaharlar paydo bo’ldi (poytaxt Anyan shahri saroyi xarobalari). Sinchli binolar qurilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida me’morlik va shaharsozlik printsiplari shakllandi. Mamlakat markazlashgan yagona Tsin davlatiga birlashtirilgach (miloddan avvalgi 221-207), Buyuk Xitoy devorining asosiy qismi qurildi. Tsin va Xan davrlari (miloddan avvalgi 206— milodiy 220)da 2— 3 qavatli uylar, yirik saroylar qurildi. Miloddan avvalgi 3-asrgacha murakkab konstruktsiyali ulkan saroylar, katta ko’prik, maqbara, darvozalar quriddi (Sichuan provintsiyasi, Yaan uezdidagi gaoi Syue). 3-6-asrlarda buddizm ta’siri natijasida ko’p yarusli ibodatxona — Pagodalar barpo etildi (Xenan provintsiyasida, 523). 7-12-asr Xitoy me’morligi shakllarning qat’iyligi va mahobatliligi bilan ajralib turadi. Bu davrda Loyan, Chan’an shaharlari, saroy va ibodatxona majmualari (Utayshan tog’laridagi Foguan ibodatxonasi, 857), Pagodalar (Sianya yaqinidagi Dayanta yoki “yovvoyi g’ozlar” katta pagodasi, 652). Sun davlati davrida Xitoy me’morligiga shakllarning nihoyatda nafis va mutanosibligi xos (Kayfindagi teta yoki “temir” pagoda, 1041-48). Mo’g’ullarning yuan sulolasi hukmronligi davri (13-14-asr)da yuanlar davlati poytaxti Dadu (keyinchalik Pekin)da binolar ansambli qayta qurildi, saroy majmualari yaratildi. 19-asr 2-yarmida Shanxay, Tyan- Szin, Nankin, Guanchjou kabi yirik shaharlarda Evropa tipidagi eklektik binolar paydo bo’ldi (Ixeyuan bog’idagi Tsinyanfan saroy paviloni, Pekindagi kutubxona). 20-asr 80-yillaridan zamonaviy qurilish konstruktsiyalari milliy me’moriy an’analar bilan uyg’unlashtirilib, yirik bino va inshootlar bunyod etildi. Tasviriy san’ati. Xitoyning qadimgi san’at yodgorliklari miloddan avvalgi 3-ming yillikka mansub. Xitoyning kup joylaridan nafis ishlangan sopol idishlar, jez va nefritdan ishlangan va shakli hamda guli har xil bo’lgan buyumlar, hayvonlarning In davriga mansub toshdan ishlangan haykalchalari, Chjou davri (miloddan avvalgi 11-3-asr)ga mansub amaliybezak san’ati asarlari topilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikdan qilich sopi, mebel tayyorlashda lokdan foydalanila boshlandi. Miloddan avvalgi 4-3-asrlarga oid shoyiga tush bilan rasm solingan asar saqlangan. Xan davri (miloddan avvalgi 206 — milodiy 220) maqbaralaridan mifologiya va dunyoviy mavzudagi relef hamda yozuvlar, odam, uy hayvonlari tasvirlangan sopol idishlar, oltin va kumush bilan bezatilgan jez buyumlar topilgan. 4-asrdan budda g’or ibodatxonalari haykal va devoriy rasmlar bilan bezatildi (Yungan, Lunmin, Maytszi- Shan). Bu davrda rassom Gu Kaychji va xattot Van Sichji ijod qildilar. Tan (618-907) va Sun (960-1270) sulolasi davrida Xitoy san’atining barcha turi ulkan yutuqlarga erishdi. Bu davrda xalq hayotini haqqoniy aks ettiruvchi monumental rangtasvir paydo bo’ldi; rassomlikning shoyi matoga tush yoki bo’yoq bilan rasm solish turi shakllandi. U Daoszi, Van Vey, Yan Liben, Chjou Fan, Xan gan va boshqalar. Tan davrining mashhur rassomlari bo’lgan. Amaliy bezak san’ati rivojlandi. Szindechjen chinni manufakturasida tayyorlangan mahsulotlar chet elga chiqarildi va jahonga mashhur bo’ldi. 16-asrdan badiiy kashtado’zlik va to’quvchilik rivojlandi. 