ANOV MADANIYATI
ANOV MADANIYATI – Ashxobod yaqinidagi Anov qishlog’i atrofida joylashgan ilk eneolit va so’nggi jez davrlariga oid qadimgi dehqonchilik manzilgohlari va shahar xarobalari. Eneolit va jez davri manzilgohlari saqlanib qolgan shimoliy va Janubiy Anov tepaliklari ayniqsa dunyoga mashhur. Anov madaniyatini dastlab amerikalik geolog R. Pompelli va angliyalik arxeolog Shmidt tekshirgan. Anov madaniyati qatlamlaridan xom g’ishtdan qurilgan binolar qoldiqlari, turli mis buyum va zeb-ziynatlar, tosh yorg’uchoqlar, sirtiga rang-barang naqshlar ishlangan sopol idishlar hamda jamiki borliqni vujudga keltiruvchi qudrat timsoli hisoblangan ayol haykalchalari topilgan. Arxeologik qazishlar va aerofotosuratlar eneolit davridayoq O’rta Osiyo hududida eng ilk sug’orish inshootlari barpo bo’lganligini ko’rsatadi. Eneolitdan jez davriga o’tish bosqichida sopol buyumlarga naqsh ishlash bilan birga inson va hayvonlar shaklini ham chizish keng tus olgan. Anov madaniyati yodgorliklarini boshqa mintaqa topilmalari bilan qiyosiy o’rganilishi natijasida jez davrida, miloddan avvalgi 3-2 ming yillik oxirida O’rta Osiyo Janubda ilk shahar madaniyati, qadimgi Sharq tipidagi mahalliy madaniyat vujudga kelgan deb hisoblanadi.