Usul

Usul — 1) Sharq musiqa nazariyasida musiqiy ritm asoslarining umumiy tushunchasi. Qadimgi mumtoz musiqada aruz vaznlari bilan musiqiy vaznlarning umumiyligini ifoda etgan. She’rning uzunqisqa bo’g’inlar almashinuvi ularda “t” va “n” unsiz harflar yordamida belgilangan: ochiq “ta”, “na” bo’g’inlari qisqa, yopiq “tan”, “Nan” bo’g’inlar orqali — uzun zarb (naqr)lar o’z ifodasini topgan. 2) doira va nog’oralarda ijro etiladigan zarb tuzilmalari. Forobiy, Safiuddin alUrmaviy, ash-Sheroziy va boshqalarning musiqa risolalarida juda ko’p qadimgi usullar keltirilib, ular davri avsat, davri turkiy, davri ravon, davri asl, davri kabir, davri Saqil, duyak, Chorzarb, Miatayn, Ufar, zarbul fath, muxammas, hafif singari nomlar bilan atalgan. Bu usullarning ko’pi bizgacha ustoz san’atkorlar ijodi orqali etib kelgan. O’zbek an’anaviy musiqasida “katta o’yin”, “Shodiyona” kabi Usul turkumlari mavjud.