Usuli savtiya

Usuli savtiya (Arabcha — tovush usuli), tovush usuli — xat-savod o’rgatish usullaridan. Bu usulda so’zning eng kichik bo’lagi, ya’ni nutq tovushlarini izchil idrok etish (analitik tovush usuli) va nutq tovushlarini yozuv belgilari (harflar) orqali tiklash asos qilib olinadi. Ko’p tillarda, jumladan, o’zbek tilida savod o’rgatish analitiksintetik tovush usuliga, ya’ni analitik va sintetik tovush usullarini uzviy bog’lab olib borish tamoyiliga asoslanadi. Analitik tovush usulini dastlab frantsuz pedagogi J.Jakoto (19-asrning 30-yillarida), sintetik tovush usulini nemis pedagogi G. Stefani (19-asr boshlarida) qo’llagan. Analitiksintetik tovush usulining eng maqbul variantini Rossiyada K.D. Ushinskiy, G’arbiy Yevropada F. Disterveg, K. Fogel va boshqalar yaratgan. Tovush usuli O’rta Osiyodagi mahalliy maktablarda, jumladan, o’zbek maktablarida 19-asrning oxiri — 20-asr boshlarida paydo bo’lgan. Uning tarqalishida o’lkadagi rustuzem maktablari va tatar muallimlari ochgan maktablar asosiy manba bo’lgan. Shu maktablar ta’sirida ilg’or mahalliy ziyolilar, jadidlar maktabxonalardagi ta’lim usuli (usuli hijoya)da savod urgatish qiyinligini anglab, o’zlari ochgan maktablarida Usuli savtiyada dars bera boshladilar. 1902 yil S. Saidazizov sintetik tovush usulida “Ustodi avval” O’zbekcha dareligini tuzgan. Bu darslik uzoq yillar yangi usuldagi bir nechta maktablarda asosiy Alifbe kitobi sifatida o’qitilib kelingan. Musulmon o’qituvchilarning Toshkentda bo’lib o’tgan 1-qurultoyi (1918 yil avgust) barcha o’zbek maktablarida tovush usulida dare berish haqida qaror qabul qildi. Davr o’tishi bilan bu usul pedagogika va psixologiya ma’lumotlari asosida takomillashib borgan. Yo’ldosh Abdullayev.