Jahm ibn Safvon
Jahm ibn Safvon, Abu Muhriz (?-745, Marv) — mashxur ilohiyotchi, jabariylar vakili va Voiz. Umaviylarning Xurosondagi noibi Nasr ibn Sayyorga qarshi qaratilgan qo’zg’olonda qatnashib asirlikka tushgan va qatl etilgan; Jahm ibn Safvon musulmonlar an’analarida Qur’onning yaratilganligi g’oyasini birinchi bo’lib aytgan Joid ibn dirhamning shogirdi. U qazo va qadarga ishonish tarafdori bo’lib, antropomorfizm (Xudoni insonga o’xshash qiyofada deb bilish)ning dushmani edi. Jahm ibn Safvon ta’kidlashicha, insonning ixtiyori o’zida emas, uning xohishi va orzulari amalga oshmaydi, u mustaqil harakat qilishdan mahrumdir. Imon — Alloh xaqidagi bilimdir, imonsizlik — Alloh haqida hech narsa bilmaslikdir. Agar inson Allohni tanigan-u, so’ngra so’zda undan yuz ugirgan bo’lsa ham, u imonli bo’lib qolaveradi. Imon (Alloh haqidagi bilim) payg’ambardan oddiy musulmongacha — hammada bir xildir. Mu’taziliylar kabi Jahm ibn Safvon ham Xudoni ko’z bilan ko’rish imkoniyatini rad qildi. U Alloh imkoniyatlarining ham chegarasi borligi haqida muloxaza yuritdi. Vafotidan keyin uning nomi bilan ataluvchi jahmiya ilohiyot maktabi shakllandi.