XO’JALIK SHARTNOMASI

XO’JALIK SHARTNOMASI – tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari o’rtasida tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnoma. Bunda taraflardan biri shartlashilgan muddatda tadbirkorligi faoliyati sohasida tovarlarni berish ishlarini bajarish yoki xizmatlar ko’rsatish, 2-taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini to’lash majburiyatini oladi. Xo’jalik shartnomasi sohasidagi huquqiy munosabatlar “Xo’jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida” O’zbekiston Respublikasining qonuniga (1998 yil 29 avgust) asoslanadi. Qonun Xo’jalik shartnomasiga qo’yiladigan talablar, Xo’jalik shartnomasini tuzish, bajarish, o’zgartirish va bekor qilish tartibi, Xo’jalik shartnomasi bo’yicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda javobgarlik asoslari, shartnoma yuzasidan talabnoma va da’vo keltirish tartibi, shuningdek, iqtisodiy munosabatlarda shartnomaviy-huquqiy faoliyatini amalga oshirishda davlat boshqaruv organlarining vakolat doirasini belgilab bergan. Xo’jalik shartnomasiga qo’yiladigan talablardan biri uning huquqiy ekspertizadan o’tkazilishi, ya’ni uning qonun hujjatlariga muvofikligi tekshirib ko’rilgan bo’lishidir. Xo’jalik shartnomasi qonunda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobaridan ortiq summaga tuzilgan taqdirda xo’jalik yurituvchi sub’yektlar yuridik xizmati yoki jalb etilgan advokatlarning yozma xulosasi kerak bo’ladi. Qonunda bu qoidaning belgilanishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, jamiyat manfaatlarini, shuningdek, atrof muhitni muhofaza etish bilan bog’liqdir. Xo’jalik shartnomasi fuqaro qonunchiligidagi shartnomalar tuzishning umumiy qoidalariga muvofiq tarzda, yozma shakdda tuziladi. Xo’jalik shartnomalarini mazmun va mohiyatiga ko’ra, quyidagicha tizimlashtirish mumkin: molmulkka nisbatan egalik xuquqini o’tkazishga; mol-mulkka nisbatan foydalanish huquqini topshirishga; muayyan ishni bajarishga; xizmat ko’rsatishga qaratilgan shartnomalar. Mol-mulkka nisbatan egalik huquqini o’tkazishga qaratilgan shartnomalarning asosiy xususiyati tovarga bo’lgan egalik huquqining bir shaxsdan 2-shaxsga o’tishi bilan xarakterlanadi. Bu shartnomalarga oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini kontraktasiya, ayirboshlash kabi shartnomalarni kiritish mumkin. Mol-mulkka nisbatan foydalanish huquqini topshirishga qaratilgan shartnomalarga mulk ijarasi, prokat shartnomasi, transport vositalari ijarasi, binolar va inshootlar, uyjoy ijarasi, korxonani ijaraga berish, lizing, tekin foydalanish shartnomasi kabilarni kiritish mumkin. Bu shartnomalar bozor iqtisodiyoti sharoitida mulk egasining o’z mulkidan unumli foydalanish imkoniyatini berish bilan birga, bo’sh, foydalanilmay yotgan mulkni katta daromad manbaiga ham aylantiradi. O’z navbatida, xo’jalik faoliyatini amalga oshirish uchun o’zining molmulkiga ega bo’lmagan shaxsning bunday mulkni boshqa shaxsdan vaqtincha foydalanish uchun olib, bu orqali o’zining shu mulkka bo’lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatini vujudga keltiradi. Muayyan ishni bajarishga qaratilgan shartnomalar boshqa shartnomalardan o’zining tartibga solinishi asosi bilan farq qiladi. Bunda ishlarni bajarish majburiyatlari xo’jaliklar o’rtasidagi munosabatlardan vujudga keladi. Bu munosabatlar asosida maxsus bilim va malaka talab etilgan ishlarga bo’lgan ehtiyoj yotadi. Masalan, korxonalarni qurishni loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash uchun maxsus bilim va malakaga ega bo’lgan yoki bu ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishni taqozo etadi. Bu munosabatlar muayyan ishni bajarishga qaratilgan pudrat, qurilish pudrati, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik, loyihalash, qidiruv, texnologik ishlarni amalga oshirishga qaratilgan shartnomalar vositasida tartibga solinadi. Xizmat ko’rsatishga qaratilgan shartnomalar boshqa shartnomalardan faqat xizmat ko’rsatishga doir majburiyatlar orqali amalga oshirilishi bilan farq qiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik faoliyatida xizmat ko’rsatish munosabatlariga bo’lgan ehtiyoj ortib boradi va uning yangi-yangi ko’rinishlari vujudga keladi. Bu shartnomalarning xarakterli xususiyati shundaki, bunda moddiy ne’mat yaratilmaydi, balki ashyoviy shaklda bo’lmagan xizmat bajariladi. Bu shartnomalar jumlasiga ssuda, kelishish, yuk tashish, haq baravariga xizmat ko’rsatish kabi shartnomalarni kiritish mumkin. Xo’jalik shartnomasining qonun talablari darajasida tuzilishi, bajarilishi, shartnoma intizomiga rioya qilinishi xo’jalik yurituvchi sub’yektlar o’rtasidagi munosabatlarning barqarorlashishi, iqtisodiyot rivojlanishining muhim vositalaridan biridir. Xurshida Burxonxujaeva.