19-asr 2-yarmida Xitoyning yarim mustamlakaga aylanishi ijtimoiy va madaniy hayotda qarama-qarshiliklar vujudga keltirdi, tasviriy san’atda turg’unlik ko’zga tashlandi. Shu davrda Yevropa san’ati ta’sirida moybo’yoq rassomligi paydo bo’ldi. 19-asr oxiridan rassomlar milliy klassikani ijodiy rivojlantirish yoki uni Yevropa uslubi yutuqlari bilan uyg’unlashtirishga intildilar. 20-asrning 20-30-yillarida yog’och gravyurasi paydo bo’ldi. XXR tashkil bo’lgach (1949), Xitoy tasviriy san’ati jadal sur’atda rivojlana boshladi. Bu davrda Szyan Yan, Xuan Chjou, E Syanyuy, Yan Chjiguan va boshqalar samarali ijod qildilar. “Madaniy inqilob” yillari Xitoy rassomligi inqirozi davri bo’ldi. 1976 yildan so’ng qayta tiklana boshladi. Rassomlar o’z faoliyatlarini takomillashtirish yo’llarini qidira boshladilar. Xitoyda Tsi Bayshi, Syuy Beyxun, Pan Tyanshou, Li kuchat, Lyu Xaysu, Guan Shanyue va boshqa rassomlar mashhur. Zamonaviy tasviriy san’atida turli oqim va yo’nalishlar mavjud. Musiqasi. Xitoy musiqa madaniyati jahonning eng qadimgi musiqa madaniyatlaridan biri. Uning manbai miloddan avvalgi 2-ming yillikdayoq muayyan darajada rivojlangan qadimgi qo’shiq va raqslarga borib taqaladi. “Shiszin” (“qo’shiqlar kitobi”, miloddan avvalgi 11-6-asrlar) da 3000 xalq qo’shig’i, marosim madhiyalari to’plangan bo’lib, xalq qo’shiq san’atining muhim yodgorligidir. Xitoy xalq musiqasi bir ovozli bo’lib pentatonikaga asoslangan (miloddan avvalgi 7-asrda shakllangan). Keyinchalik 7 va 12 ovozli sistema paydo bo’ldi. Asosiy musiqa cholg’ulari (an’anaviy Xitoy orkestri, odatda, 100 ga yaqin, cholg’udan tashkil topadi): torli — se, Tsin, pipa, erxu, Sixu, banxu; puflama — Syao, paysyao, Di, Sona, Shen; urma — Gong, qo’ng’iroqcha, baraban, tarelkalar. Nota yozuvidagi (Ieroglif tizimi) birinchi professional asar — “Yulantsu” (“tanho orxideya”) pesasidir (muallifi Syu Min, 6-asr). 8-asrda balet san’ati rivojlana boshladi. 12-13-asrlarda dramatik dialog, orkestr jo’rligida kuylash, pantomima va raqsni o’zida mujassamlashtirgan Xitoy operasi shakllandi. 17-asrning o’rtalaridan Sharqiy Xitoyda orkestr musiqasi rivojlandi. 19-asr bilan 20-asr oralig’ida Yevropa musiqasi ta’siri sezildi. 1927 yil konservatoriya ochildi. Xitoy musiqasiga boshqa mamlakatlar musiqa san’ati yutuqlarini olib kirishga intiluvchi “yangi Xitoy musiqasi” deb nomlangan ilg’or musiqa harakati paydo bo’ldi. Kompozitorlar Ne er (1912 35; ommaviy vatanparvarlik qo’shiqlar muallifi), Si Sinxay (1905 — 45), Xuan Szi (1904-38), Chjanshu (1908-38) yangi musiqa asoschilaridir. 1953 yil Xitoy kompozitorlar uyushmasi tuzilgan. Pekin, Shanxay, Shenyan, Chendu, Tyantszin, Sian, Guanchjou shaharlarida konservatoriyalar ishlaydi. Xitoyda dirijyorlar Li Demun, Xuan Itszyun, Yan Lyankun, Xan Chjuntsze, Chjen Syaoin, kompozitorlar Li Xuanchji, Lyu Chji, Syuy Sisyan, Syuy Vey, Chju Szyaner, Chjan Juy, Chjen Syufen, ijrochi-solistlar Lu Chunlin, Lyu dexay, Van Gotun, Shen Chjungo, vokalchilar Chjan Syuan, Vey Tsisyan, Xu Sunxua, Van Kun, Li Guilar mashhur. So’nggi chorak asr davomida musiqa san’atida katta yuksalish yuz berdi. Ayniqsa, zamonaviy estrada janri tez rivojlandi. Yoshlar o’rtasida G’arb musiqasiga bo’lgan intilishning kuchayishi har xil yoshlar ansambllari tashkil topishiga olib keldi. Yevropa musiqa ohanglari bilan milliy musiqa ohanglarining qo’shilib ketishi kuzatildi. Musiqa ijro etishda zamonaviy musiqa cholg’ularidan foydalanish keng tarqaddi. Teatr sarchashmalari xalqning qo’shiq-raqs ijodi, turli marosim va o’yinlar bilan bog’liq tomoshalardan boshlanadi. Xan davri (miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 3-asr)da shaharlar va hunarmandchilikning rivoji teatr san’ati taraqqiyotiga ta’sir etdi. Tan davri (7— 10-asrlar)da buddizm Xitoy adabiyoti va san’atiga, xususan, raqs san’atiga katta ta’sir ko’rsatdi. 