Jizzax teatri, Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatri

Jizzax teatri, Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatri — O’zbekistondagi teatrlardan biri. Tarixi asosan 1921 yildan boshlanadi. Dastlab havaskorlik drama to’garagi asosida sayyor teatr gruppasi tashkil qilingan. 1927 yil siyosiy-oqartuv bo’limi ixtiyoriga olinib, “ko’k ko’ylak” agitteatri nomi berildi. A. Ahmedov, B. Oy- matov, S. Qosimov, A. Abdurazzoqov, O. Shernazarov, T. Sharipov, Yu. Yo’ldoshev, P. Nosirov, I. Karimov, S. Xoldorov, M. Sa’dullaeva, A. Yo’ldosheva, X. Usmonova, I. Haqberdiyeva kabilar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. “Halima” (rejissyor P. Nosirov) teatrda sahnalashtirilgan ilk spektakldir. Keyinroq “Arshin mololon” (U. Hojibekov), “Buxoro jallodlari” (S. Ayniy), “Tuxmatchilar jazosi” (Hamza), “Lolaxon” (K. Yashin) kabi spektakllar qo’yildi. 1932 yil “Ko’k ko’ylak” agitteatri Samarqand kolxoz-sovxoz teatriga aylantirildi. S. Jo’raboyev badiiy rahbar etib tayinlandi. Teatr repertuaridan “paxta shumg’iyalari” (U. Ismoilov), “Gulsara” (K. Yashin, M. Muxamedov pyesasi, T. Jalilov musiqasi), “Uyg’onish” (N. Safarov), “Malikai Turandot” (K. Gossi) va boshqa spektakllar o’rin oldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida teatr davr ruhiga moslab “Davron ota” (K. Yashin, S. Abdulla; T. Sodiqov, A. Kozlovskiy musiqasi), “Front” (A. Korneychuk), “Qurbon Umarov” (S. Abdulla, A. Chustiy; T. Jalilov musiqasi), “O’lim bosqinchilarga” (K. Yashin) singari asarlarni sahnaga qo’ydi. Urushdan keyin teatr repertuari mazmunan boyidi, teatr sahnasidan asosan qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish, tengsizlik mavzui, yangi yerlar ochishdagi qahramonliklar, vatanparvarlik ruhidagi spektakllar o’rin oldi. “Boy ila xizmatchi”, “Xolisxon” (Hamza), “Nurxon” (K. Yashin), “shohi so’zana” (A. Qahhor), “dalada bayram” (Sh. Sa’dulla) va boshqalar shular jumlasidan. 1957 yil kolxoz-sovxoz teatrlarining birlashishi munosabati bilan Jizzax kolxoz-sovxoz teatri gruppasi a’zolari Samarqand va Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrlari ixtiyoriga o’tkaziladi. Aktyorlarning bir qismi Jizzaxda qolib, S. Xoldorov va X. Toshpo’latov rahbarligida N. Azimov, M. Rahmatova, S. Jo’raev, R. Sattorovalar bilan birga drama to’garagi tashkil etishdi. “Zaharli hayot”, “Tuhmatchilar jazosi” (Hamza), “Shohi so’zana” (A. Kahhor) kabi spektakllarni sahnalashtirdilar. 1960 yilda “xalq teatri” unvoniga sazovor bo’ldi. 1964 yil yangi Sirdaryo viloyati tashkil etilishi munosabati bilan mazkur xalq teatri o’zagida Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri tashkil qilindi. Yunus Xo’jaev bosh rejissyor, A. Shodmonqulov bosh rassom etib tayinlandi. Jizzaxda faoliyat ko’rsatayotgan xalq teatri artistlari ham teatrga kelib qo’shildi. “Jon qizlar” (K. Shang’itboev, K. Boyseitov; A. Muhamedov musiqasi) spektakli bilan o’z faoliyatini boshladi. “Toshbolta oshiq” (H. G’ulom; M. Leviev musiqasi), “Ayajonlarim” (A. Qahhor), “Parvona” (uyg’un), “Yoshlikda bergan ko’ngil” (Z. Fatxullin; D. Zokirov musiqasi), “Layli va Majnun” (Xurshid; T. Sodiqov, R. Glier musiqasi), “Alpomish” (S. Abdulla; T. Jalilov, G. Sobitov musiqasi), “Alisher Navoiy” (uyg’un, I. Sulton), “aldar kusa” (Sh. Husainov), “makr va muhabbat” (F. Shiller), “zo’raki tabib” (J. Moler) va boshqa pyesalar sahnalashtirildi. 1974 yil Jizzax viloyati tashkil etilishi munosabati bilan Sirdaryo teatri Jizzax viloyat musiqali drama teatriga aylantirilib, 1988 yilda Yu. Rajabiy nomi berildi. F. Hamidullayev, keyinchalik F. Iskandarov bosh rejissyor, S. Najafov bosh rassom, A. Abdurahimov bosh dirijyor, D. Karimov bosh baletmeyster qilib tayinlandi. Shu vaqtlarda teatr Kamolot sari yuksalib bordi. Shuningdek, aktyorlardan H. Amirqulov, G’. Hasanov, M. Rahmatova, A. G’afurov va boshqa sahna obrazlarini yaratishda yetakchilik qildilar. Teatr repertuari “Oltin devor” (E. Vohidov), “Xolisxon” (Hamza), “aslzoda kelin” (M. Shamxalov), “Kelinlar qo’zg’oloni” (S. Ahmad), “Qoraqum fojiasi” (u. Badiqov), “Xonuma xonim” (A. Tsagareli), “Monserro” (E. Robles), “Guli siyoh” (S. Jamol) va boshqa spektakllar bilan boyidi. Teatrda turli yillarda A. Jo’raev, B. Nazarov kabi rejissyorlar, G. Vizel, V. Riftin, M. Musayev kabi rassomlar, H. Azimova, T. Sodiqov, X. Bekjonov singari aktyorlar ijod qilganlar. Teatrning yetakchi aktyorlari: O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar — G. Orinova, O. Eshto’xtarova, A. Lapasov, F. Yo’ldoshev; artistlar A. Normatov, J. Dehqonova va bopshqalar. Bosh rejissyor. — G’ofir Hamidullayev (1999 yildan). 1980 yil teatr jamoasi 700 o’rinli yangi binoga ko’chib o’tdi. Anvar Yoqubxo’jaev, O’ktam Mamajonov.