Uchquduq tumani

Uchquduq tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. 1982 yil 25 martda tashkil etilgan. Shimoldan Qozog’iston Respublikasi, g’arbdan Qoraqalpog’iston Respublikasi, Janubdan Buxoro viloyati va sharqdan Tomdi, Konimex tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 46,63 ming km2. Aholisi 38,8 ming kishi (2004). Tumanda 5 qishloq fuqarolar yig’ini (Avangard, Bo’zdo’ngi, Mingbuloq, Oltintov, Uzunquduq) bor. Markazi — Uchquduq shahri. Tabiati. Tuman hududi viloyatning g’arbida, Qizilqum cho’lida joylashgan. Relefi, asosan, tekislik. Qizilqum cho’li qo’ylar uchun asosiy yay- lov hisoblanadi. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 1 gradus, yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, eng past temperatura -35°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 190 kun. Yiliga 45-46 mm yog’in tushadi. Yog’in, asosan, qish va bahorda yog’adi. Tuproqlari taqirli, sur qo’ng’ir va qumli tuproqlardan iborat. Yovvoyi o’simliklardan Qizilqum yaylovlarida saksovul, yantoq, adrasman, tuyaqorin, selin, quyonsuyak, qizilcha, tekisliklarda turang’il, jiyda, yulg’un, tol va boshqalar bor. Beltov qirlarida oqshuvoq va sho’ralar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan, tog’larda qobon, quyon, jayran, bo’ri, tulki, chiyabo’ri, yovvoyi mushuk, bo’rsiq, qo’shoyoq, ko’rsichqon; sudraluvchilardan toshbaqa, ilonlar, har xil kaltakesaklar; qushlardan tuvaloq, to’rg’ay, burgut yashaydi. Uchquduq tumani hududida Muruntov oltin koni joylashgan. Aholisi, asosan, o’zbek va qozoqlar, shuningdek, rus, ukrain, qoraqalpoq, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1km2 ga 0,8 kishi. Shahar aholisi 25,3 ming kishi, qishloq aholisi 13,5 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda 279 korxona, shu jumladan, 226 mikrofirma, 13 kichik, 13 o’rta, 27 yirik korxona faoliyat ko’rsatadi. Undan tashqari, O’zbekiston—Rossiya “Promelektro” qo’shma korxonasi mavjud. Qishloq xo’jaligida yaylov chorvachiligi (qoramol, qo’y, jumladan, Qorako’l qo’ylari va echki, yilqi, tuya boqiladi) rivojlangan. Uchquduq tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 2,2 ming qoramol (shu jumladan, 1714 sigir), 137,3 ming qo’y va echki, 1,7 ming yilqi, 1,2 ming tuya boqiladi. Parrandachilik bilan ham shug’ullaniladi (2004). Tumandagi 22 umumiy ta’lim maktabi, shu jumladan, 1 gimnaziyada 8 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oladi. Konchilik kasbhunar kolleji faoliyat ko’rsatadi (2004). 2 madaniyat uyi, 8 kutubxona, bolalar musiqa va san’at maktabi, stadion, sog’lomlashtirish punkti, suzish xavzasi va boshqa sport inshootlari bor. Markaziy kasalxona, tibbiy sanitariya qismi, davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, sil kasalligiga karshi dispanser, poliklinika, ayollar va bolalar konsultatsiyasi, dorixona, 2 qishloq vrachlik punkti, 4 kasalxona faoliyat ko’rsatadi. Tuman markazi (Uchquduq) bilan ovular o’rtasida va Navoiy shahriga avtobuslar qatnaydi. Tumanda “Dostik—Drujba” gazetasi chiqariladi.