8-asr o’rtalarida imperator Syuantszun saroyida “nokzor” (“Liyuan”) teatr maktabi tashkil qilindi. 10-12-asrlarda professional aktyorlar truppalari vujudga keldi. 13— 14-asrlarda teatr san’ati takomillashdi. 17-19-asrlarda muayyan hudud bilan bog’langan mahalliy teatr janrlari (bantszi, tsintsyan, yueszyuy va boshqalar) paydo bo’ldi. 19-asr o’rtalarida mahalliy teatrlar negizida teatrning yangi shakli — Pekin musiqali dramasi shakllandi; u keyinchalik Xitoy umummilliy klassik musikali dramasiga aylandi. 20-asr boshlarida zamonaviy drama teatri shakllandi (asosan, Yevropa drama san’ati ta’sirida). 1907 yilda birinchi drama truppasi — “ko’klamgi majnuntol” (“Chunlyushe”) tashkil qilindi. O’sha yili “ko’klam quyoshi” (“Chunyanshe”) professional teatri ham tashkil topdi. 1927 yil Shanxayda ilg’or teatr arboblari, dramaturg va aktyorlar “Janubiy jamiyat” (“Nantoshe”)ga birlashdilar. 1930— 40 yillardagi yirik dramaturglar: Tsao Yuy, Go Mojo, Xun Shen, Tyan Xan, Ouyan Yuytsyan, Sya Yan va boshqalar 1930 yilda sud teatr arboblari ligasi tuzildi. 30-yillarda zamonaviy drama teatr saxnalarida rus va G’arbiy Yevropa dramaturglarining pyesalari qo’yildi (N.V.Gogol, A. N. Ostrovskiy, M. Gorkiy, G. Ibsen va boshqalarning pyesalari). XXR tashkil etilgach (1949), teatr san’atida islohot o’tkazildi, klassik dramalar qayta ko’rib chiqildi. 1952 yilda 1-umumxitoy teatr va drama ko’rigida islohotga yakun yasaldi. 1963-64 yillarda teatrda inqilob o’tkazish, klassik pyesalarni “zamonaviy inqilobiy pyesalar” bilan almashtirish masalasi kun tartibiga qo’shildi, natijada professional jamoalar keskin kamayib ketdi. “Madaniy inqilob” davri teatr san’ati uchun ham tushkunlik davri bo’ldi. 1976 yildan so’ng teatr taraqqiyoti yangi bosqichga o’tdi. O’z asarlarida xayotni Real aks ettiruvchi yosh iste’dodli dramaturglar etishdi. Zamonaviy va tarixiy mavzularda ko’plab pyesalar yaratildi. Kinosi. Xitoyda birinchi film 1913 yil yaratilgan (“soxta er-xotinlar”). 1920— 30-yillarda progressiv yo’nalishdagi filmlar ishlab chiqarildi (“Baliqchi qo’shig’i”, “yo’l”, “chorraha” va boshqalar). 1940- yillarda Xitoy kinematografchilari ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan filmlarni suratga oldilar (“Sungari daryosida”, “Bahorgi suvlar sharqqa oqadi”, “sakkiz ming li, oy va bulutga yo’l” va boshqalar). 1938 yil sentabrda tuzilgan Yanan kinoguruhi ozod etilgan hududlarda “Yanan va 8-armiya”, “Doktor Norman Betyun”, “Nannivan” kabi hujjatli filmlar yaratdilar. 1946 yil Xitoy shimoli Sharqining ozod etilgan rayonlarida Dunbey (shimoli Sharq) studiyasi (keyinchalik Chanchun) tashkil etildi. “Xitoy qizlari” (rejissyorlar Lin Szifen va Chjay Syan), “Po’lat askar” (rejissyorlar Chen In), “oq sochli qiz” (rejissyorlar Van bin va Chjan Shuyxua), “partiya qizi” (rejissyor Lin Nun), “tinchlik yo’lida” (rejissyor Xuan Szolin) filmlari 1950-yillardagi eng yaxshi filmlardir. 1950 yil Pekin shahrida kinematografiya inti tashkil etilgan. 1960-yillarning o’rtalaridan filmlar ishlab chiqarish kamaydi. 1967-69 yillarda deyarli barcha studiyalar o’z faoliyatlarini to’xtatdi, faqat bir nechtagina hujjatli film chiqarildi. 