Hakim Nazir (1915-2008)
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazir 1915 yil 15 oktyabrda Toshkentning Arpapoya mahallasida mahsido‘z kosib oilasida tavallud topdi. Boshlang‘ich ma’lumotni uyida onasi Malika otin maktabida olgan. Mehnat faoliyatini 15 yoshidan oyoq-kiyim fabrikasida boshlagan, ishlab turib, kechki yshchi-yoshlar maktabida o‘qishni davom ettirgan.
1941 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining kechki bo‘limini, 1954—1956 yilda Moskvada Oliy Adabiyot kursini bitirgan.
1933 yildan «Lenin uchquni» gazetasida ishlay boshlagan. Shundan beri 50 yil davomida uzluksiz bolalar matbuotida, respublika radioeshittirish Davlat qo‘mitasida, Badiiy adabiyot nashriyotida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, bosh muharrir, adabiy maslahatchi vazifalarida xizmat etdi.
Hakim Nazirning adabiy faoliyati 30-yillarning o‘rtalaridan boshlangan bo‘lib, dastlabki mashq hikoyalari 1934 yilda «Lenin uchquni», «Yosh kuch», «Vojatiy» kabi gazeta-jurnallarda bosilgan. Birinchi kitobi «Qishloqdagi jiyanlarim» 1948 yilda nashr etilgan. Kattalar va bolalar uchun jami chop etilgan kitoblari 50 dan ortiq. Ularda odob-axloq, odamiylik, do‘stlik va mehnatga muhabbat, vatanparvarlik haqida bahs boradi. Bolalarning rang-barang olamlari gavdalantiriladi.
Adibning «Pionerlar bog‘i» (1950), «Besh baho» (1955), «Cho‘l havosi» (1958), «Yaxshi nom» (1962), «Meni taniysizmi?» (1963), «Bolajonlarim» (1964), «Ali bilan Sher» (1971), «Bir og‘iz so‘z» (1982),«Baqaloq va chaqaloq»(1998) kabi hikoyalar to‘plamlari shu jihatdan xarakterlidir.
Adibning bolalar uchun yozgan qissalari orasida «Ko‘korol chiroqlari» (1954), «Yonar daryo» (1966), «Kenjatoy» (1976), «Tohir-Zuhra qissasi» (1985) va «Dadamni topib beringlar» (1991) kabi asarlarida yoshlarning boy, beg‘ubor va sirli ichki olami, mehnatga, oila va muhabbatga, hayotga bo‘lgan munosabatlari ifoda etilgan.
Yozuvchining «Lochin qanotlari» (1973) romani o‘zbek bolalar va o‘smirlar adabiyotida juda kam yoritilgan urush mavzusiga bag‘ishlangan.
Hakim Nazir dramaturg sifatida «Chiranma g‘oz — hunaring oz» pesasi bilan o‘zbek bolalar dramaturgiyasi rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan. Asar ko‘p yillar davomida Yosh tomoshabinlar teatri sahnasida qo‘yilgan va qo‘yilmokda.
Yozuvchi ijodida kattalar uchun yozilgan hikoyalar, ocherklar va qissalar ham yetakchi o‘rinni egallaydi. Jumladan, «Musobaqadoshlar» (1950), «Odamning qadri» (1958), «O‘tlar tutashganda» (1960), «Onaizor» (1961), «Aziz odam» (1964), «Shoshilinch telegrammalar» (1987) kabi hikoyalar va ocherklar to‘plamlari, «Suv gadosi» (1962) va «Ko‘kterak shabadasi» (1988) kabi qissalari shular jumlasidandir.
Hakim Nazirning 50 yilligi munosabati bilan ikki jildlik «Tanlangan asarlari» (1969—1970), 60 yilligi munosabati bilan besh jildlik «Tanlangan asarlari» (1977—1981) chop etilgan. Yozuvchining 80 yilligi munosabati bilan uning ikki yangi kitobi bosilgan — biri «Oq fotiha yoki bolalik sarguzashtlarim» xotira-qissasi (1995), ikkinchisi esa «Yodimdasiz, azizlarim» (1995) esdaliklaridir.
Hakim Nazirning o‘nlab kitoblari rus, qozoq, kirg‘iz, turkman, tojik, gruzin, arman, ukrain, belorus, latish, litva, eston, nemis, frantsuz, ispan, bulg‘or, chex, mo‘g‘ul tillariga ag‘darilgan.
Uning nashr etilgan asarlarining umumiy tiraji bir yarim milliondan oshib ketgan.
Hakim Nazir besh jildlik «Tanlangan asarlari» uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1981). 1984 yilda unga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berilgan. U Xans Kristian Andersen nomidagi Xalqaro Faxriy diplom bilan ham mukofotlangan (1984), «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).
Hakim Nazir 2008 yil 15 may kuni vafot etgan.