Uchquloch
Uchquloch — Jizzax viloyati Forish tumanipagi shaharcha (1983 yildan). Shimoli sharqdan Aydarko’l sohillariga yondosh. Tuman markazi (Forish)dan 12 kilometr shimolda. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Jizzax (64 kilometr). Aholisi 4,7 ming kishi (2004). Shaharchaning tarixiy nomi “Xonbandi” 10-asrda Qoraxoniylar tomonidan qurilgan katta suv inshooti — to’g’ondan olingan (hozirgacha saqlangan). To’g’on tarashlangan granit va chidamli maxsus qorishmadan bunyod etilgan. Uning yonida suv ombori bo’lgan. Vaqt o’tib soylardan oqib kelgan cho’kindilar, loyqa suv omborini to’ldirib, to’g’onni yaroqsiz ahvolga keltirgan. Shundan so’ng odamlar bu yerdan ko’chib ketgach, yashnagan voha dasht, cho’lga aylangan. 1930-yillarda Pistali tog’ tizmasida qo’rg’oshin, rux konlari topilishi munosabati bilan Uchquloch yaylovida 1960— 70 yillarda Uchquloch konchilar posyolkasi barpo etilgan. Xonbandi to’g’onidan 1,5 kilometr Janubda shaharcha qurildi. Unga Uchquloch nomi berildi. Konchilar posyolkasi ham Uchqulochga ham qo’shildi. Uchqulochda, asosan, kon sanoati rivojlangan. Olmaliq konmetallurgiya ktining ruda koni, G’allaorol geologiyarazvedka ekspeditsiyasining guruhi, “Devon” korxonasi (marmar qazib olinadi), “forteks” xususiy korxonasi (junni qayta ishlaydi), 2 umumiy ta’lim maktabi, kasalxona, poliklinika, tug’ruqxona, savdo, aloqa va kommunal xizmat ko’rsatish korxonalari va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Shaharchaga Olmaliq — Uchquloch, Jizzax — Uchquloch, Yangiqishloq — Uchquloch yo’nalishlari bo’yicha avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.