1976 yildan keyin kino ishlab chiqarish asta-sekin tiklana boshladi. 1980-yillarda qishloq hayoti mavzusidagi “Yuelyan qishlog’idagi qahqaxa”, “Syuy Mao va uning kizlari”, “qishloqqa muhabbat” va boshqa filmlar yaratildi. “Sian hodisasi”, “Nanchan qo’zg’oloni” filmlarida inqilob tarixidan muhim lavhalar aks ettirildi. “Qon har doim qaynoq”, “ko’prik ostida” filmlari hozirgi zamon yoshlari, ularning muammolariga bag’ishlandi. Shuningdek, Lu Sin, Mao dun, Lao she asarlari asosida ham filmlar yaratildi. “Bulutlar ortidagi tog’lar qissasi”, “o’rtacha yosh”, “yilqichi” kabi filmlarda Xitoy xalqining ma’naviy go’zalligi va mehnatsevarligi haqida hikoya qilinadi. Xitoyda badiiy hamda hujjatli filmlar bilan bir qatorda multiplikatsion va ilmiyommabop filmlar ham ishlab chiqariladi. O’zbekiston — Xitoy munosabatlari. O’zbekiston hududi Buyuk ipak yo’lining chorrahasi bo’lganligi tufayli ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar bir necha ming yillik tarixga ega. Ammo birinchi Xitoy elchisi Chjan Syanning qadimgi Farg’ona (Davan, Dayyuan) davlatiga kelishi miloddan avvalgi 128 yilda yuz bergan. Ushbu voqeani ikki davlat o’rtasidagi diplomatik aloqaning boshlanishi deb hisoblash mumkin. Elchi vataniga qaytib borgandan so’ng, xitoyliklar nafaqat Farg’ona, balki butun O’rta Osiyo haqidagi ma’lumotlarga ega bo’lgan. Shuning uchun ular elchini g’arbga boradigan Buyuk ipak yo’lini ochgan shaxs deb bilishadi. Chjan Syandan keyin hozirgi O’zbekiston hududiga kelib ketgan elchilar va budda rohiblarining soni ko’paygan. Qadim zamondan beri O’zbekiston va Xitoy o’rtasida ijobiy ahamiyatga ega bo’lgan savdo va boshqa munosabatlar rivojlangan. Shu bilan birga ikki mamlakat o’rtasida noxush damlar ham bo’lib o’tgan. Masalan, Xitoyda tezlik vositasi va boylik mezoni hisoblangan Farg’ona tulporlarini qo’lga kiritish maqsadida Xan imperiyasi qo’shinlarining Farg’onaga qilgan urushi (miloddan avvalgi 104-100) va tan imperiyasi armiyasining Toshkentga qilgan harbiy yurishi (658) bunga misoldir. Aloqalarning rivojlanishi bilan birga uzum, shaftoli, mosh, piyoz, oshqovoq kabi mevasabzavotlar va tandir noni, somsa kabi oziq-ovqatlarning yurtimiz va qo’shni davlatlardan Xitoyga tarqalishi kuzatilgan. O’tgan o’rta va qadimgi asrlarda hozirgi O’zbekiston hududida yashagan ko’p kishilar Xitoyga borib faoliyat ko’rsatganlar. Ular nafaqat savdo ishlarida, balki qurilish, fan va texnika sohasida ham nom chiqarishgan. Ayniqsa, Xitoyda tashkil topgan va yuan deb nomlangan mo’gullar sulolasi davri (1279-1368)da Mahmud Yalavoch, Umar Shamsiddin va boshqa davlat ishlarida, Jamoliddin Buxoriy, Kamoliddin, Muhammad Buxoriy, Xorazmlik Ahmad Fanakatiy va boshqalar matematika va astronomiya sohasida ulkan ishlar qilib, Xitoyda mashhur bo’lganlar. 13-14- asrlarda bir qator tabiblar Xitoyda faoliyat ko’rsatgan, ular yordamida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” Xitoy tiliga tarjima qilingan va u Xitoy tabobati durdonasi hisoblangan “Xueyxuey yaofan” (“Musulmon dorivorlari”) hamda “Bentsao ganmu” (“giyoh dorivorlar qonuni”) asarlarining yaratilishida asos bo’lgan. O’zbekistonliklar Xitoyda Islomning tarqalishiga ham katta hissa qo’shishgan. Shu zamonlarda Samarqanddan borgan va o’g’uz qabilasining Solor urug’i avlodidan bo’lgan 40 dan ortiq oila Tsinxay viloyatiga borib joylashgan. Ularning avlodi ko’payib hozir XXRda mavjud bo’lgan 56 xalq (millat) ning birini tashkil qiladi. 