Taxtako’pir
Taxtako’pir — Qoraqalpog’iston Respublikasi Taxtako’pir tumanidagi shaxarcha (1984 yildan). Tuman markazi, Nukus shahridan 107 kilometr narida. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Chimboy (55 kilometr). Aholisi 17,1 ming kishi (2004). Xo’jaliklari Quvonchyorma kanalidan suv oladi. “Taxtako’pir” atamasining kelib chiqishini 20-asrning boshlarida Quvonchyorma kanalining davomi bo’lgan bosay kanali ustida xashar yo’li bilan taxta (yog’och)dan qurilgan ko’prik (shevada “ko’pir”) bilan bog’laydilar. Taxtako’pirda tuman hokimiyati binosi, ma’muriy, davlat va qurilish tashkilotlari, “Taxtako’pirdon” aktsiyadorlik jamiyati, avtokorxona, ta’mirlash ustaxonasi, MTP, “Taxtaqishloqmash” (Qozog’iston bilan) qo’shma korxonasi, supermarket, avtovokzal mavjud. 6 umumiy ta’lim maktabi, musiqa maktabi, 2 kasbhunar kolleji, kutubxona, madaniyat saroyi, “Otalar choyxonasi”, savdo markazi, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Tennis korti, stadion, sport klubi bor. “Doridarmon” aktsiyadorlik jamiyati, tuman Markaziy kasalxonasi, shoshilinch tibbiy yordam markazi, yuqumli kasalliklar kasalxonasi, 3 poliklinika, ayollar konsultasiyasi, 7 dorixona, va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Taxtako’pir — Nukus yo’nalishida avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.