Shavqiy Kattaqo’rg’oniy
Shavqiy Kattaqo’rg’oniy (taxallusi; ismi Muhammad Sharif) (1785 — Kattaqo’rg’on tumani — 1861) — shoir. Buxorodagi Govkushon madrasasida tahsil olgan. O’zbek, tojik va Arab tillarida ijod qilgan. Uning bir devon va turli bayozlardagi lirik she’rlarining umumiy hajmi 3000 misra atrofida. Bular ichida g’azal salmokli o’rin tutadi. Shavqiy Kattaqo’rg’oniy she’riyatida, shuningdek, muxammas, musaddas, musabba’, musamman, muashshar, masnaviy, ruboiy, fard, qit’a, marsiya, muvashshah, chiston janriga mansub she’rlar ham uchraydi. Shavqiy Kattaqo’rg’oniyning she’rlarida insondagi go’zal ma’naviy fazilatlar madh etilgan. U Bedil, Navoiy, Fuzuliy, kabi shoirlarning adabiy an’analarini davom ettirib, o’zining komil inson borasidagi fikrlarini falsafiy mushohadalar, tasavvufiy qarashlar, diniy ehtiroslar pardasiga o’rab bergan. Shavqiy Kattaqo’rg’oniy musulmonchilik qonun-qoidalarining qisqa majmui — “Muxtasar ulviqoya” masnaviysini “Mir’ot almuxtasar” nomi bilan tojik tilida sharhlagan. Taxminan 23 ming misradan iborat bo’lgan bu risola 26 bob — faslga bo’linadi. Huquq mezonlari, axloqiy-ta’limiy qarashlar har bir faslda bayon shaklida berib borilgan. Asar oxirida kitobdagi Arabcha so’z va istiloxlarning lug’aviy ma’nolariga izoh beruvchi so’zlik ilova qilingan. Shuningdek, Arab grammatikasiga oid “Risolai qofiya yo mir’ot unnahv” asarini yozgan. Shavqiy Kattaqo’rg’oniy devonlari nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №4634) va Tojikiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 1899) da saqlanadi. As: tanlangan asarlar, T., 1964. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [4 j.], T., 1978.