1368 yil hokimiyat tepasiga kelgan Min sulolasi davrida Buyuk ipak yo’li orqali amalga oshiriladigan Xitoy va Turkiston o’rtasidagi aloqalar biroz susaydi. Ammo Temuriylar davrida bu aloqalar yana jonlandi. 1950 yildan O’zbekiston Xitoy ning Sintszyan Uyg’ur Muxtor rniga kadrlar tayyorlash, mahalliy aholini uyg’ur, qozoq tillaridagi adabiyot va o’quv kitoblari bilan ta’minlash, tibbiy yordam ko’rsatish, yer osti boyliklarni aniqlash, irrigatsiya tizimini yaxshilash bo’yicha katta yordam ko’rsatdi. Adabiyotlarni nashr qilish uchun Toshkentda maxsus tahririyat, kadrlar tayyorlash uchun O’rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O’zbekiston milliy universiteti) da maxsus kafedra tashkil etildi. 1978 yildan O’zbekiston talabalari Xitoyga til o’rganish uchun yuborildi. Toshkentda termos ishlab chiqaruvchi XitoyO’zbekiston qo’shma korxonasi tashkil etildi (1987). Shu yili O’zbekistanga XXRning birinchi rasmiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. 1990 yil noyabrda SintszyanUyg’ur Muxtor rayoni raisi Temur Davomat Toshkentga keldi. 1991 yil iyunda ilk bor O’zbekistonning rasmiy delegatsiyasi Urumchiga bordi. Ikki davlat o’rtasida savdo va turistik aloqalar jonlandi. 1991 yil XXR O’zbekiston mustaqilligini tan olib 1992 yil Diplomatiya munosabatlari o’rnatilgach, ikki mamlakat o’rtasida teng huqukli aloqalar o’rnatila boshladi. O’tgan 13 yil davomida ikki davlat o’rtasida 100 dan ortiq rasmiy hujjatlar imzolandi. 1992 yil 15 oktabrda Toshkentda XXR elchixonasi, 1995 yil 6 mayda Pekinda O’zbekiston elchixonasi ochildi. Shu davr davomida O’zbekistob Respublikasi Prezidenti I. Karimov 4 marta (1992, 1994, 1999, 2001 yil) rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo’ldi. Ilk bor rasmiy tashrif bilan 1995 yil O’zbekistonga XXR Davlat kengashi boshlig’i Li Pen kelgan. XXR raisi Szyan Szemin (1996) va uning o’rnini egallagan Xu Szintao (2004)lar ham rasmiy tashrif bilan O’zbekistonga keldilar. Xu Szintao XXR raisining o’rinbosari sifatida 1995 yilda ham O’zbekistonda bo’lgan. Bundan tashqari, o’tgan davr davomida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari, Vazirlar Mahkamasi rahbar xodimlari, parlament delegatsiyalari va boshqalarning o’zaro tashriflari amalga oshirildi. 1994 yilda ikki mamlakat o’rtasida tuzilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiya doimiy faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Xu Szintaoning 2004 yil iyundagi O’zbekiston Respublikasiga tashrifi chog’ida O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida sheriklik munosabatlari, do’stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash to’g’risida qo’shma deklaratsiya, shuningdek, narkotik vositalarning, psixotrop moddalarning noqununiy aylanishi va suiiste’mol etilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga, texnikaviy-iqtisodiy hamkorlikka oid bitimlar imzolandi. 