Jaloyirlar, jaloirlar
Jaloyirlar, jaloirlar — turkey xalqlardan biri. Rashiduddinnnnt yozishiga ko’ra, Jaloyirlar 12-asrda Onon va Kerulen daryolari bo’yida yashashgan. Ular 10 bo’lakka (qabilaga) bo’lingan, har bir qabilaning o’z sarkardasi (qabila boshlig’i) bo’lgan. Jaloyirlarning katta bir qismi kidonlar bilan bo’lgan urushda engilgach, Chingizxon ajdodlariga tobe bo’lgan. Chingizxon hukmronligi davrida, Jaloyirlardan bir qancha e’tiborli beklar va lashkarboshilar yetishib chiqqan. 12-asrning oxiri va 13-asrning boshlarida Jaloyirlarning katta qismi Yettisuv va Movarounnahrning ayrim viloyatlari (Ohangaron vodiysi va Xo’jand tumani) ga ko’chib kelib o’rnashgan. 1370 yilda Amir Temur bu guruhni o’ziga tobe etadi, ammo Jaloyirlar tez-tez qo’zg’olon ko’tarib turishgan. 1376 yildagi qo’zg’olon bostirilgach, ular bir qancha guruhlarga ajratilib, bir bo’lagi Toshkent vohasida qoldirilgan, qolganlari Movarounnahrning bir qancha tumanlariga (asosan, Zarafshon bo’ylariga) ko’chirilgan. Shu tarzda Amir Temur J.ning Ohangaron va Xo’jand ulusini tarqatib yuboradi. O’zbekistonda Jaloyir nomi bilan bog’liq qishloqlar bor. 13-asr davomida Jaloyirlarning katta bir guruhi Ozarbayjon va Iroqqa ko’chib o’z davlatini barpo etganlar. O’rta Osiyo va Qozog’istonda yashovchi Jaloyirlar keyinchalik o’zbek, qozoq, qoraqalpoq va qirg’iz millatlari tarkibiga kirgan. Qozoqlar tarkibidagi Jaloyirlar yirik urug’larga bo’lingan: sirmonoq, oriqtinim, boychegir, qaychili, sigirchi, bolg’ali, kuchuk, qorachopon, andas, qalps, mirza, o’roqli, oqbo’yim. Qirg’izlar tarkibida Jaloyirlarning kuchuk, ming’itay, Supatay urug’lari bo’lgan. O’zbeklar tarkibida Jaloyirlarning ikki yirik Qaychili va bolg’ali urug’lari hamda bir qancha urug’ bo’linmalari bo’lgan (Qarg’ali, boshqird, qaroabudal, qorako’li, qorachopon, chuvuldoq, jastaban va boshqalar).