Uchquduq
Uchquduq — Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi shahar (1978 yildan), tuman markazi. Viloyatning shimolida temir yo’l stantsiyasi. Uchquduqdan Navoiy shahrigacha 300 kilometr. Aholisi 25,3 ming kishi (2004). 1961 yilda Muruntov oltin konining ishga tushirilishi munosabati bilan barpo etilgan. Uchquduqda oltin, oltingugurt, Marmar ishlab chiqaruvchi kon sanoati korxonalari, jumladan, Navoiy konchilik kombinatiga qarashli shimoliy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi tasarrufidagi “Shimol” korxonasi, Ko’kpatos geologiya razvedka ekspedisiyasi, 31 Qizilqumgeologiyarazvedka partiyasi, O’zbekiston—Rossiya “Promelektro” qo’shma korxonasi, qurilish, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari va shoxobchalari, avtokorxona, 6 umumiy ta’lim maktabi, bolalar musiqa va san’at maktablari, gimnaziya, konchilik kasbhunar kolleji ishlab turibdi. Madaniyat uyi, 3 kutubxona, klub muassasalari mavjud. Stadion, sog’lomlashtirish punkti, suzish havzasi va boshqa sport inshootlari aholiga xizmat qiladi. Markaziy kasalxona, tibbiy sanitariya qismi, silga qarshi dispanser, poliklinika, ayollar va bolalar konsultasiyasi, dorixona, ambulatoriya, 4 kasalxona, 2 vrachlik punkti, davlat sanitariya epidemiologiya nazorat Markazi va boshqa tibbiy muassasalar faoliyat ko’rsatadi. Shahar hududidan Navoiy— Uchquduq— Nukus yo’nalishidagi katta avtotrassa o’tadi. Uchquduq — Miskin yangi temir yo’l tarmog’i mavjud.