2003 yil ikki tomon tovar ayirboshlash hajmi 216 million AQSh dollariga teng bo’ldi. Shundan O’zbekistonning XXRga qilgan eksporta 53 million, importi 163 million AQSh dollarini tashkil etdi. So’nggi yillarda O’zbekiston bozorlarida Xitoy mollarining ko’payganligini kuzatish mumkin. Xitoydan O’zbekistonga texnika, elektronika, elektr jihozlari, kofe, xalq iste’mol mollari, choy va ziravor, optika priborlari va apparatlari, transport vositalari, to’qimachilik mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal va boshqalar keltiriladi. O’zbekiston Xitoyga rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, mineral yonilg’i, neft va neft mahsulotlari, paxta va ipak tolasi, plastmassa va boshqalar yuboradi. Ayni vaqtda O’zbekistonda Xitoy investorlari ishtirokida tuzilgan 122 korxana ro’yxatdan o’tgan. Shulardan 102 tasi qo’shma korxona, 20 tasi 100% Xitoy sarmoyasi hisobidagi korxonadir. Respublikada Xitoyning savdo hamda Xitoy kompaniyalarining 23 vakolatxonasi faoliyat ko’rsatmoqda. Xitoyning O’zbekistonga kiritilgan sarmoyasi hajmi 435 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ikki mamlakat o’rtasida madaniyat, fan, texnika va ta’lim sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Xitoy vakillari Samarqandda o’tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida, O’zbekiston folklor jamoalari Pekinda har yili o’tadigan xalqaro madaniyat va turizm festivalida muntazam ishtirok etadilar. 1996 yil Pekinda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan XXR Fanlar akademiyasi o’rtasida o’zaro hamkorlik to’g’risida, 2000 yil Toshkentda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi bilan XXR ijtimoiy Fanlar Akademiyasi o’rtasida bitam imzolandi. 1997 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asari Xitoyda Xitoy tiliga tarjima kilinib chop etildi. Shu yil O’zbekistonga bag’ishlangan maxsus jurnal va 2004 yil kitob nashrdan chiqdi. Toshkent bilan Shanxay shaharlari, Buxoro viloyati bilan Xubey provintsiyasi, Toshkent viloyati bilan Shansi provintsiyasi o’rtasida o’zaro hamkorlik munosabatlari o’rnatilgan. 2000 yilda ilmiy-texnika hamkorligi bo’yicha maxsus qo’mita tashkil etilgan. 2001 yil Toshkentda Xitoy madaniy markazi tashkil topdi. 2002 yilda Toshkentda “XXR fani va texnikasi kunlari” deb nomlangan ko’rgazma bo’lib o’tdi. 2003 yil Chanchun (Szilin o’lkasi) shahrida Kamoliddin Behzodning haykali o’rnatildi. 2004 yilda Pekinda O’zbekiston — XXR munosabatlariga bag’ishlangan ilmiy anjuman, Toshkentda Xitoy madaniyati kunlari o’tkazildi. Ikki davlat o’rtasida talabalar almashuvi ham amalga oshirilmoqda. 2004 yil iyunda O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Xitoy ta’lim vazirligi o’rtasida Toshkentda Xitoy tilini o’rganish bo’yicha Konfutsiy nomidagi institutni tashkil etish to’g’risida bitim imzolandi. 2001 yilda O’zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo’lgandan beri ushbu tashkilot doirasidagi munosabatlar rivojlanmoqda. Ayniqsa, terrorizmga qarshi kurash va O’rta Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik kengaymoqda. Mazkur tashkilotning yuridik asoslarini ishlab chiqish va uning amaliy vazifalarini belgilashda O’zbekiston faol ishtirok etdi. 2004 yil iyunda Toshkentda ushbu tashkilotning navbatdagi sammiti bo’lib o’tdi va unda mintaqaviy aksilterroristik markazning ijroiy qo’mitasi rasman ochildi. 2004 yildan O’zbekiston va XXRning Sintszyan-Uyg’ur Muxtor rni televideniye kompaniyalari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yildi. Toshkent telestudiyasi XXR haqida, Urumchi telestudiyasi O’zbekiston haqida ko’rsatuvlar olib bormoqda. Sport sohasida ham ikki davlat o’rtasidagi aloqalar mavjud. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga 1998 yil 1 dekabrda tuzilgan “O’zbekiston — Xitoy” do’stlik jamiyati munosib hissa qo’shib kelmoqda. Abdulahad Xo’jayev.