Uchko’prik

Uchko’prik — Farg’ona viloyati Uchko’prik tumanidagi qishloq. Tuman markazi, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Quqon (8 kilometr). Aholisi 6 ming kishidan ziyod (2004). Xo’jaliklari katta Farg’ona kanalidan suv oladi. Asfaltbeton, paxta tozalash, meva sabzavot konserva zavodlari, qurilish tashkilotlari, MTP, non kombinati, avtokorxona, qo’shma korxonalar, kichik va xususiy firma va korxonalar faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim maktablari, litsey, bolalar musiqa va sport maktablari bor. Madaniyat saroyi va boshqa madaniyat muassasalari, Markaziy kutubxona va uning shoxobchalari ishlab turibdi. Stadion, sport zallari, bir qancha sport va futbol maydonlari mavjud. Markaziy kasalxona, tug’ruqxona, tez tibbiy yordam stansiyasi faoliyat ko’rsatadi. Uchko’prikdan Qo’qon va Farg’ona shaharlariga avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.