Xalaj, Qoloch
Xalaj, Qoloch — qadimgi turkiy qabila. Xalajlar dastavval (6-asr) Janubiy Sibirda, keyinchalik Talas vodiysida, Koshg’arda yashagan. 7-8-asrlarda katta qismi Toxaristonga (asosan, shimoliy Afgonistonga va Movarounnahr yerlariga) borib o’rnashganlar, vaqt o’tishi bilan Xalajlar tub yerli aholi bilan aralashib ketgan. Ayrim qabilalar o’z etnik nomlarini 20- asr boshlarigacha saqlab qolganlar. Xalajlar afg’on-xiljoylarning shakllanishida hal qiluvchi rol o’ynagan. Shuningdek, Xalajlar Eronning Janubdagi ko’chmanchi turkiy qabilalar — qashqaylarning muxim komponentlaridan birini tashkil etgan. Tojikistonning Janub va Vaxsh vodiysidagi Xalajlar esa, 16-asr boshlaridayoq mustaqil etnik birlik hisoblangan. 19-asrga oid yozma manbalarda Xalajlar Amudaryoning o’rta oqimidagi turkman qabilalari qatorida tilga olingan. O’rta asrlarda Xalajlar tarqoq holda Movarounnaxrning boshqa viloyatlari (jumladan, Zarafshon vodiysi va Qashqadaryoning yuqori qismi)da ham yashagan. Hozirgi Xalaj avlodlari Eron, Zakavkaze va Afg’onistonda turk va Eron tilli xalqlarda etnik nom sifatida saqlanib qolgan.